Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bilmagan edim» deyish javobgarlikdan ozod qilmaydi

«Bilmagan edim» deyish javobgarlikdan ozod qilmaydi

Foto: Sun’iy intellekt

Qorako‘lda fuqaroning telefonidan diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar topilgani sababli unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Sud qarori bilan huquqbuzarga 2 million 60 ming so‘m jarima tayinlandi.

Qorako‘l tumani IIB TQB TQKG mas’ul xodimining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, kelib tushgan murojaat asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida tumanning «Mirzaqal’a» mahallasida yashovchi 20 yoshli fuqaro O.S.ning qo‘l telefonida shubhali fayllar borligi aniqlangan. Mazkur materiallar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazildi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fayllar diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibiga oid qonunchilik talablariga zid ravishda, tegishli ruxsatsiz saqlab kelingan.

Huquqbuzarlikka aloqador ashyoviy dalil sifatida iPhone 14 Pro smartfoni davlat foydasiga musodara qilish uchun olib qo‘yildi.

Sud majlisida fuqaro O.S. qilmishidan chin dildan pushaymonligini bildirib, bunday ma’lumotlarni saqlash taqiqlanganini bilmaganini aytgan va o‘z aybiga iqror bo‘lib, yengillik berishni so‘ragan.

Sud taqdim etilgan bayonnomalar, ekspert xulosalari va dalillarni batafsil o‘rgandi. Huquqbuzarning yoshligi, muqaddam bunday ishlarga qo‘l urmagani hamda oilaviy sharoiti inobatga olindi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184²-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) qo‘llanildi.

Insonparvarlik tamoyillariga tayangan holda, ma’muriy jarima qonunda belgilangan eng kam miqdordan ham past etib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 2 million 60 ming so‘m qilib belgilandi.

— «Bilmagan edim» degan vaj hech kimni javobgarlikdan qutqarmaydi. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda turli audio, video fayllarni yuborish, qabul qilish yoki telefon xotirasiga yuklab olish oddiy holga aylandi. Biroq har qanday ma’lumotni tekshirmasdan ko‘chirib olish va saqlash og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, diniy mazmundagi materiallarga nisbatan qonunchilik talablarini bilish, ularning qonuniyligiga e’tibor berish va ruxsat talab etiladigan holatlarga beparvo bo‘lmaslik juda muhim», — dedi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tergov sudyasi Dilmurod Qulliyev.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring