Arktikada topilgan gigant viruslar foydali bo‘lib chiqdi
Arktika muzliklarida gigant viruslar yashashi ma’lum bo‘ldi. Olimlar ulkan viruslardan xavotirga tushmaslik kerakligi, aksincha, ular insoniyat uchun foydali ekanini uqtirmoqda.
Daniyadagi Orxus universiteti tadqiqotchilari muallifligida «Microbiome» ilmiy jurnalida chop etilgan maqolada shu haqda so‘z boradi.
Olimlarning taxminiga ko‘ra, ulkan viruslar muzliklarni erituvchi qora suv o‘tlarini zararlab, ularning ko‘payish jarayonini sekinlashtiradi. Shu tariqa viruslar muzlik erishi jarayonini to‘xtatishga ko‘maklashadi.
Ayni paytda Arktikadagi dengiz muzliklari shiddat bilan erib borayotgani xalqaro hamjamiyat xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Ahvol shu taxlit davom etsa, 2040 yilga borib qutb mintaqasida muz qoplami qolmasligi ham mumkin. Bu esa global isish jarayonini kuchaytiradi, o‘simlik, hayvonot olami hayotiga xavf tug‘diradi va favqulodda tabiiy ofatlarga olib keladi.
Odatda viruslar bakteriyalarga qaraganda ming baravargacha kichik hajmda bo‘ladi. Gigant viruslar kattaligi esa 2,5 mikrometrgacha yetadi. Genomida 2,5 milliontagacha harf yashiringan gigant viruslar oddiy viruslardan murakkabligi bilan ham farqlanadi.
Daniyalik olimlar gigant viruslarga oid ko‘plab mavhum savollarga javob topish maqsadida ilmiy izlanishlarni davom ettirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter