Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Asirlikdagi muhabbat» yoxud Stokgolm sindromi haqida nima bilamiz?

«Asirlikdagi  muhabbat» yoxud Stokgolm sindromi haqida nima bilamiz?

foto: internet, ochiq manba

Stokgolm sindromi kino ijodkorlar va yozuvchilarning tasavvurini hayajonga soladigan eng qizg‘in psixologik hodisalardan biridir. Asarlardagi romantika haqiqiy jabrdiydalar ustidan shafqatsizlarcha «kuladi»: ularni mensimaydilar, azob-uqubatlari past baholanadi, zo‘ravonlar esa e’tiborga zor, yo‘ldan adashgan baxtsiz qahramonlar sifatida tasvirlanadi.

Sevgi yoki Stokgolm sindromi?

Keyingi paytlarda psixologiyada «Sohibjamol va Maxluq» kabi muhabbat syujetlari tanqid qilinmoqda: u yerda muhabbat emas, zo‘ravonga qaramlik bilan bog‘liq munosabatlar tasvirlanadi. Bunday romantika qizlarda «zo‘ravonni sevsam, u o‘zgaradi» degan xavfli illyuziyani shakllantiradi. Sohibjamol (Bell) otasini qutqarish uchun Maxluqning tutqunida qoladi. Vaqt o‘tib u Maxluqqa nisbatan iliqlik va muhabbat his qila boshlaydi. Oxir-oqibat, muhabbat tufayli Maxluq haqiqiy insonga aylanadi.

Stokgolm sindromi elementlari bormi?

Psixologiyada emotsional manipulyasiya degan termin bor – Sohibjamol Maxluqni sevmasa la’natdan qutula olmaydi. Bell qurbonmi, ha, u o‘z erki bilan ketolmaydi, boshda qattiq qo‘rqadi, keyin zo‘ravonni himoya qiladi, unga mehr ko‘rsatadi. Bu ertakda qamoq va izolyasiya mavjud, ya’ni qiz tutqinda, Maxluq uni majburan ushlab turadi.

Maxluq ideallashtirilganmi, ha zo‘ravon ayni paytda g‘amxo‘r, lekin u boshida qo‘pol, keyin u qizga sovg‘alar beradi, kutubxonasiga taklif qiladi. Oxir-oqibat yaxshi odam sifatida ko‘rsatiladi, zo‘ravonligi «muhabbat» bilan oqlanadi. Mazkur ertak odamlar orasida zo‘ravonlikni «muhabbat ifodasi» sifatida qabul qilishga olib kelishi – bu juda nozik muammo.

Qurbon o‘z zo‘ravonini oqlashni boshlaganda bu sevgi emas, bu psixologik tuzoq. Bu tuzoqni ilmiy tilda Stokgolm sindromi deyiladi. Ba’zida esa bu sindrom qutqaruvchi sindromi bilan aralashib ketadi – ayniqsa ayollar o‘zini «men uni tuzataman» deb ishontirganda.

Sohibjamol «baxtli» bo‘ladi, lekin nimaning hisobiga? Nima uchun bunday syujetlar xavfli? Ayollar, yosh qizlar va hatto bolalar «Sohibjamol va Maxluq» kabi hikoyalar orqali zo‘ravonga mehr ko‘rsatish – yaxshilik qilish deb ishonib qolishlari mumkin. Aslida esa, bu muhabbat emas. Bu – qaysidir bolalikdagi ruhiy jarohatga mos ssenariyni qayta o‘ynash.  

«Qattiq tugunlar»

Evelina Millerning «Qattiq tugunlar» (Tugiye uzi) romanidagi bosh qahramon ayol zo‘ravon qo‘liga tushib qoladi. U qarshilik ko‘rsatadi, qochmoqchi bo‘ladi, lekin asta-sekin o‘z zo‘ravonini tushunishga, unga hamdardlik qilishga, hatto himoyalashga o‘tadi. Elizaning xayolida «zo‘ravonni bolaligida xorlashgan, shuning uchun u alamzada» kabi fikrlar ustun bo‘la boshlaydi. Qahramon «men uni tuzataman, men unga sevishni o‘rgataman» degan ishonch bilan yashaydi. Bu psixologiyada qutqaruvchi sindromi, deb nomlanadi. To‘g‘ri jabrdiyda Elizaning his-tuyg‘ulari haqiqiy, lekin bular o‘zini yo‘qotish, rad etish hisobiga bo‘lgan hislar. Ammo «muhabbatshunoslar» fikriga ko‘ra, sevgi shunchaki tushunish emas, tenglik va erkinlikdir. Va jamiyat bu kabi ssenariylarni romantik qilib ko‘rsatishda davom etarkan, asardagi kabi atrofimizdagi ayollar yana va yana zo‘ravonlikda qolaveradi.

Stokgolm sindromi kasallikmi?

Rossiyalik psixoterapevt Vasiliy Shurov Youtube kanalida bu haqda shunday deydi: «Stokgolm sindromi atamasi bolalikdagi jarohatlar tufayli jabrlanuvchining tajovuzkorga yoki ularning bir-biriga nisbatan hamdardligini tasvirlaydi. Bu ruhiy kasallik yoki patologiya emas – bu psixologik himoya shakli, xavfli vaziyatga hissiy reaksiya. Stokgolm sindromi – asir bo‘lgan odamning o‘z zo‘ravoniga nisbatan ijobiy hissiyotlar paydo qilishi holati. Psixologik bosim, qo‘rquv va umidsizlik ostidagi insonda tirik qolish uchun zo‘ravonni «do‘st» sifatida qabul qilish ehtiyoji paydo bo‘ladi. Bu ko‘pincha odam o‘g‘irlash, oiladagi zo‘ravonlik va jinsiy ekspluatatsiya qurbonlarida uchraydi, lekin ba’zida ekstremal holatlarda ham rivojlanishi mumkin.»

Stokgolm sindromi hodisasi ilk marta…

1973-yilda shved psixiatri Nils Bejerot Stokgolmdagi Kreditbanken bankiga o‘g‘irlikka tushgan jinoyatchilar va garovga olingan to‘rt nafar jabrlanuvchilar ishida qatnashgan.

Jinoyatchilar ularni olti kun ushlab turgan, ammo politsiya qaroqchilarni qo‘lga olishgach garovdagilar ko‘rsatma berishdan bosh tortishgan va hatto advokatga pul yig‘ishgan.

Ushbu voqeadan so‘ng psixologlar va psixiatrlar butun dunyo bo‘ylab odam o‘g‘irlash va ommaviy jinoyatlar qurbonlarida xuddi shunday xatti-harakatlarni qayd eta boshladilar.

Masalan Petti Xerst voqeasi – 1974-yil amerikalik multimillionerning qizini terrorchi guruh o‘g‘irlagan.  Ular uni bir necha kun qiynoqqa solib, zo‘rlagan, biroq keyinroq qiz ularning guruhiga qo‘shilib ketadi, ya’ni terrorchilardan biriga oshiq bo‘lganini da’vo qilgan. U talonchiliklarda qatnashgan, bir yildan so‘ng terroristik tashkilot a’zolari bilan hibsga olingan.

Yana bir voqea – 1985-yilda Shia jangarilari Afinadan Rimga uchayotgan 847-reysning yo‘lovchilari va ekipajini qo‘lga olib, ikki hafta ushlab turishgan. Ozodlikka chiqqan mahkumlarning bir qismi terrorchilarga hamdardlik bildirdi va ularning maqsadlarini haqli deb hisobladi.

1996-yilda Yaponiyaning Peru elchisi qarorgohida 500 kishining garovga olinishida ham shunday holat kuzatilgan –  odamlarning bir qismi qariyb 4 oy asirlikda bo‘lgan, ozodlikka chiqqach, o‘z qaroqchilar haqida hamdardlik bilan gapirgan va ularning haq ekaniga ishonch bildirgan.

Stokgolm sindromi qanday shakllanadi?

Psixologlarning ta’kidlashicha, Stokgolm sindromining rivojlanishi bir necha omillarga bog‘liq. Ya’ni hokimiyatga ega bo‘lgan odamning hayot uchun xavfli tomonlariga chidab yashash. Uzoq vaqt davomida (bir necha kundan bir necha oygacha) tajovuzkor bilan muntazam munosabatda bo‘lish. Ushbu «munosabatlar»dan chiqishning mumkin emasligi (qochib qutulish, tajovuzkor bilan kurashish). Jabrlanuvchining boshqalardan izolyasiya qilinishi, vaqti-vaqti bilan tajovuzkor tomonidan rahm-shafqat va mehribonlik namoyishlari ham jabrlanuvchida zo‘ravonni «tushunish» paydo bo‘lishiga olib keladi. Ba’zida odam o‘g‘irlagan zo‘ravon o‘ldirish bilan tahdid qiladi, lekin qurbonini tirik qoldiradi – jabrlanuvchi yengillik va hatto minnatdorchilikni his qiladi.

Qurbon chidab bo‘lmaydigan dahshat tuyg‘usini kamaytirish uchun o‘zini jinoyatchi bilan tanishtirishga, niyatlarini tushunishga, hatto uni ideallashtirishga, o‘zidan ko‘ra ko‘proq insonparvarroq qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. Natijada, o‘zi mehr-muhabbatni his qila boshlaydi, hatto zo‘rlaganini oqlaydi va himoya qiladi. O‘g‘irlanganlar, asirdagilar haqiqiy do‘zaxdan o‘tadilar, jiddiy ruhiy jarohat oladilar, shuning uchun ularning holatlarida sindrom eng tez rivojlanadi.

Stokgolm sindromi asosan ayollarga ta’sir qiladi, degan stereotip mavjud, ammo bu mutlaqo to‘g‘ri emas. Buning isboti sifatida to‘lov evaziga o‘g‘irlab ketilgan perulik psixiatr 71 yoshli Mariano Kerolning ishi misol bo‘la oladi. U o‘g‘irlaganlar bilan 18 kunini o‘tkazdi va jazo muddati tugaguniga qadar jinoiy guruh rahbarini «mi amigo» deb atadi va o‘g‘irlaganlarga berilgan qattiq jazodan xafa bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, Kerol mutaxassis sifatida Stokgolm sindromidan aziyat chekayotganini juda yaxshi tushungan, ammo baribir jinoyatchilarga hamdard edi.

Bolalar-chi?

Zo‘ravonlik sharoitida o‘sayotgan bolalar ko‘pincha ota-onalariga nisbatan Stokgolm sindromidan aziyat chekishadi. Ular  o‘zlarining mavjudligini ta’minlovchilarga qarshilik ko‘rsata olmaydilar, hatto ota yoki ona ularni kaltaklasa yoki zo‘rlasa ham. Bundan tashqari, ma’lum bir yoshga qadar kichik bolalarning ruhiyati «oq va qora»: ular katta yoshli odamni faqat yaxshi deb bilishlari mumkin. Agar «yaxshi» kattalar uni xafa qilsa, bu unga (bolaga) biror narsa noto‘g‘ri ekanligini anglatadi. Bunday sharoitda o‘sib-ulg‘aygan odamlar hayotlarining oxirigacha zo‘ravon ota-onalar qoldirgan stokgolm sindromi «merosi» bilan yashaydilar. Va ularga bolaligida qanchalik yomon munosabatda bo‘lishsa, ular o‘z azoblarini shunchalik qattiq himoya qiladilar.

Ba’zi psixologlarning ta’kidlashicha, hatto ish joylarda Stokgolm sindromi mavjud bo‘lib, u yerda ta’qiblar, psixologik zo‘ravonlik va rahbarlarning kichiklarga nisbatan hurmatsiz munosabati keng tarqalgan. Ishini yo‘qotishdan qo‘rqqan ishchilar, atrofida sodir bo‘layotgan adolatsizlikni qabul qilishga majbur bo‘ladilar va xo‘rlanish, uyat, qo‘rquvni yengillashtirish uchun o‘z rahbarlarini oqlashga bahona qidira boshlaydilar.

Shafqatsiz sport murabbiylari shunchalik keng tarqalganki, bunday zolimlar qo‘liga tushgan yosh sportchi va ayollar ko‘pincha Stokgolm sindromining barcha belgilarini namoyish etadilar. Ular o‘zlariga nisbatan jismoniy, psixologik va ba’zan jinsiy zo‘ravonlikni oqlaydilar va murabbiy buni ularning manfaati, muvaffaqiyatiga qayg‘urganidan qilayotganiga to‘liq ishonadilar.

Ushbu sindromning eng yomon oqibati shundaki, jabrlanuvchilar o‘z manfaatlariga qarshi harakat qila boshlaydilar: zo‘ravonni himoyalaydi, o‘zini qalqon qiladi, qochishga yordam beradi. Garovga olinganlar guvohlik berishdan bosh tortadilar, politsiya bilan emas, balki jinoyatchilar bilan hamkorlik qiladilar, o‘z ismlarini aytmaydilar.

Bu og‘ir jarohatning oqibatlarini mustaqil ravishda yengish deyarli mumkin emas.  Ular psixologlar va psixoterapevtlarning yordamiga muhtoj  bo‘ladi.

Stokgolm sindromi – shunchaki «asirlar muhabbati» emas, balki ruhiy jarohat natijasidagi psixologik mexanizmdir.  

Nega...

Nega hali ham ayol baxtli bo‘lishi uchun albatta kimnidir qutqarishi kerak, nega maxluq insonga aylanishi uchun Sohibjamol qurbon bo‘lishi shart?
Nega erkinlikni tanlagan ayol «yaxshi qiz» emas, «xudbin»ga aylanadi? Nega farzand yaxshi degan nom olish uchun kattalar zo‘ravonligini tabiiy qabul qilishi oqlanadi. Maktabda o‘qituvchi yoki rahbar zo‘ravon bo‘lsa-da, uni hurmat qilish va tanqid qilmaslik holatlaridan qachongacha ko‘z yumiladi?

Hech qachon zo‘ravonni oqlamang. Asirlikda rivojlangan hissiyotlar – bu muhabbat emas, balki ruhiy muhofaza mexanizmi, qo‘rquv va tushkunlikdan tug‘ilgan bog‘lanishdir. Zo‘ravonga nisbatan afsuslanish yoki uni tushunishga urinish – jabrdiydaga xiyonat qilish bilan barobar. Har qanday zo‘ravonlik – bu zo‘ravonlikdir, uni oqlash mumkin emas. Hissiyotlar bilan emas, haqiqat bilan yashash – og‘riqli bo‘lsa-da, sog‘lom yo‘l. Zo‘ravonlikni romantiklashtirish yoki tushunishga urinish orqali biz yana bir insonning ozodligini o‘g‘irlaymiz. Shuning uchun zo‘ravonni oqlamang – haqiqatni tan oling, jabrdiydani eshiting, unga ishoning.

                                                                           Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring