Shavkat Mirziyoyev Baqitjan Sag‘intayevni qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-oktyabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sag‘intayevni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror o‘sib bormoqda, logistika aloqalari mustahkamlanmoqda.
Mamlakatimiz ittifoqning savdo va yuk tashish sohalarini raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish, iqlim masalalari kabi asosiy sohaviy dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan qo‘shma ishchi guruhning to‘rtta yig‘ilishi o‘tkazildi. Texnik tartibga solish tizimlarini o‘zaro yaqinlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankining to‘laqonli a’zosiga aylanib, kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.
Joriy yil yakuniga qadar ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi. Savdo to‘siqlarini qisqartirish, kooperatsiyani chuqurlashtirish, bojxona va transport tartib-taomillarini raqamlashtirishga qaratilgan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter