Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxshichilik festivali bizga nimalar beradi? Gulistondan reportaj

Baxshichilik festivali bizga nimalar beradi? Gulistondan reportaj

Foto: Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning telegram kanali

Bugun Gulistonda xalqaro baxshichilik festivali boshlandi. Ushbu tadbir yurtimizda o‘tkazilayotgan uchinchi festival bo‘lib, oldingilari Termiz va Nukusda bo‘lib o‘tgan edi. Avvalgilari singari bunga ham yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilgan va tashkilotchilar ancha mehnat qilgani sezilib turibdi.

Xo‘sh, bu festival O‘zbekistonga nima beradi? Xabar.uz ushbu tadbirni o‘tkazishga oid uchta sababga to‘xtaladi.

Ilmiy ahamiyat

Festival haqida gap ketarkan, eng avvalo uning ilmiy ahamiyatiga to‘xtalishni lozim ko‘rdik. Zamonaviy o‘zbek adabiy tili o‘tgan asr boshlarida shakllandi va unga asos sifatida qarluq-chigil-uyg‘ur, qipchoq va o‘g‘uz lahjalarining turli jihatlari olindi. Ushbu murakkab jarayonning ijobiy jihatlari haqida istagancha gapirish mumkin va shu bilan birga vaqt o‘tgani sari asrlar davomida shakllangan merosimizga ham alohida e’tibor qaratish zarurati yuzaga kelganini inkor etib bo‘lmaydi.

Mana shu jihatdan baxshichilik festivalining ahamiyati juda yuqoridir. Tadbir boshlanishi oldidan taniqli filolog olimlarimizdan biri: "Festival o‘tadigan kunlari O‘zbekistonda bo‘lmayman, ammo bu tadbirni yoritishda qo‘limdan kelgan hamma ishni qilaman", degandi. Bejizga emas, shu kunlarda Gulistonda asrlar davomida og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan dostonlar kuylanadi. Bu esa bebaho tadqiqotlar ob’yekti demakdir.

Moddiy ahamiyat

O‘zbekiston so‘nggi yillarda turizmni rivojlantirishga obdon harakat qilmoqda. Ammo mashhur maqolda aytilganidek, "qo‘shnilar tanlanmaydi". Kamiga oxirgi yillardagi voqealarni qo‘shadigan bo‘lsak, turizm bozoriga juda qulay vaqtda chiqdik, deb ayta olmaymiz - pandemiya va shimoldagi urush ko‘p muammolar keltirdi. Janubdagi qo‘shnimizda bo‘layotgan voqeliklarga esa ko‘nikib bo‘lganmiz. Har safar xorijga chiqqanda O‘zbekiston boshqa "iston"lardan farq qilishini qayta-qayta tushuntiradigan hamyurtlarimiz buni tasdiqlashadi.

Mana shunday vaqtda biz uchun turli xalqaro tadbirlarni o‘tkazish juda muhimdir. Ming marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan yaxshi - mana O‘zbekiston, mana boshqa "istonlar", farqini ko‘ryapsizmi?!

Biz turizm bo‘yicha potensialimizdan xozircha foydalana olganimiz yo‘q, ammo yil o‘tgani sari qiyinchilik bilan bo‘lsada, maqsad sari qadam ba qadam yaqinlashyapmiz. Baxshichilik festivali esa mana shu maqsad yo‘lida tashlanayotgan qadamlardan biridir.

Hududiy ahamiyat

Biz turizm rivoji haqida istagancha gapirishimiz mumkin, ammo infratuzilma bo‘lmasa aytilgan gaplar havoda qolib ketaveradi. Mehmonxona, kafe va restoranlar u yoqda tursin, oddiy xojatxona muammosi trendda bo‘larkan, depsinib turaveramiz.

Muammo ko‘p - yo‘l bor, suv, elektr, gaz - bular doimiy hamroxlarimiz, o‘rganib qolganmiz. O‘zbek esa shunaqa xalqki, mehmon keladigan bo‘lsa har qanday muammoni hal qilib tashlaydi. Shuning uchun biz ko‘proq mehmon kutishimiz kerak.

Bu tomonlama tadbirning Sirdaryo uchun ahamiyati haqida ko‘p gapirish shart emas. Festival sal bo‘lmasa viloyatda yil hodisasi o‘laroq qabul qilinmoqda. Tan olish lozim, tayyorgarlik ham shunga yarasha ko‘rilgan — ko‘chalar toza-ozoda, pavilonlar tartibli – tashkilotchilikka o‘n balli tizimda bemalol 7-8 qo‘ysa bo‘ladi.

Eng muhimi - shunaqa festivallardan so‘ng katta tadbirlarni o‘tkazish tajribasi shakllanadi va umid qilamizki, yaqin kelajakda bu tajriba hali ko‘p asqotadi.

Zafar Qosimov
Guliston shahridan tayyorlandi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring