Avtomobilda yo‘lovchi tashishni soddalashtirish maqsadida eksperiment o‘tkaziladi

«Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–5108-son, 07.05.2021-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021-yil 15-maydan 2022-yil oxirigacha avtomobilda yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi. Bunda:
- yo‘lovchilarni haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega bo‘lgan yengil avtotransportlarda tashish yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yo‘lovchilarni yengil avtotransportlarda tashish litsenziya varaqasiga asosan amalga oshiriladi;
- litsenziya varaqasi 21 yoshga to‘lgan va boshqaruvida arizani berish vaqtida 10 yildan ortiq bo‘lmagan vaqt davomida ekspluatatsiya qilinayotgan avtomobil mavjud bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga «Litsenziya» axborot tizimi orqali beriladi;
- avtomobilda yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar «Akkreditatsiya markazi» DUKda akkreditatsiyadan o‘tgan texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalarida 6 oyda kamida 1 marotaba transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazishi shart;
- yakka tartibdagi tashuvchilar litsenziyaga ega korxonalarda hamda yo‘lovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlar (agregatorlar) tomonidan tashkil qilingan maxsus tekshiruv punktlarida oylik tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart;
- yakka tartibdagi tashuvchilarga yo‘lovchilarni avtomobil transportida tashish faoliyati doirasida xodimlarni ishga yollashga ruxsat etilmaydi;
- 2021-yil 1-sentyabrgacha yakka tartibdagi tashuvchilarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi;
- yakka tartibdagi tashuvchilardan litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji yiliga BHMning bir barobari miqdorida undiriladi. Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi;
- yakka tartibdagi tashuvchilar qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 3 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega avtomobil transportida yuklarni tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan stavkada to‘laydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter