Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aviator savdo majmuasidagi yong‘in bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Aviator savdo majmuasidagi yong‘in bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: “Korzinka.uz”

Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo-ko‘ngilochar majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, yong‘in 31 yanvar kuni tushdan keyin savdo markazining ikkinchi qavatida yuz bergandi. U yerda Pixel nomli bolalar maydonchasi va bir qator umumiy ovqatlanish shoxobchalari joylashgan bo‘lgan. Birinchi qavatdagi Korzinka supermarketi yong‘indan zarar ko‘rmagan.

Hodisa oqibatida vayronalar ostida 3 yoshli qizaloqning jasadi topilgan. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa jabrlanganlar aniqlanmagan.

Dastlabki o‘rganishlar jarayonida yong‘in vaqtida ikkinchi qavatdagi yong‘in signalizatsiyasi va purkagichlar ishlamagan, shuningdek, zinapoyali yong‘in chiqish joyi yopiq bo‘lgan. Signalizatsiya faqat birinchi qavatda ishlagan.

Yong‘in qariyb 800 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. O‘t o‘chirish ishlariga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika, shuningdek, 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan. Yong‘inni o‘chirishga bir soatdan ko‘p vaqt ketgan.

Gazeta nashriga ko‘ra, guvohlar yong‘in vaqtida odamlar orasida sarosima yuzaga kelgan, tutun butun hududni tezda qoplaganini bildirishgan. Ota-onalar farzandlarini izlab qolgan, odamlar ko‘chaga chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Mahalliy aholining aytishicha, ikkinchi qavatdagi yong‘in chiqish yo‘li avvaldan ham yopiq bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring