«9 mayni siyosiylashtirmaylik» — «Yuksalish» harakati
«Yuksalish» umummilliy harakati O‘zbekistonda 9 may sanasini siyosiylashtirmaslikni so‘ragan.
O‘zbekistonda 9 may — Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanadi. Har yili may oyi boshlarida turli rasmiy va norasmiy doiralarda ushbu kunni siyosiylashtirishga bo‘lgan harakatlar kuzatiladi», deyiladi xabarda.
Harakatning fikricha, O‘zbekiston uchun 9 may qanday chuqur qadriyatlarni aks ettirishini xalqaro hamjamiyat tushunishi kerak. Birinchidan, ushbu kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli va qonli Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yarim milliondan ziyod o‘zbekistonliklarning ruhi xotirlanadi.
Ikkinchidan, 9 may — urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq vatandoshimizning jasoratini, front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilgan xalqimizning bag‘rikengligini anglash va qadrlash kuni.
Uchinchidan, bu kunda Jahon urushidan oldin va keyingi tarixda Vatan tinchligi va ravnaqi uchun jonini fido qilgan barcha ajdodlar xotirlanadi. Hayot bo‘lganlariga esa hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi, qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
«Bir so‘z bilan aytganda, 9 may — fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kunigina emas, balki xalqimiz urush va tinchlikda ko‘rgan katta fojialardan xulosa chiqarish, bugungi tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida jamiyatimiz ongu shuuridan joy olgan qadriyatdir. Shuning uchun 9 may sanasini ortiqcha siyosiylashtirmaslik, andozalashtirishga berilmaslik, vazmin va jamiyatimiz qadriyatlariga tayangan holda nishonlash — eng to‘g‘ri va ma’qul yo‘ldir», deyilgan bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter