«Bir» deganda bilindi: shunaqa klub kerak ekan!

Prezident farmoni (2020-yil, 7-dekabr. PF-6127-son) ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida Sudyalar klubi tashkil etilgani xabari berilgandi. Klub tashkil etilishi hamono uning asosiy ishlash platformasi hisoblangan onlayn forum ham ishga tushirildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Forumning ishga tushurilishi, klub nizomida belgilanganidek, moddiy va protsessual huquq normalari va (sudyalar) odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlarga tushuntirishlar, sudyaning mustaqilligi va dahlsizligi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘zaro muloqot qilish imkoniyatini berdi. Bunday imkoniyat sudyalarning «ichida gap yig‘ilib» qolgani, muhokamaga loyiq mavzular oz emasligini ko‘rsatdi. Ya’nikim, o‘tgan qisqa vaqt (25 kun!) onlayn-forumda naqd 375 ta mavzu muhokama qilinib, 1644 ta munosabat qoldirildi.
Muhokama qilingan mavzularning eng ko‘pi fuqarolik ishlari bo‘yicha sud amaliyotiga doir: 398 ta! Shuningdek, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud amaliyoti yuzasidan 240 ta, ma’muriy ishlar bo‘yicha sud amaliyoti yuzasidan 235 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti yuzasidan 233 ta, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti yuzasidan 120 ta munosabat bildirilgan.
E’tiborlisi, onlayn-forumda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan 120 ta taklif va mulohazalar bildirilganini ko‘rish mumkin. Bu esa sudyalar ish jarayonida ancha-muncha huquqiy jumboqlarga duch kelayotganini anglatadi. Xususan, muhokamalarda jazo tayinlashda koloniya turini belgilash, Jinoyat kodeksining 59 (bir nechta jinoyatlar uchun jazo tayinlash) va 60-moddalarini (bir nechta hukm yuzasidan jazo tayinlash) qo‘llash, fuqarolik ishi bo‘yicha majburiyat yuklash, sud buyrug‘ini berishda penya undirilishi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 186-moddasini (mansabdorlarning qarori va xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat etish muddatlari) qo‘llash, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish kabi masalalarda yana-da aniq huquqiy yechimga ehtiyoj sezilayotgani ko‘zga tashlanadi .
Sudyalarning bunday faolligini olqishlash lozim. Negaki, bularning hammasi sud qarorlari sifatida oshishiga xizmat qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan sudlarda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish samaradorligini oshirish, muayyan qonunlarni takomillashtirishga turtki vazifasini ham bajaradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter