Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ayaks» Londonda «Tottenxem»ni mag‘lubiyatga uchratdi

«Ayaks» Londonda «Tottenxem»ni mag‘lubiyatga uchratdi

Foto: «Google.com»

Yevropa Chempionlar ligasi yarim final ilk bahsidan o‘rin olgan «Tottenxem» – «Ayaks» uchrashuvida mehmonlarning qo‘li baland keldi.

Uchrashuvni niderlandiyaliklar juda faol boshlashdi, «Ayaks» to‘pni to‘liq nazorat qilishdan tashqari bir nechta xavfli hujumlarni tashkil qildi. Bu esa 15-daqiqadayoq o‘z samarasini berdi. Mehmonlarning uzoq davom etgan hujumlaridan so‘ng Toni van de Bek darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va osonlik bilan hisobni ochdi.

Goldan so‘ng ham «Ayaks» futbolchilari hujumdan to‘xtashmadi, o‘z navbatida maydon egalarida ham bir nechta imkoniyatlar bo‘ldi. Ayniqsa birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida «Tottenxem» raqib jarima maydoni atrofida bosimni oshirishdi.

Ikkinchi bo‘limni londonliklar qator hujumlar bilan boshlashdi va taym o‘rtalariga qadar raqibni kuchli sarosimada ushlab turishdi. Biroq «Ayaks» darvozasiga yo‘l topish ularga nasib etmadi.

72-daqiqa o‘tib borayotgan bir vaqtda mehmonlar o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishlari mumkin edi, biroq David Neresning zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi. Uchrashuvning so‘nggi onlari «Tottenxem»ning bosimida o‘tdi, ammo butun o‘yinda bo‘lgani kabi so‘nggi zarbalarga aniqlik yetishmadi.

Shu tariqa, «Ayaks» javob bahsi oldidan o‘zi uchun juda qulay hisobni qayd etdi. Javob uchrashuvi Amsterdamda, 8 may oqshomida bo‘lib o‘tadi.

Chempionlar ligasi
½ final, ilk bahs
«Tottenxem» (Angliya) – «Ayaks»(Gollandiya) 0:1 (0:1, 0:0)
Gol: 0:1 – 15 van de Bek.
«Tottenxem» – Loris, Sanches, Alderveyreld, Rouz (Devis, 79), Vertongen (Sissoko, 39), Lukas Moura, Eriksen, Alli, Vanyama, Tripper (Foyt, 80), Lorente.
«Ayaks» – Onana, de Ligt, Talyafiko, Veltman, Blind, van de Bek, Ziyesh (Xuntelar, 87), Tadich, Shene (Mazraui, 65), Neres, de Yong.
Ogohlantirishlar: Talyafiko (30), Veltman (63).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring