Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alixonto‘ra Sog‘uniy hayotiga bag‘ishlangan filmning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Alixonto‘ra Sog‘uniy hayotiga bag‘ishlangan filmning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida yaqinda o‘tkazilgan Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalida sovrinli o‘ringa loyiq ko‘rilgan “Turkiston qayg‘usi” filmining taqdimoti o‘tkazildi.

Film buyuk alloma Alixonto‘ra Sog‘uniyning sharafli hayot yo‘liga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu taqdimot tadbiriga media sohasi vakillari, olimlar, ijodkorlar taklif etildi.

Tadbirda millat taqdiri, uning hurligi va ozodligiga umrini bag‘ishlagan fidoyi bobolarimiz nomi tarixda mangu qolishi, ularning ezgu ishlari, tabarruk g‘oyalari xalqimiz qalbida mudom barhayot yashab qolajagi alohida e’tirof etildi.

Taqdimot tadbirida mohir ijodkor, muallif, taniqli telejurnalist Ro‘ziboy Qo‘ldoshev hamda film rejissyori Sharofiddin Tojiboyev ushbu tarixiy mavzudagi hujjatli kartinani yaratishda ulkan mas’uliyat bilan yondashganlari alohida e’tirof etildi.

Darhaqiqat, har bir xalqning dunyo ahliga faxrlanib ko‘rsatishga arzigulik farzandlari bo‘ladi. Bu borada turk dunyosi haqli ravishda o‘zini baxtiyor sanasa arziydi. Turkiy dunyoda yetishib chiqqan hamda turli xalqlar hurmatini qozongan allomalarimizning ibratli faoliyati fikrimizning yorqin dalili.

Ana shunday zotlardan biri XX asrning yetuk shaxslari qatoridan o‘rin olgan ma’rifatparvar bobomiz, qomusiy bilimlar sohibi, davlat va jamoat arbobi, o‘zbek marshali Alixonto‘ra Sog‘uniydir.

Alixonto‘ra Shokirxonto‘ra o‘g‘li Sog‘uniy 1885 yilda Turkistonning qadimiy go‘shalaridan biri - Bolasog‘unda tug‘ilgan edi. (Hozir bu hudud Qirg‘izistonda joylashgan To‘qmoq shahri.) Asli ota-bobolari andijonlik bo‘lgan bu oilaning farzandlari ilm-ma’rifat bilan shug‘ullangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Alixonto‘ra Sog‘uniy mustamlakachi ma’muriyatning yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqani uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ldi. 1916 yilgi qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirilgach, siyosiy muhojir bo‘lib Qashqar (Xitoy)ga ketdi, keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga bordi.

Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilgani sababli 1937 yili Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 1941 yil adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘ldi va unga qo‘mondon etib tayinlandi. 1946 yil iyunda sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan G‘uljadan olib chiqib ketilgan. Alixonto‘ra umrining oxirigacha Toshkentda, uy qamog‘ida yashadi. Har qadami nazorat ostida bo‘lishiga qaramay, yarim kechalari, uxlamasdan asarlar yozdi. Natijada bugun ham noyob asar bo‘lib qolgan «Turkiston qayg‘usi», «Tarixi Muhammadiy» asarlari dunyoga keldi.

Bundan tashqari, ulug‘ alloma Ahmad Donishning «Navodir-ul vaqoe», Darvish Ali Changiyning «Musiqa risolasi», shuningdek «Temur tuzuklari» kabi asarlarni tarjima qildi. Alixonto‘raning «Devoni Sog‘uniy» she’riy to‘plami, «Tarixi Muhammadiy», «Shifo ul-ilal» («Xastaliklar davosi») va boshqa asarlari kitobxonlar orasida mashhur. Alixonto‘ra tarixiy me’morlik obidalari va qadimiy qo‘lyozmalarni saqlab qolishda jonkuyarlik qilgan. Umrining katta qismini Sharqiy Turkistonda milliy-ozodlik harakatini boshqarish ishiga sarfladi, Turkiston qayg‘usi va millat dardi bilan yashadi.

Alixonto‘ra Sog‘uniyning Turkiston qayg‘usi yo‘lidagi faoliyatiga filmda alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, Alixonto‘ra Sog‘uniy turk dunyosida yagona marshal harbiy unvoniga sazovor bo‘lgan zot.

Hujjatli film allomaning shu jihatlarini olimlar, uning farzandlarining hayotiy hikoyalari vositasida ochib bergani bilan diqqatga sazovor. 148 ta hujjatli film taqdim etilgan festivalda “Turkiston qayg‘usi” filmi muallifi Ro‘ziboy Qo‘ldoshev «Turk dunyosi maxsus mukofoti»ga sazovor bo‘lgandi.

Aytish kerakki, bu yil bo‘lib o‘tgan "Turk dunyosi hujjatli filmlar" festivalida g‘olib bo‘lgan kinokartinalar taqdimoti har bir Turkiy davlatda bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Makedoniya va Qozog‘iston Respublikalarida o‘tkazildi. Endilikda esa festivalning "Turk dunyosi maxsus mukofoti" bilan taqdirlangan "Turkiston qayg‘usi" hujjatli filmining taqdimoti endi Toshkentda ham o‘tkazildi.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan taqdimot tadbirida film ijodkorlariga Turk dunyosi Jurnalistlar federatsiyasi raisi Menderes Demir tomonidan “Turk dunyosi maxsus mukofoti” topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring