AQSh 1 sentlik tangalarni zarb qilishni to‘xtatdi
AQSh Moliya vazirligi bir sentlik tangalar (penni)ni ishlab chiqarishni rasman to‘xtatdi.
CNN’ning xabar berishicha, 12-noyabr kuni Filadelfiyadagi zarbxonada so‘nggi penni bosilgan. Hukumat so‘nggi zarb qilingan tangalar auksion orqali sotilishini ma’lum qilgan.
2025 yil fevral oyida AQSh prezidenti Donald Tramp tangalarni zarb qilishni to‘xtatishni buyurgan edi, chunki bu ish iqtisodiy jihatdan manfaatsiz bo‘lib qolgan.
AQSh pul zarbxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda bir sentni ishlab chiqarish va tarqatish xarajati 3,7 sentni tashkil etgan. Oxirgi yillarda tanga zarb qilish xarajatlari ikki barobardan ko‘proq oshgan, bu esa mis narxining ko‘tarilishi bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, pennilar muomaladan chiqarilmaydi. Hozirda AQShda 300 milliardga yaqin penni tangalari aylanishda.
Bir sentlik tangalarning ishlab chiqarilishi 1793-yilda, Filadelfiyadagi zarbxona tashkil etilgan vaqtda boshlangan. Birinchi penni esa shundan olti yil avval — ya’ni 1787-yildayoq zarb qilingan edi.
Penni – bu iqtisodiy jihatdan qimmatroq tanga bo‘lgan yagona holat emas. AQSh zarbxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 5 sentlik tanga ishlab chiqarish va tarqatish ham 14 sentga tushgan.
AQSh tarixida past qiymatli tangalarni zarb qilishni to‘xtatish holatlari avval ham bo‘lgan. Masalan, 1857-yilda Kongress yarim sentlik ommabop bo‘lmagan tangalarni ishlab chiqarishni to‘xtatgan. Shuningdek, bir sentlik tanganing o‘lchamini kichraytirgan, bu esa mis sarfini kamaytirishga qaratilgan chora bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter