Alisher Navoiy: «Xonandalar... badfe’l, qaysar va dag‘al so‘zli...»
Taxallusi Navoiy bo‘lgan mutaffakir shoir nahotki navoni yoqtirmagan deb o‘ylashingiz mumkin. Chunki, u «Hayratul-abror» dostonida navo haqida emas, navoni ijro qiluvchilarning fe’l-atvorini tanqid qilib o‘tgan. Biroq bu Navoiy navoni yoqtirmagan, degani emas.
Ko‘pchilik, Alisher Navoiy bolaligida xushovoz bulbulning sehrli navosiga oshufta bo‘lib, o‘ziga Navoiy taxallusini tanlagan degan rivoyatni eshitgan. Balki bu to‘g‘ridir, ehtimol... Xullas, bu boshqa mavzu...
Ma’lumki, Temuriylar saltanatida ijodu ilm, ma’rifatga e’tibor berilishi natijasida Xoja Abdulqodir Marog‘iy (1353–1435) degan «sohibi advor», «saromadi advor» nomli musiqiy unvonlarga sazovor go‘yanda va sozanda bo‘lgan. U o‘z davrining musiqashunosi ham bo‘lib, «Zubdat ud-advor», «Maqasid ul-ilhon», «Jome’ ul-alhon» va boshqa nomli musiqaga oid risolalar ham bitgan. Marog‘iyning izdoshlari sifatida Navoiy davriga kelib Xurosonda Muhammad Binoiy, Zaynulobiddin Husayniy kabi mualliflar musiqaga oid asarlar yozib, uni Alisherbekka bag‘ishlaganlar. Shuningdek, shoirning ustozi va maslakdoshi Abdurahmon Jomiy «Risolai musiqiy» asarini Alisherbek sharafiga bitgan edi.
Bundan tashqari, do‘sti Husayn Boyqaro va Navoiy yoshlik paytlarida musiqadan ham ta’lim olishgan. Hattoki, «Boburnoma»da muallif «Alisherbek yana musiqiyda yaxshi nimalar bog‘labtur. Yaxshi naqshlari (qo‘shiq – U.B.) va yaxshi peshravlari (cholg‘u yo‘li) bordir», deb yozgan edi. Demak, Navoiy kuy va qo‘shiqlar ijro qiluvchi bastakor ham bo‘lgan. Bu borada asli andijonlik bo‘lib, Hirotga kelib qolgan sozanda Xoja Yusuf Burhon Navoiyga ustozlik qilganini aytib o‘tish joiz.
«Majolisun-nafois»da bu to‘g‘rida Navoiyning o‘zi «musiqiy ilmni ham yaxshi bilur erdi va faqir musiqiy fanida aning shogirdimen. Ko‘proq o‘z she’riga musiqiy bog‘lar erdi», deb yozgan. Shu tariqa musiqaga ixlos qo‘ygan Navoiy ustod Qulmuhammad Udiy kabi xalq orasidan chiqqan iqtidorlilarni mavlono Alishohga o‘xshash ustoz bastakorlarga topshirib, tarbiya qildirish, yosh hofiz va mashshoqlarning musiqa ilmini puxta o‘zlashtirishlariga yordam beradigan risolalar yozishni Mir Murtozga, shuningdek, Jomiyning «Advor», «Risolai musiqiysi», Mavlono Alishohning «Aslulusul» singari asarlarining yaratilishiga ham sababchi bo‘ldi.
Alisherbekning o‘zi esa musiqa ilmini Xoja Yusuf Burhon degan shoir va musiqashunos hofizdan o‘rgangan edi.
Bundan tashqari, Navoiy va Boyqaro davlat rahbarlari darajasiga yetishgach, saroyda musiqa bazmlari tashkil qilibgina qolmay, temuriy shahzodalarning musiqa borasidagi bilimlarini yuksaltirishga ham e’tibor qaratishgan. Ularning davrida sozandalardan mavlono Solimiy, Xoja Kamoliddin Udiy, Ali Karmol, ustod Hasan Noyilar, xonandalardan hofiz Sharbatiy, hofiz Sharbatiy, hofiz Muhammad Sultonshoh, hofiz Jamoliddin Mahmud, hofiz Mir, hofiz Hasan Ali, hofiz Hoji, hofiz Sulton Mahmud Ayshiy, Muhammad xonanda, Siyoqcha xonanda, hofiz Obahiy, hofiz Chirog‘iylar soz va so‘z mashvaratlarida ishtirok etardilar.
Sadriddin Ayniy 1948 yilda nashr etilgan «Alisher Navoiy» monografiyasida o‘sha davr musiqachi va xonandalaridan Basir hofiz, Mirvafo hofiz, Hasanali hofiz, Jomiy hofiz, Sulton hofiz, ustoz Qulmuhammad, ustoz Hoji Kahitiy noiy, ustoz Ali Tanburiylarning ham nomlarini sanab o‘tgan edi. Shu kabi Navoiyning tog‘avachchasi Mirhaydar Xoja Abdullo Marvorid, Zayniddin Mahmud Vosifiylar ham, Ayniy domla aytganidek, musiqa havasmandlari bo‘lishgan.
Shahzodalarning faqatgina soz jarangini eshitibgina qolmay, musiqa ilmidan boxabar bo‘lishlari uchun ham e’tibor qaratilganki, bu borada Navoiy hazratlari «Xamsat ul-mutahayyirin» risolasida shahzodalarga musiqiy saboq berish uchun Hirotning to‘rtta mashhur musiqashunosiga to‘rtta risola yozish buyurilganini ta’kidlab o‘tadi. Hazratning asarlarida esa bevosita rud, rubob, qo‘biz, g‘ijjak, barbat, ud, ayolg‘u kabi so‘zlar ishlatilganini ko‘rish mumkin bo‘lib, bular Navoiy zamonida ishlatilgan musiqiy asboblardir. Ayniqsa, ayolg‘u to‘ylarda yor-yor o‘rnida ishlatilgan.
Bu borada «Saddi Iskandariy» asarida shunday jumlalar bor:
Navoiy, chu sarmanziling Chingadur,
Suruding dog‘i sur aro chingadur.
Ayolg‘ung necha yor-yor o‘lg‘usi,
Mening yig‘larim zor-zor o‘lg‘usi.
Yoki «Hayrat ul- abror»da:
Turk surudi bila solib qo‘lim,
Qilsam ado «Hey tuligim, hey tulim»,
Ul qila olmasa hamovozlik,
Qilsa ayolg‘u bila damsozlik.
Navoiy o‘ziga tutingan o‘g‘il sifatida asrab uyidan boshpana bergan Shohquli ham g‘ijjakchi bo‘lgani ma’lum. Shuningdek, Hofiz Qozoq, Ustod Sayid Ahmad, Ustod Husayn, Ustod Shayxiy Noiy singari sozandalar ham Alisherbek xizmatida bo‘lib, nafaqat Boyqaro saroyidagi, balki Navoiy hazratlarining uylaridagi bazmlardayam musiqa oqshomi tashkil qilardilar.
Xondamir «Xulosat-ul axbor» asarida yozganidek, «Oliyhazrat amir Alisher musiqa ilmida ham shu qadar mahorat hosil qilgan edilarki, agar muallimi soniy Abu Nasr Forobiy hayot bo‘lganlarida unga shogirdlik sirg‘asini qulog‘iga taqib olardi. Qonunu udda zo‘r ta’lim olgan. Binobarin, sozanda ahlining ko‘pchiligi hamisha oliyhazratning mulozamatida bo‘ladilar». Xullas, Navoiy musiqa ilmidan xabardor, e’tiborli shaxs bo‘lgan. Xo‘sh, unda navokashlarni tanqid qilgani-chi?
Tabiiyki, bu ham xonandayu, sozandalarning fe’lini yaxshi bilganidan, mudom ularga diqqat qaratib yurganidan bo‘lgan.
Mana, e’tibor bering-a: «Ammo xonanda va sozandalarning sayoqlari, garchi g‘amni tarqatuvchi, shodlik taratuvchi bo‘lsalar ham, lekin haqiqatda pastkash va tilanchilardir. Bunday ashulachi va cholg‘uvchilar zorlanib va yalinchoqlik bilan pul topadilar. Agar buyuruvchidan in’om-ehson bo‘lsa, uning xizmatini bajaradilar. Suhbatda noz-ne’mat to‘kin bo‘lsa, ular har qanday amr-farmonni bajarishga tayyordirlar. Agar bazmda maishat kam bo‘lsa, ular noz-istig‘no va injiqlik bilan qiliq ko‘rsatadilar. Va agar noz-ne’mat degan narsa tamom yo‘q bo‘lsa, ularning ko‘ngli sendan uzildi hisob. Ular agarchi yil bo‘yi sening ehsoningdan bahramand bo‘lgan esalar-da, yoningdan tanimay o‘tib ketaveradilar. Oz olsalar – yerga uradilar; ko‘p olsalar – qadrlamaydilar.
Ularning ko‘pchiligi axloqsiz; badfe’l; qolganlari ham o‘lguday qaysar va dag‘al so‘zli bo‘ladilar. Harakatlari haddan tashqari tuturiqsiz so‘zlaridek, gaplari esa bemahal qilgan nozlaridek, ular vafo degan fazilatdan benasib qolganlar, shuning uchun vafodorlar ular oldida qadrsiz va xarob. Vafosiz mug‘anniy – hayosiz muttaham. Agar yillar bo‘yi izzat-hurmat qilib, unga yedirib-ichirgan bo‘lsang ham bir gal uni quruq qo‘ysang, sendan kechadi, tanimaydi-qo‘yadi. Bular erkak suvratidagi tannozlar va bashang kiyim kiygan uybuzar axloqsizlardir. Ular qo‘shiq aytib va soz chalib, ba’zilarni talovchi, yo‘lto‘sarlardir. Hech kimga bu fitna duch kelmagay, chunki ovozidan najot qushi uchib ketadi, qush qo‘nmoqchi bo‘lsa, doim dovul uradi, bu bilan o‘sha qushni uzoq muddatga hurkitib yuborish mumkin...»
Xullas, Navoiy ba’zi navokashlarning fe’l-atvorini kuzatib yurganidan shunday xulosaga kelishga majbur bo‘lgan.
Umid Bekmuhammad, tadqiqotchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter