Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrim hududlarga “Prezident tumani” va “Prezident mahallasi” maqomi beriladi

Ayrim hududlarga “Prezident tumani” va “Prezident mahallasi” maqomi beriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni Uychi tumanida Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Hududda amalga oshirilgan salmoqli ishlar iqtisodiyot rivoji va aholi farovonligida namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushgan. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra ko‘payib, 1 mingdan oshgan.

Mehnatga layoqatli aholini 82 foizi kichik biznes va tadbirkorlik orqali ro‘zg‘or tebratyapti. Aholining real o‘rtacha daromadi 3 barobar oshib, 15,5 million so‘mga yetdi. Muhimi, bunday o‘zgarishlarni Namangan ahli o‘zining kundalik hayotida his qilyapti.

Yig‘ilishda bu sur’atni davom ettirib, natijadorlikni yanada oshirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Xususan, yil yakunigacha 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahallalarni obod qilish bo‘yicha muhim tashabbusni ilgari surdi. Unga ko‘ra, yurtimizda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi amalga oshiriladi. Ushbu dasturga Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi 4 tadan, qolgan hududlardagi 2 tadan tuman, shuningdek, respublika bo‘yicha eng “og‘ir” 328 ta mahalla kiritiladi.

Eng yaxshi namuna ko‘rsatib, aholisini rozi qilgan hududga “Prezident tumani” va “Prezident mahallasi” maqomi berilib, ularga yana qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim qilinadi.

Qisqa vaqt ichida Namanganda kambag‘allik 2,5 barobar kamaygan. Tadbirkorlik loyihalari ko‘paygani, o‘rtacha oylik 4,5 million so‘mga yetgani hisobiga ikki yilda migratsiyadagi 62 ming odam qaytgan.

Islohotlar shtabiga viloyatdagi xushmanzara joylar bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi. Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis ob’yektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring