AQSh «tinchlik rejasi»: muzokaralarning yangi raundi Mayamida bo‘lib o‘tadi
Donald Tramp o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashuvini sharhlab chiqdi.
Trampning aytishicha, ularning Putin bilan uchrashuvi «juda yaxshi» o‘tgan.
«Lekin bu uchrashuvdan nima chiqishini ayta olmayman – tangoda raqs tushish uchun ikki kishi kerak», – deydi Tramp.
U, shuningdek Putin urushni tugatmoqchi ekani, «oddiy hayotga qaytish»ni va AQSh bilan savdo qilishni istayotganini qo‘shimcha qilgan.
Tramp Ukraina haqida to‘xtalib, Zelenskiyda oldin ham, hozir ham urushda yutib beradigan «kozir» yo‘qligini, urushning avvali kelishuv uchun ancha qulay payt bo‘lganini aytdi.
«Ular o‘sha paytda rad etishdi. Endi esa ularga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p narsalar bor», – dedi Tramp.
Bu orqali Tramp Ukraina muzokaralarda mustaxkam pozitsiyaga ega emas, degan fikrni qayta takrorladi.
Tramp ma’muriyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 4-dekabr kuni Mayamida muzokaralarning yangi raundi boshlanadi. Unda Uitkoff va Kushner Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov bilan uchrashadi. Umerov Mayamiga rasman taklif qilingan. Bu ma’lumotni Ukraina elchixonasining AQShdagi vakili Olga Stefanishina ham tasdiqlagan.
Bu uchrashuv AQSh–Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi kunlardagi faol diplomatik harakatlar davomidir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter