Bahorgi astma hujumlari: nima qilmoq kerak?

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi va genetik omillar sababli dunyo aholisi orasida nafas a’zolari xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalinish ortib bormoqda. Xo‘sh, bunday bemorlar kasallik profilaktikasi, tashxisi va undan samarali davolanish uchun nimalarga e’tibor berishi lozim?
SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diagnostika bo‘limi shifokori, oliy toifali pulmonolog Xayrullo Rajabov javob berdi.
— Bronxial astma – nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishi bo‘lib, dunyo aholisining o‘rtacha 5 foizida uchraydi. Bu ko‘rsatkich bolalar orasida yanada ko‘proq — o‘rtacha 10 foizni tashkil etadi, — deydi mutaxassis.
— Ushbu kasallik asosan bahor-kuz oylarida avj olib, quruq yo‘tal, nafas qisish xurujlari, hansirash, ko‘krakda og‘irlik hissining paydo bo‘lishi kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi.
Bu holatlar, asosan, tunda yoki erta saharda kuzatiladi. Xastalik xuruji ko‘pincha dori ta’sirida ortga qaytadi. Bronxial astmani, asosan, quyidagi omillar keltirib chiqaradi:
- genetik moyillik, atopiya, nafas yo‘llari giperreaktivligi;
- tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, o‘simlik changlari, uy hayvonlari yungi);
- chekish;
- respirator infeksiyalar;
- bahorgi gul changlari;
- parazitar invaziya va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.
Bronxial astmaning qanday kechishi uning qanchalik erta aniqlanishiga bog‘liq. Agar kasallik o‘z vaqtida muolaja qilinib, bemor shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilsa, xastalikni to‘liq nazorat qilish mumkin.
Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va uning alomatlarini uzoq muddatga zaiflashuviga sabab bo‘ladi.
Kasallikni davolash, astma xurujlari sonini kamaytirish uchun bemorning bronxospazm boshlanishiga turtki bo‘lgan allergen bilan aloqasini cheklash lozim.
Xususan:
- xona havosini tez-tez almashtirish va chang zarralaridan tozalash;
- havo tozalagichlar va konditsionerdan foydalanish;
- havo quruqligiga qarshi namlagichlarni qo‘llash;
-bemor uchun barqaror, qulay xona haroratini saqlash uchun iqlim nazoratini o‘rnatish;
- turli zararli hasharotlar, ayniqsa, suvaraklarni yo‘q qilish;
- allergiya qo‘zg‘amaydigan choyshabdan foydalanish;
- yungli gilamlardan voz kechish;
- diyeta qilish kerak.
Eng muhimi, bemor shifokor nazorati ostida davolanishi, zarur tavsiyalarga qat’iy amal qilishi zarur
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter