Duo qilaylik! Anvar qori Tursunov 19 kundan beri koma holatida yotibdi
Toshkent shahar va «Minor» masjidi bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov mikroinsultni boshdan kechirgani haqida xabar bergan edik. Anvar qori operatsiya qilingan edi.
Shoir Muhammad Ismoil o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Anvar qori Tursunov komada ekanini va uning sog‘ligi uchun duo qilishni so‘ragan.
«Mana o‘n to‘qqiz kunki, ulug‘ ustozimiz, zamonamizning allomai kiromi, donishmand inson Anvar qori Tursun o‘zlariga kelolmay, koma holatida yotibdilar. Juma namozida duo qilinglar azizlar! Anvar aka halol, pokiza, to‘g‘riso‘z va hamisha, hammavaqt hammaga yaxshilik qilish payida yashaydigan, kechayu kunduz elimizni, millatimizni duo qilib charchamaydigan, ilmi urfon tarqatishni o‘z hayotining mazmuni deb biladigan, hayotining bosh maqsadi islom ahkomlarini keng yoyish, kishilarni Qur’on va hadis nurlari bilan ziyolantirish, Qur’on asosida yashashni oliy martaba deb bilgan va Yer yuzida bugun istiqomat qilayotgan eng ulkan ulamolardan bittasidir.
Men qariyb o‘ttiz yildan buyon u kishining yonlarida yurib yuqorida aytgan so‘zlarimga ming bor iqror bo‘lganman. Men uchun, Anvar aka do‘stim desam, do‘stimdan a’lo, aka desam, akamdan a’lo, ustoz desam, ustozdan a’lo insondir. Anvar aka musulmon bandasi borki, hamisha hammasiga cheksiz ehtirom ko‘rsatadigan, qalbi mehru muhabbatga to‘liq mehridaryo insondir.
Azizlar, muhtaram ustozimizni duo qilishingizni o‘tinib so‘rab qolaman! Biz yillar davomida Anvar akaning ilmu ziyosiga muhtoj edik, bugun u zot sizning duoingizga muhtoj, zora Sizning duoingiz sabab Olloh taolo shifoi komil ato etsa, ajab emas. Zero, yomg‘ir bilan Yer ko‘karar, duo bilan el ko‘karar! Ollohim, ustozimizga sog‘lik salomatlik ato et, O‘zing buyuksan, O‘zing qudratli Parvardigorsan Ollohim!», deb yozadi shoir.
Ma’lum bo‘lishicha, Anvar qori Tursunov hozirgacha sun’iy komada saqlab kelingan. Tahririyatimiz nomidan u kishining tezroq sog‘ayib ketishini so‘rab qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter