Andijonda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olindi

Hokim o‘rinbosari, statistika va pensiya jamg‘armasi bo‘limlari rahbarlarining qilmishlari fosh etildi.
Andijon viloyatining Xonobod shahar hokimi o‘rinbosari va spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJning muqaddam sudlangan rahbari o‘zaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yer maydonini alohida lot sifatida auksion savdoga qo‘ydirib, 2 mlrd so‘mga yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari, Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, kelgusida bolalar mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yer maydonini auksion savdo orqali olib berish evaziga 600 ming AQSh dollari talab qilishib, oldindan 150 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari, hozirda xususiy bandlik agentligi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan fuqaroning ham aloqadorligi aniqlanib, u ushbu masalada tadbirkorga yordam berish evaziga muqaddam 11 ming AQSh dollari olganligi ma’lum bo‘ldi.
Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Ohangaron tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroning yo‘qolgan mehnat daftarchasini tiklab, uni yoshga doir pensiyaga chiqarib berish evaziga 1500 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Xozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter