Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amir tomonidan fojiali tarzda qatl qilingan buxorolik shoir

Amir tomonidan fojiali tarzda qatl qilingan buxorolik shoir

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Buxoro jadidchilik harakatlariga malum darajada xayrixohlik bildirgan, hamkorlik qilib, ularning g‘oyalarini, ayniqsa vatanparvarlik, marifatparvarlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan shoir, yozuvchi va boshqa qalamkashlar ikki yuzga yaqin bo‘lgan. Mazkur davrda Buxoro amirligida Mirzo Sodiq Munshiy, Mirzo Ato, Muhammad Nishotiy, Mujrim Obid, So‘fixo‘ja So‘fiy, Bebok, Vozeh, Savdo, Muztarib, Iso Maxdum Buxoriy, Muhammad Siddiq Hayrat, Abdurahmon Tamkin, Sahbo, Ya’qub ibn Doniyol Buxoriy, Mulla Ibodulla va Mulla Muhammad Sharif, Muhammad Olim Buxoriy, Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniy kabi shoir va tarixchilar ijod qilishgan.

Zamonning ijtimoiy illatlarini, amiru amaldorlarning adolatsizliklarini o‘z ijodlarida keskin tanqid qilgan Qori Rahmatulloh Vozeh, Shamsiddin Shohin, Ahmad Donish, Abduqodirxoja Savdolar orasida millatimiz oydinlaridan Mirzo Hayit Sahbo ham bor edi.

Toshkent davlat Pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, shoirning ismi sharifi Mirzo Hayit, «Sahbo» esa taxallusidir.

«Sahbo» qizil may ma’nosini bildiradi. Mirzo Hayit Sahbo Buxoroning Vobkent tumanida tavallud topib, Buxoroga o‘qishga keladi. Afzal Pirmastiy Sahboga quyidagicha ta’rif beradi: «U shunday mard kishiki, nihoyatda donishmand, o‘ta xushmuomala, himmati oliy, marhamati baland, parhezkor, nihoyatda tetik, aqlli, she’rshunoslik va baytshunoslikda tengi yo‘q, tabiati nozik, zehni o‘tkir, she’rlari g‘oyat go‘zal, so‘zlari fasohatli... devoni mukammal... asarlari ommaga maqbul va manzur... She’rining ta’biri va tahriri benihoya nozik, rang-barang, turkiy va tojikcha g‘azallari mazmunan nihoyatda xo‘b, qofiyalari benihoya marg‘ub...» Sahbo madrasa xatmidan oldinroq Abdulahad Karmana hokimi bo‘lgan davridayoq uning darboriga ishga olib, turli kichik mansablar tortiq qilinadi. Ehtimol, valiahd shahzoda va Sahboni she’rga, adabiyotga mehr yaqinlashtirgandir. Har holda ularning o‘zaro munosabatlari juda yaxshi bo‘lgan. Abdulahad Sahboning mard va tantiligini, salohiyatini qadrlagan»,-deydi Shavkat Bobojonov.

Tarixga ko‘ra, Sahbo Buxoro adabiy muhiti muhitining rahnamolaridan biri bo‘lgan Latifjon Maxdum xonadonidagi shoir va fozil kishilar suhbatlarida ishtirok etib turgan. U muvashshax shaklidagi 40 ta she’rining 8 tasini o‘zbek tilida yozgan. Muvashshah arabcha “vashshah» - «kamar», «belbog‘ich» so‘zidan olingan bo‘lib, «bo‘yni bog‘langan» ma’noni anglatar ekan. Ma’lumki, muvashshah she’rning har biri misra, bayt yoxud bandining boshlanish harflaridan biror narsa yoki shaxsning nomi kelib chiqadi. Muvashshahlar qit’a, ruboiy, muammo, g‘azal, musammat, kabi turli janrlar shakllarida yaratilgan. Shoir 3 ta muvashshahdan tashqari, 37 ta muvashshohga o‘z taxallusini yozib qoldirgan. Shoirning 35 ta muvashshahi g‘azal shaklida, 5 tasi esa Muhammad shaklida yozilgan. Mirzo Hayit Sahbo o‘zining muvashshahini 5 kishi nomi bilan tuzgan. Birinchisi, Abdulqodir (Abdulqodir maxdum madrasasi muallimi), ikkinchisi, Kulijon (Mirzo Mustafoquli, Mullo Bo‘riboyning o‘g‘li), uchinchisi, Ochildi (Mullo ochildi, mulla Bayyo o‘g‘li), to‘rtinchisi, Ochildi (Qabadiyonning teriga ishlov beruvchi ustasi) va beshinchisi Mansur (Qabadiyon qozisi). Ularning har biri Buxoroda ham, Qabodiyonda ham katta obro‘ga ega bo‘lishgan.

Shavkat Bobojonovning ta’kidlashicha, Abdulahadxon Buxoroga amir bo‘lgandan so‘ng ham uni o‘z darborida eshik og‘asi, mirzolik, munshilik mansabi va to‘qsabolik unvonlarini bergan. Lekin, Sahbo amir darboridan hech qanday maosh olmay, qashshoqlikda yashagan. Boshqa amaldorlardek xalq hisobidan boylik to‘plash, xalqni talash kabilardan ancha uzoq turgan.

«1908 yilning 23 oktyabrida Abduvohid Munzim Buxoroda Sadriddin Ayniy bilan Sallohxona guzarida joylashgan hovlisining mehmonxonasida tashkil etgan yangi usul maktabi Ostonaqul qo‘shbegi tomonidan o‘tkaziladigan yig‘ilishlardan birida Burhoniddin rais tomonidan bid’at va haromdir, deya tanqid qilingan. Buxoro bosh mirshabi Mirza Sahbo majlisda qatnasha turib, «ushbu maktab musulmon bolalari uchun lozim va foydalidir. Buni yopmoq, islomga xiyonat va musulmon bolalari haqida jinoyatdir. Men umid qilamankim, bu ishga jasorat qilmasangiz kerak»,- deya raisga qarshi chiqqan. Sahbo hamma vaqt amirning darboridagi amaldorlarni bo‘rilar to‘dasiga o‘xshatadi. Hatto, amirning o‘zi ham mamlakat obodonligiga ahamiyat bermayotganini, aysh-ishratdan bosh ko‘tarolmayotganini, amaldorlar bundan foydalanib, xalqni talayotganlarini, amir sardorlari bo‘lgan chet el (Rossiya) mansabdorlarning malayi ekanligini o‘zining hajviy she’rlarida goh ochiq, gohida yashirin bir suratda bayon qiladi»,-deydi Shavkat Bobojonov.

Mirzo Hayit Sahboning hajviy asarlari va uning ma’rifatli xislatlari, haqgo‘yligi amirga hech yoqmagan. Amir Olimxon davrida Sahboga pastroq mansab berilgan. Darbordan haydalgan va shahar ro‘di (Shaxrud)ning mirobligi mansabiga tayinlangan.

«Chunki miroblar suvlarni puldorlarga sotish bilan kun ko‘rar edilar, ularga hech qanday maosh to‘lanmangan. Lekin, Sahbo qanchalik qashshoqlikda yashasa ham, obfurushlik qilmagan. Dehqonlarga haqiqatdan yuzasidan suvlarni ularning yerlariga navbati bilan barobar taqsimlagan. Xalq undan rozi bo‘lib, uning obro‘si kundan-kunga oshavergan. Bu ahvolni bilmay, amir o‘z o‘chini ololmay, ikki yildan keyin uni bu ishdan ham olib, shahar mirshabligi, ya’ni shahar politsiya mahkamasi boshlig‘i vazifasiga tayinlagan. Mirshablik mansabi miroblikdan ham battar bo‘lgan. Chunki, agar mirob dehqonlardan pora olib, suvni faqat puldorlarga beradigan bo‘lsa, mirshab o‘g‘rilar va kissavurlarning hisobidan o‘z maishatini o‘tkazgan va ular bilan sheriklik qilib, ularni jazolamagan. Sahbo esa bu ishda ham kamoli poklik bilan xizmat qilib, uyidagi tamomi ortiqcha ashyolarini sotib, qashshoqda kun ko‘ra boshlagan. Ammo, o‘g‘ri va kissaburlar bilan hech bir sherikchilik qilmagan, ularni agar xohlasalar nasihat qilib, bu nojo‘ya harom ishlardan qaytarishga undagan. Shaharda o‘g‘ri va kissavurlar, qimorbozlar ancha kamaygan. Amirga peshkash yubormagan. Chunki, peshkash yuborish uchun murdor, nojo‘ya ishlarga qo‘l urishi kerak, degani bo‘lgan. Uning mirshabli davrida shahar va uning atrofidagi qishloq xalqlari osuda hayot kechira boshlashgan. O‘g‘rilik hodisalari tamomila kamaygan»,-deydi suhbatdosh.

Ma’lum bo‘lishicha, shoir shahar ko‘chalarida kechqurunlari fonarlar o‘rnatgan. Shaharning oddiy axolisini navbat bilan o‘z ko‘chalarini qorovullik qilishga undagan.

Amir bu ishdan ham shoirdan o‘z o‘chini ololmasdan keyin uni butun ishlardan bo‘shatib, kichik amaldor vazifasiga tayinlagan. 1915 yilda shahar mirshablar mahkamasi boshlig‘ining buyrug‘iga binoan, unga gazeta o‘qish ta’qiqlangan. Keyinchalik, xonanishinlik (uy qamog‘i)ga olingan. Sahbo xonanishinlik vaqtida amir va uning darborining poraxo‘rligi, haromu-harish ishlarni qilganliklari uchun ularni o‘z hajviy she’rlari bilan tanqid qila boshlagan.

«Shoir yordan muruvvat kutarkan, goh-goh zamonning bevafoligidan, xalq orasidan insof, mehr-shafqat ko‘tarilganidan noliydi. «Sen ulusdan, ey ko‘ngul, mehru muhabbat izlama», deb yozadi, «jabru zulm bilan Sahboning ahvoli fano» bo‘lganligini ma’lum qiladi. Latifjon Maxdum o‘z tazkirasida shoir haqida shunday deb yozadi:

Ochiq aytar erdi haqiqat so‘zin,

Ulug‘ kattaning qilmas erdi yuzin.

Haqiqatni, hatto, shoh oldida ham

Mudom aytar edi, yemay aslo g‘am.

Imperatorlik siyosiy agenti gumashtalari ham Sahbo kabi hur fikrli kishilardan qo‘rqar edilar. Ular 1915 yilda amir va qushbegi mamlakatidagi amir siyosatiga va Rossiyaning Buxoro ishlariga aralashuvini tanqid qilayotgan kishilarni chaqirib ulardan tilxat olish, ularni qattiq nazorat ostiga olishni buyurdilar. Shunday tilxat Sahbodan ham olindi»,-so‘zlaydi suhbatdosh.

Rossiya elchixonasi vakillari, hatto, Sahboni chaqirib, u bilan suhbatlashishgan. U o‘z so‘zida Buxoro xalqining qashshoqligiga, uning noroziligiga birinchi Buxoroda o‘z hukmini o‘tkazayotgan Rossiya va uning gumashtasi bo‘lgan amir sababchi ekanliklarini baralla, qo‘rqmasdan aytgan.

«Ochiqdan-ochiq kesish, so‘yishlar, salgina shubhalik bo‘lgan kishilarga «ur-yiqitlar» boshlandi. Qon bilan mast bo‘lgan amir hukumati ikki-uch haftaning ichida faqat jadidlar va yosh buxoroliklar bilangina emas, balkim Ovrupo tahsilini ko‘rgan, gazeta o‘qiydirgan va shu sababli o‘ziga qarshi va teskari harakatchi bo‘lib ko‘ringan butun kishilar bilan hisoblashdi. Hammasini jazoladi, ular bilan vahshiylarcha ishlar qildi. Mana shu so‘yish va kesishlar vaqtida jadidlar va yosh buxoroliklardan hamma, ularga xayrixoh bo‘lganlardan jam’isi 1500 kishi dunyodan o‘tkazildi. O‘ldirilganlar ichida amirning amaldorlaridan juda ko‘p kishilar bordir. Ulardan, ayniqsa, mashhurliklari orasida Mirza Mustafo, Nasrullobek (17 kishilik oilasi bilan), Mirzo Ahmadbek (o‘g‘li bilan), hoji Zakariyo Azimov, Hoji Dotho, Islomqul To‘qsabo, Qozi Abdusamad, Qozi Saidjonlar qatorida Mirzo Sahbo ham bor edi»,-deydi Shavkat Bobojonov.

1917 yil aprel voqealaridan keyin Sahbo Ark obxonasida amir farmoni bilan qamalgan. Bir necha oydan keyin amir farmoni bilan Qabadiyonga surgun qilingan. Kolesov voqealaridan keyin o‘sha yerda 1918 yilda fojiona qatl etilgan. Sadriddin Ayniy uning «yangilik va haqgo‘ylik qurboni» bo‘lganligini ta’kidlagan. Dastavval, Sahboni Miri Qubodiyon qal’asi devori ostida toshbo‘ron qilib o‘ldirishgan, so‘ngra mahalliy hokim Muhammad Rahimbek buyrug‘i bilan jasadini otning dumiga bog‘lab, echkiga aylantirib, Xo‘jag‘ozyon tog‘i etagiga olib borishgan. Aytishlaricha, amir uni ko‘mishga qo‘ymagan. Yuqori G‘uzorlik keksa Mullo Muxtorning aytishicha, marhum shoirning qonga belanib, ozib ketgan jasadini ba’zi mehribon va xudojo‘y kishilar olib kelib, Qiyot Qubodiyon qabristoniga yashirincha dafn etishgan. Shoirning qabri Qiyotyan qishlog‘idan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan. O‘sha davrdagi dahshatli vaziyatda shoirni dafn etishga hamma ham jur’at eta olmagan.

1920-1924 yillarda Buxoro shahrining Labi hovuz dahasi Istemur mahallasidagi shoir yashagan ko‘cha Sahbo nomi bilan yuritilgan. 1980 yilda Sahboning o‘z qo‘li bilan ko‘chirilgan jami 550 turkiy va forsiy she’rlardan iborat devoni topilgan.

«Sahbo qatl etilgan Qo‘bodiyon hozirgi kunda Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyatiga to‘g‘ri keladi. Xalqimizning g‘ururli farzandiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, uning qabrini tanitib, obodonlashtirishga majburmiz. Chunki ozodlik va ta’lim yo‘lida shahid bo‘lgan yozuvchi, olim, atoqli davlat arbobining qabri ziyoratgohga aylantirish ham qarz, ham farzdir»,-deydi Shavkat Bobojonov.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring