Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Sultonov AQShning «Air Products» korporatsiyasi bilan bitim imzoladi

Alisher Sultonov AQShning «Air Products» korporatsiyasi bilan bitim imzoladi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov AQShning «Air Products» korporatsiyasi prezidenti janob Seyfi Gasemi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv doirasida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati va «Air Products» korporatsiyasi o‘rtasida «Qo‘shma korxona tashkil etish shartlari bo‘yicha bitim»  va «O‘zaro anglashuv memorandumi» to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, «Air Products» bilan hamkorlik doirasida «metanol v olefinlar» (MTO) texnologiyasi asosida tabiiy gazni mukammal qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish va shu asosda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama etilmoqda.

«Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, rasmiy shaxslar bilan ilk marta bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan kelishuvlar imzolangunga qadar juda qisqa vaqt sarflandi va kompaniyamiz tarixida bunday voqea birinchi marta yuz berib turibdi. Bu, albatta, ishchi guruhlarimizning o‘zaro hamkorlikda faol ishlaganidan dalolat beradi. «Air Rroducts» dunyoning 50 ta mamlakati bilan hamkorlik qiladi, biroq u o‘z tarixida hamkorlik munosabatlarini bu darajada tez va shiddatli rivojlanishiga ilk marta guvoh bo‘lib turibdi», - deya ta’kidladi Seyfi Gasemi.

Amerika korporatsiyasi rahbari Toshkentda bo‘lib turgan «Air Rroducts» delegatsiyasidan kompaniya oliy rahbariyatining deyarli butun tarkibi joy olganligini, bu esa tomonlar o‘rtasida turgan barcha masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynashini ham alohida qayd etib o‘tdi.

Uning  aytishicha, Amerika korporatsiyasi ayni vaqtda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishning beshta yo‘nalishini belgilab olgan. Ulardan birinchisi, uchrashuv doirasida imzolangan kelishuvga muvofiq sanoat gazi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishdir. Bu borada geliy ishlab chiqarish loyihasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurish loyihalari o‘rganilmoqda, shuningdek,  «metanol va olefinlar» texnologiyasi bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rilmoqda. Korporatsiya mazkur loyihani dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirgan.

«Qisqa qilib aytganda, hamkorlik yuzasidan aniq loyihalarimiz bor va ularni ro‘yobga chiqarish uchun hamkorlikda ish olib boramiz. Biz bunga tayyormiz, istiqbol sari harakat qilishga istagimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli», - dedi kompaniya rahbari.

1940 yilda tashkil etilgan «Air Rroducts» korporatsiyasi  gaz ishlab chiqarish va gazni qayta ishlash, neft-gazni qayta ishlovchi, metallurgiya, elektr texnika uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha  dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

«Air Products» kompaniyasining fikricha, O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishning hozirgi bosqichida neft-gaz va neft-kimyo sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga, ayniqsa, uglevodorod xomashyosi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratayotganligi bilan ham xorijlik sarmoyadorlar e’tiborini tortmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring