Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barcha tirik mavjudotlar quvib chiqarilgan orolda ilonlar qanday kun kechirmoqda?

Barcha tirik mavjudotlar quvib chiqarilgan orolda ilonlar qanday kun kechirmoqda?

foto: priroda.club

Braziliya qirg‘oqlaridagi bu orol ekstremal turizm uchun ajoyib kurort bo‘lishi mumkin. Bu tabiati jannatga monand joyda hamma narsa bor: past, ammo tik qoyalar, qoyali qirg‘oqlar, orolning markazidagi zich o‘rmon va eng muhimi, g‘ayrioddiy yumshoq iqlim va yolg‘iz mayoq tepasidan ajoyib manzaralarni ko‘rish imkoni. Lekin afsuski sayyohlar bu orolning qirg‘og‘iga qadam qo‘yish u yoqda tursin, yaqinida suzib o‘tishdan ham qo‘rqishadi. Bundan tashqari, orolda umuman aholi yashamaydi.

 

surat:priroda.club

Keymada-Grandi oroli sayyoradagi eng katta tabiiy serpentarium, aniqrog‘i ilonlar yashaydigan makon (voler). «Georaf va globus»ning batafsil ma’lumot berishicha, bu yerda hatto hayvonlar ham yo‘q, chunki orolning yagona «aholisi» ilonlardir. Sohildagi mahalliy aholining ta’kidlashicha, orolda ularning soni juda ko‘p – 1 kvadrat metrga 5 ta sudralib yuruvchilar to‘g‘ri keladi. Bunga ishonish qiyin, albatta, ayniqsa, olimlar tadqiqotiga quloq tutsangiz va ularning tashvishlanishicha, ilonlar soni 60% ga kamaydi. Ammo ilonlar soni kamaygani bilan bu orol xavfli bo‘lib qolmoqda.

Orolda sayyoradagi eng zaharli ilonlardan biri – nayza boshli orol iloni yashaydi, u kimyoviy tarkibi bo‘yicha kobra yoki to‘mtoq ilon zaharidan bir necha barobar xavfliroq bo‘lgan halokatli zaharga ega. Zahar shunchalik kuchliki, u tishlagan joyda organik moddalar erib ketadi. Buning uchun ziddi zahar yo‘q. Agar ilon chaqqan odam o‘lmay qolsa-da, zararlangan hududlarni tiklash uchun juda uzoq vaqt kerak bo‘ladi.

surat: oroldagi ilonlar (priroda.club)

Bu ilonlarning uzunligi 1,5-2 metrni tashkil qiladi, ular chiroyli oltin rangga ega (aytmoqchi, orolning nomi mahalliy aholi tili bilan aytganda oltin ilonlar oroli deb tarjima qilingan) va butun orolda – qoyalar, toshlar orasida va o‘rmondagi daraxt shoxlarida yashaydi. Yashil o‘t-o‘lanlar ostida ularning soni shunchalik ko‘pki, orolning chakalakzorlarida doimo shitirlash ovoz eshitiladi – bular oziq-ovqat izlab, nafaqat o‘tlar orasida, balki shoxdan shoxga sudralib yuradigan ilonlardir.

Ular bu orolda nima yeyishadi, axir bu yerda boshqa hech qanday jonzot yo‘qku?  Bu ilon (Bothrops insularis) asosan ko‘chmanchi qushlar bilan oziqlanadi, ya’ni qushlar o‘zlarini kutayotgan xavfdan bexabar, xotirjamlik bilan daraxt shoxlariga qo‘nishadi... Ushbu ilonlar hasharotlar, noyob amfibiyalar va orolning boshqa ilonlari bilan ham oziqlanadi.

Bir paytlar sudralib yuruvchilar materikda yashagan, ammo bu o‘rmonchilarga yoqmagan. Ular chakalakzorlarni shafqatsizlarcha yoqib yuborishgan va botqoqlarni quritishgan. Asta-sekin odam jonzotlar ustidan g‘alaba qozondi va zaharli ilonlar oroldan boshpana topishdi. Olimlarning fikricha, bu orol avvallari tor yo‘lak orqali materik bilan bog‘langan. Aynan shu orqali ilonlar orolga ko‘chib o‘tgan. Uzoq davom etgan geologik jarayonlar natijasida yo‘lak suv ostida qolib ketdi va orol Botrop-ilonlarning haqiqiy uyiga aylandi.

Mahalliy aholiga oroldan foyda yo‘qligi uchun ilonlar u yerda qulay yashashgan. Biroq tarixda sudralib yuruvchilar o‘z hududlarini himoya qilishga majbur bo‘lgan. XIX asrda Braziliya kompaniyasi unumdor yerlarda banan yetishtirishga qaror qildi. Ammo ilonlar qat’iy qarshilik bilan javob berishdi – ishchilar orolga qadam qo‘yishlari bilan sudralib yuruvchilar tomonidan shafqatsizlarcha hujumga uchradi. Ularni hatto qo‘nji baland etiklari ham qutqara olmadi – Botroplar yuqoridan, zich bargli daraxtlar shoxidan hujum qilishni juda yaxshi bilishardi.

Shoshilinch ravishda o‘rnatilgan mayoqnigina tozalashga ulgurishdi. Ammo uning uchta qo‘riqchisi ham ilon chaqishi oqibatida birin-ketin vafot etdi. Keyinchalik mayoq avtomatik rejimga o‘tkazildi va orol yana bo‘shab qoldi.

Orolni zabt etishga XX asr boshlarida ikkinchi marta harakat qilingan. Bu safar ishchilar puxta tayyorgarlik ko‘rishdi va chaqishga chidamli qalin rezina matodan kostyumlar kiyishdi. Ammo odamlar iqlimni hisobga olishmadi – bunday kostyumlarda ishlash mumkin emas edi va rezina niqob, boshdagi qalpoqqa yurak shunchaki bardosh bera olmadi. Orolni yoqish ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi – tropik yomg‘irlar olovni o‘chirdi. Oxir-oqibat, odamlar oroldan voz kechib, orqaga chekinishdi. Braziliya hukumati Keymada-Grandini  qo‘riqlanadigan hudud deb e’lon qildi va unga kirishga urinishlarni taqiqladi.

Endi ilondan himoyalaydigan uskunalar bilan malakali shifokor, ilonshunos olimlargina bu yerlarga kelishi mumkin.

Ammo orol sayyohlar uchun berkitilgani bilan rasmiylar baribir pul ishlashga muvaffaq bo‘lishmoqda. Ilon oroli haqidagi mish-mishlar butun dunyoga tarqalib ketgani sababli, ko‘plab sayyohlar uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni orzu qiladilar. Rasmiylar ular uchun ekskursiyalar uyushtiradilar. Albatta, hech kim sayyohlarning orolga kirishiga ruxsat bermaydi, lekin siz qirg‘oq bo‘ylab qayiqlarda suzib yurishingiz mumkin. Va bunday masofadan ilonlarni uchratish deyarli imkonsiz bo‘lsa-da, qo‘rqinchli orolni uzoqdan ko‘rish ham qiziqarli.

Orolda nafaqat rasmiylar, balki brakonerlar ham pul ishlashadi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bitta katta yoshli Botrop taxminan 2700 dollarga baholanadi. Balki shuning uchundir yoki ilonlarning orolda oziq-ovqat topishi tobora qiyinlashib borayotgani sabablidir sudralib yuruvchilar soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Ammo Keymada-Grandi – bu zaharli ilonlar yashaydigan sayyoradagi yagona joy. Demak, ilonlar bilan kurashish emas, ularni saqlab qolish haqida qayg‘urish kerak.  

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring