Aqlning besh burilishi: miya hayot davomida qanday o‘zgaradi?
Kembridj universiteti olimlari minglab miya skanerlarini tahlil qilib, inson aqli rivojlanishida juda aniq qonuniyatni aniqlashdi. Tadqiqotga ko‘ra, miya butun umr davomida bir xil ishlamaydi — u muayyan yosh bosqichlarida tubdan qayta «sozlanadi». Olimlarning ta’kidlashicha, signallarni tez uzatish uchun javobgar bo‘lgan oq modda faol rivojlanadi, ammo qaror qabul qilish va his-tuyg‘ularni nazorat qiluvchi peshona qism esa sekin yetiladi. Ya’ni, aqlli qaror qilish qobiliyati yosh o‘tishi bilan asta-sekin shakllanar ekan.
Masalan chaqaloq tug‘ilgandan o‘n yoshga to‘lgunga qadar uning miyasini “qurilish” maydoniga qiyoslash mumkin ekan. Ya’ni hayotning birinchi o‘n yili miya kelajakdagi bilim, his-tuyg‘u va harakatlar uchun poydevor qo‘yadi. Bu — cheklanmagan imkoniyatlar davri: miya haykaltarosh kabi nafaqat yangi aloqalarni yasaydi, balki keraksizlarini ayamasdan “kesib tashlaydi”. Samaradorlik uchun optimal tarmoq quriladi. Taxminan to‘qqiz yoshga kelib, shaxs va intellektning asosiy qiyofasi shakllanib bo‘ladi.
Ya’ni tadqiqot natijalariga ko‘ra, miyadagi asosiy tuzilmaviy o‘zgarishlar quyidagi yosh chegaralarida ro‘y beradi:
Inqilob va sozlash davri (taxminan 9 yoshdan 32 yoshgacha)
To‘qqiz yoshdan boshlab miyada uzoq va shovqinli inqilob boshlanadi. Gormonal va tuzilmaviy qayta qurilish avj oladi — kattalar hayotiga tayyorgarlik ketmoqda. Signallarni tez uzatish uchun mas’ul oq modda faol rivojlanadi, ammo qaror qabul qilish va impulslarni nazorat qiluvchi peshona qismi eng oxirida yetiladi. O‘smirlikdagi xavfga moyillik va hissiyotlar bo‘roni aynan shu bilan izohlanadi.
Bu davr — ikki tomonlama qilich: aynan shu paytda xavotir va depressiya ilk bor bosh ko‘tarishi mumkin, biroq shu bilan birga miya o‘z samaradorligining cho‘qqisiga ham chiqadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu “shakllanish” davri biz o‘ylagandan ancha uzoq davom etib, faqat 32 yoshlarga kelib yakunlanar ekan.
Cho‘qqi va pastga yo‘l olish (32 yoshdan 66 yoshgacha)
32 yosh — miya taraqqiyotining avji. Neyron tarmoqlar puxta sozlangan, intellekt va shaxs to‘liq shakllangan bo‘ladi. Keyingi uch o‘n yillik nisbatan barqaror davr, ammo aloqalar asta-sekin “soddalasha” boshlaydi. Bu tabiiy qarish yoki yillar davomida yig‘ilgan stress bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu — keyingi o‘zgarishlar bosqichi oldidan keladigan uzoq barqaror holat.
Katta qayta yuklanish va donolik (66 yoshdan keyin)
Taxminan 66 yoshda miya yangi, hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘yadi. O‘smirlikda bo‘lgani kabi, u yanada nozik va ta’sirchan bo‘lib qoladi. Neyron tarmoqlar siyraklashadi, bo‘limlar o‘rtasidagi muvofiqlik susayishi mumkin, bu esa kognitiv pasayish xavfini oshiradi.
Lekin bu hikoyaning oxiri emas. Miya hayratlanarli moslashuvchanlikni namoyon qiladi: u yo‘qotishlarni qoplashni o‘rganadi, zaif signallarni kuchaytiradi va aqliy faollikka javoban yangi bog‘lanishlar hosil qiladi. Faol o‘qish, ijtimoiy muloqot va sog‘lom turmush tarzi — aql ravshanligini saqlash uchun eng yaxshi “mashqlar”.
Chuqur va sokin kuz (83 yoshdan keyin)
83 yoshdan keyin miya arxitekturasidagi o‘zgarishlar yanada yaqqol ko‘rina boshlaydi. Ammo zamonaviy fan bu yerda ham umid uchun asos topadi. Neyroplastiklik — kuchsizroq bo‘lsa-da saqlanib qoladi. Miya oxirigacha kurashadi, chunki o‘zgarish va rivojlanish unga butun umrga xos vazifadir.
***
Hayot sekin-asta so‘nib borish emas, balki sifatli sakrashlar zanjiridir. Miyaning bu “yosh chegaralari”ni bilgan holda, biz o‘zimizni va yaqinlarimizni yaxshiroq tushunamiz: o‘smirga sabrli bo‘lamiz, yetuk yoshdagi kuch-quvvatni qadrlaymiz, qarilikda miya sog‘lig‘ini ongli ravishda qo‘llab-quvvatlaymiz. Miya o‘zgaradi — demak, biz ham o‘zgarishda davom etamiz.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter