AQSh Eronga zarba berishni rejalashtirayotgani oshkor qilindi

Qo‘shma Shtatlar o‘zining Iordaniya va Suriya chegarasi yaqinidagi harbiy bazasiga uchuvchisiz havo hujumi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblaydi, shuning uchun Tehron kuchlari yoki ob’yektlariga qarshi javob hujumlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Politico nashri ma’lum qildi.
Taklif etilayotgan rejalar prezident Jo Baydenning tasdig‘idan o‘tishi kerak, dedi nashrning manbalari. Hujum u roziligini berganidan so‘ng boshlanadi va bir nechta nishonlarga zarbalar beriladi.
Markaziy razvedka boshqarmasi va Pentagon shtabining sobiq rahbari Jeremi Bash Politico nashriga bergan intervyusida avvalgi barcha cheklash choralari Tehronga yetarlicha ta’sir ko‘rsatmaganini, shuning uchun «eskalatsiya muqarrar» ekanini ta’kidlagan.
Nashrning yana bir suhbatdoshi, AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha tinchlik muzokaralarining sobiq ishtirokchisi Aaron Devid Millerning aytishicha, AQShning javobi «haqiqiy mintaqaviy urushni qo‘zg‘atish» xavfini tug‘diradi.
«Ular Eronning Qo‘shma Shtatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga qodir emasligini bilishadi, ammo bu Hizbullohni Isroil yoki Amerika aktivlariga butunlay qarshi qo‘yishi mumkin va bu vaziyat keskinlashishiga olib kelishi mumkin», – deya ogohlantirdi u.
28 yanvar kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi Iordaniya shimoli-sharqida, Suriya bilan chegara yaqinidagi Tower 22 bazasiga noma’lum dron tomonidan hujum qilingani haqida xabar berdi. Oqibatda uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, 25 nafari yaralandi. Keyinchalik jabrlanganlar soni 34 nafarga yetdi.
Baydenning aytishicha, hujum «Suriya va Iroqda faoliyat yuritayotgan, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan radikal jangari guruhlar tomonidan amalga oshirilgan».
Tehron ayblovlarni rad etib, hujumga aloqasi yo‘qligini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter