Bir armonimni Navoiy bobom ushaltirganlar...
Turkiy tilni qayta tiriltirgan Hazrat Mir Alisher Navoiyning ma’naviyatimiz uchun ulkan jasorati bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur «Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va ho‘p aytkon emas», – deb yozsa, Husayn Boyqaro «Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi», deb ta’kidlagan.
Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan. Navoiy turkiy tildagi «Xamsa»ni ikki yil davomida yozadi. Dunyoda 64 tilga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq. Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50 ming misradan ko‘p. «Hazoyinul-maoniy» nomli to‘rt devon (1491-1498)ga jamlangan.
Alisher Navoiy 1501-yil 3-yanvarda vafot etgan. Uni dafn etish chog‘ida maydalab yomg‘ir yog‘ib turgan ekan. Tarixchi olim Xondamir bu holatni «hatto tabiat ham motam tutdi», deya ta’riflagan.
Mir Alisher Navoiy va uning bemisl ummon kabi ijodi xususida ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan. Navoiyni anglash, ta’limda Navoiyshunoslik va Boburshunoslikni yoshlar ongiga singdirishda qanday zamonaviy ta’lim uslublaridan foydalanish, maktablarda ijodiy to‘garaklarni qayta tashkil etish, Navoiy yurgan yo‘llar bo‘ylab yo‘l xaritasini tuzish hamda bu orqali yangi tarixiy manbalarni tadqiq etish, buyuk shoir qo‘llagan so‘zlardan bolalar uchun alohida «bola tilidan» suratli shaklda lug‘at tayyorlash kabi dolzarb masalalar xususida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayitov bilan suhbat qildik.
– Navoiy butun umrini adabiyot, ma’naviyat va xalqqa bag‘ishladi. Alisher Navoiy qobiliyati 4-5 yoshda ekanligidayoq namoyon bo‘lgan. Manbalarda Alisher Navoiy Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashganlari xususida ham keltiriladi.
1991-yildan keyin Navoiyni haqiqiy siymosini tadqiq etish boshlandi. Navoiy lug‘ati nashr etildi. Aslida Alisher Navoiyni o‘rganish murakkab emas. Navoiy men ko‘z ochganimdan buyon men bilan birga. Bolalik davrimda ustozlar ta’limi yaxshi bo‘lgan. Buvim rahmatlik Navoiy, Mashrab, Bedilni fors tilidan o‘zbekchaga tarjima qilar, «Xamsa»ni qo‘llaridan tushirmasdilar. Negadir, Navoiyni o‘qima, qo‘ygin bolam, derdilar. Sababini tushunolmay hayratda edim. Keyinchalik angladimki, Navoiyning butun bir ijodi zalvorli ekan. Buvim nega menga shunday deganlarini bilganim: o‘sha paytlar Sho‘rolar tuzumi davrida bo‘lgan tazyiqlarga yo‘liqishimizni istamaganliklari uchun ham Navoiyni tadqiq etish yo‘lidan borishimizga qarshi bo‘lgan ekanlar. Navoiy ijodi shunday ummonki, sirti ikki metr muz, ammo, muzni kim yorib kirsa, ummon ichi to‘la duru javohir. Buni yorib kira olgan odam bilimlilik va ma’naviylik jihatidan nihoyatda boyiydi.
Tarixni bilmaslik – o‘zlikni anglamaslik. Mustaqillik davrigacha ajdodlarimiz hayoti, faoliyati ular xususidagi tarixiy manbalar noto‘g‘ri talqin etilgan. U paytlarda maktablarni sovet maktablari deyilardi. Bir katta adabiyotshunos olimning, hattoki «Navoiy revolyusioner bo‘lmagan» deb yozgan maqolasi qo‘limga tushib qolgandi. 1981-yillarda Amir Temur haqidagi maqolamni «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi chop etishdan bosh tortgan hamda bu maqolam 1991-yil 5-fevralda, ya’ni oradan o‘n yil o‘tib, mustaqillik davrida nashr etildi. O‘sha o‘n yillikdagi ijodim iztirobli ijod yillari bo‘lgan men uchun. Imom Moturidiy, Imom Buxoriylar xususida esa hech qanday ma’lumotlarni e’lon qila olmas edik.
Mening bir armonimni Navoiy bobom ushaltirganlar. Ya’ni shu mening e’tiqodim bo‘lsa kerak. Men hamon Navoiyning asarlarini qo‘limdan tushirmay o‘qiyman. Oybek domla Navoiyni ulug‘ bir siymo, xalqning otasi sifatida tasvirlaganlar. Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Navoiydek siymolarimiz bor ekan, bizni hech qanday tashqi bir kuch yenga olmasligi kerak. So‘nggi yillarda, hatto Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan sanani unutgan va ommaviy madaniyat talqini ostida boshqa nom bilan nishonlaydiganlar ham bo‘ldi. Bu biz uchun og‘riqli hol. Demakkim, biz yoshlarga ajdodlarimiz xususida yetarlicha bilim va imkoniyatlarni bera olmaganmiz.
Xitoyliklarda yaxshi bir odat bor. Ular har qanday tashqi axborot yoki tashqaridan kelgan har qanday yot g‘oyani xitoylashtiradilar. Ya’nikim, o‘z millatiga moslashtiradilar. Bizda ham ana shu aqida qo‘llanilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
Navoiyni biz nihoyatda chuqur va teran anglashimiz lozim. Aslida Navoiyni anglash u qadar qiyin emas. So‘nggi paytlarda meni qulog‘imga chalinib qolardi: «Navoiyni anglash juda murakkab, qiyin...» degan so‘zlar. Navoiy biz uchun juda ulkan ma’naviy meros qoldirgan. Agar biz ayni shu merosdan unumli foydalana olsak, uni butun holicha avlodlarimizga ham yetkazsak, bu bizni yutug‘imiz bo‘ladi. Ta’limda Navoiyshunoslik va Boburshunoslikni yoshlar ongiga singdirishda zamonaviy ta’lim metodlaridan foydalanish, ularning tavallud sanalari munosabati bilan ajdodlarimizga daxldor bo‘lgan tabarruk va tarixiy maskanlarga ekskursiyalar uyushtirishimiz zarur. Talaba yoshlarni jahon mamlakatlaridagi bobolarimiz yashab o‘tgan hududlarga ulardan qolgan hozirgi kundagi shajarasiga daxldor avlodlari bilan uchrashtirib, ilmiy tadqiqotlar safarlarini tashkil etish kerak. Maktablarda ijodiy to‘garaklarni qayta tashkil etish, Navoiy yurgan yo‘llar bo‘ylab yo‘l xaritasini tuzish hamda bu orqali yangi tarixiy manbalarni tadqiq etish, buyuk shoir qo‘llagan so‘zlardan bolalar uchun alohida «bola tilidan» suratli shaklda lug‘at tayyorlash kabi dolzarb masalalardir.
Biz bugun buyuk ajdodlarimizning merosini avlodlarimizga to‘g‘ri va unumli yetkaza olsakkina ezgu maqsadlarimizga erishgan bo‘lamiz.
Shahlo NUR suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter