Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon davlat universitetida qirg‘iz tili bo‘yicha magistratura ochildi

Andijon davlat universitetida qirg‘iz tili bo‘yicha magistratura ochildi

Foto: Andijon davlat universiteti

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda birinchi marta faqat Andijon davlat universitetida Ona tili va adabiyoti (qirg‘iz tili va adabiyoti) magistratura mutaxassisligi uchun qabul amalga oshiriladi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi. 

Bu O‘zbekiston Prezidentining «2019-2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat parametrlari to‘g‘risida»gi 2019 yil 17 iyun kungi qarorida belgilangan.

Konstitutsiyamizning tegishli normalariga asosan davlatimizda milliy ozchilikni tashkil etuvchi millatlarni boshqa huquqlari bilan bir qatorda ta’lim olish huquqini ta’minlash muhim masalalardan biri. Bugungi kunda respublikamizdagi aholining 2 foizga yaqinini (300 mingga yaqin) qirg‘iz millatiga mansub aholi tashkil etib, ular uchun 42 ta qirg‘iz tilida ta’lim beruvchi umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ushbu maktablarda 7859 ta o‘quvchi tahsil olmoqda (2018-2019 o‘quv yili). Andijon viloyatida esa bunday maktablar soni 25 tani tashkil etadi. Ushbu maktablar uchun zarur bo‘lgan bakalavr kadrlar tayyorlash uchun Ona tili va adabiyoti (qirg‘iz tili va adabiyoti) magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kvotalar ajratilganligi katta qadam bo‘ldi. Endi Farg‘ona vodiysi bo‘yicha qirg‘iz tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlanadi.

Ma’lumot uchun, ushbu o‘quv yilida Andijon davlat universiteti uchun 2019-2020 o‘quv yili uchun bakalavriaturaning 36 ta ta’lim yo‘nalishlari kunduzgi ta’lim shakli uchun 390 ta grant va 1725 ta shartnoma, jami 2115 ta, sirtqi ta’lim shakli uchun 13 ta’lim yo‘nalishiga 875 ta o‘rin, shu bilan birga magistraturaning 20 ta mutaxassisliklari uchun 102 ta o‘rin ajratilgan. Hozirgi kunga qadar Andijon davlat universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 7 mingdan ortdi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring