AQSh Yevropadagi yaqin ittifoqchisi bilan “sen-men”ga bordi

AQShning yuqori martabali mulozimlari Germaniyadagi o‘ta o‘ng qanotga mansub “Germaniya uchun muqobil” partiyasining ekstremistik tuzilma deb tan olinishini qoralab bayonot berdi. Rasmiy Berlin Vashingtonning ayblovini asossiz deb baholamoqda.
Gap shundaki, Germaniyaning Konstitutsiyani muhofaza etish bo‘yicha federal idorasi (BfV) “Germaniya uchun muqobil” (AdG) partiyasi fuqarolarni milliy va jug‘rofiy mansubligiga ko‘ra ajratmoqda, ya’ni ayirmachilik siyosati yuritmoqda degan xulosaga kelgan.
Fevral oyida bo‘lib o‘tgan federal saylovda “Germaniya uchun muqobil” saylovchilarning 20 foiz ovozini hamda 630 o‘rinli parlamentda 152 mandatni qo‘lga kiritgan. Partiya migratsiyaga qarshi keskin pozitsiyasi bilan ajralib turadi. Xatarli jihati, ushbu siyosiy harakat millatchilik ruhidagi qarashlarni ham dastaklaydi. Shunga ko‘ra Germaniyadagi boshqa siyosiy partiyalar “Germaniya uchun muqobil” partiyasini hukumat koalitsiyasiga yaqinlashtirmaslikka urinib kelmoqda.
Partiyaning ekstremistik deb tan olinishi prezident Donald Tramp ma’muriyatiga xush kelmagan. Jumladan, vitse-prezident Jey Di Vens “nemis byurokratlari” sovuq urush ramzi bo‘lgan Berlin devorini qayta tiklashga urinayotgani haqida yozgan. Davlat kotibi Marko Rubio esa Germaniya hukumatini “tiraniya”da ayblagan.
AQSh mulozimlarining iddaolariga ijtimoiy tarmoqlari orqali javob qaytargan Germaniya tashqi ishlar vazirligi “Germaniya uchun muqobil” partiyasi aynan demokratiya talabi asosida ekstremistik tuzilma deb tan olinganini qayd etgan.
“Mamlakatimiz tarixi o‘ng ekstremizmning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini o‘rgatdi”, – deyiladi bayonotda.
Bu o‘rinda rasmiy Berlin 1933 yilda Adolf Hitler boshchiligidagi millatchilarning hokimiyatga kelganiga ishora qilayotganini sezish mumkin.
AQShning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchisi bilan “sen-men”ga borishi ikki o‘rtadagi munosabatlarda darz hosil bo‘layotgani haqidagi farazlarni dastaklaydi.
Avval xabar berganimizdek, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning joriy yil 14 fevral kuni xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida Yevropa yetakchilariga yosh boladek dars o‘tishga uringani ham ularni darg‘azab qilgan edi.
Diplomatik maydondagi dahanaki tortishuv Tramp ma’muriyati Yevropa davlatlariga qarshi boj urushi ochgan davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter