Ahmad ash-Shar’aga qarshi suiqasd uyushtirildi – OAV

So‘nggi yetti oy mobaynida Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’aga qarshi uchta suiqasdning oldi olindi. Bu haqda Yaqin Sharq matbuoti Isroilning “Yedioth Ahronoth” gazetasi materialiga tayanib xabar berdi.
Birinchi suiqasd mart oyida Damashq shahridagi Qasr al-Shaab saroyi yaqinida uyushtirilgan. Turkiya xavfsizlik kuchlarining tezkor harakati bilan gumonlanuvchi yo‘q qilingan.
Ikkinchi suiqasd Ahmad ash-Shar’aning Suriyaning Iordaniya bilan chegaradosh Dar’a shahriga tashrifi arafasida hozirlangan. Suriya va Turkiya xavfsizlik kuchlarining hamkorlikda harakati bilan ushbu urinish ham bartaraf etilgan.
Uchinchi va eng jiddiy suiqasd Damashq shahrida ash-Shar’aning doimiy harakat yo‘nalishida tayyorlangan bo‘lib, maxsus xizmatlar bu rejani ham yo‘qqa chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
Isroil va arab manbalariga ko‘ra, Ahmad ash-Shar’a jamiyatda xavotir va sarosima uyg‘otmaslik uchun o‘ziga qarshi suiqasdlar haqida ma’lumotlarni oshkor etmaslikni tayinlagan.
Ma’lumot o‘rnida: “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi 2024 yil 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan keyin guruh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a Suriyaning amaldagi rahbariga aylandi.
Avval xabar berganimizdek, Isroil davlatining diaspora masalalari bo‘yicha vaziri Amixay Chikli Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’ani “terrorchi” deb atagan va uni o‘ldirishga chaqirgan edi.
Turkiya matbuoti tarqatgan so‘nggi xabarlarga qaraganda, Suriya rahbariyati Anqara hukumatiga o‘z mudofaa qobiliyatini oshirish va terror tashkilotlariga qarshi kurash borasida rasman ko‘mak so‘rab murojaat qilgan.
So‘rovga binoan Turkiya Suriyaning mudofaa qobiliyatini oshirish maqsadida tahsil, tajriba va texnik ko‘mak ko‘rsatishda davom etishi ma’lum qilingan.
“Turkiyaning bosh maqsadi Suriyaning siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini dastaklash, shuningdek, mintaqada mustahkam tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarga boshchilik qilishdir”, – deyiladi Turkiya mudofaa vazirligi bayonotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter