Bir soatdan so‘ng «WTC-3» osmono‘par binosi rasman ochiladi

Yana bir soatdan so‘ng (Nyu-York vaqti bilan soat 11:00 da) Jahon savdo markazi tarkibiga kiruvchi «WTC-3» osmono‘par binosi rasman ochiladi. Bu haqda «Usa.one» xabar bergan.
Binoning ochilish sanasi va vaqtida ramziylik bor: 11-sana, soat 11:00 — Jahon savdo markazi binolari 11-sentyabrda terrorchilik xuruji oqibatida yo‘q qilingan «egizak minoralar»ning o‘rnida qad rostlamoqda.
«WTC-3» («3 World Trade Center») 80 qavatli bo‘lib, 17, 60, 76-qavatlarida ochiq ayvonlar joylashgan. Bu Jahon savdo markazi kompleksiga kiruvchi besh osmono‘par binoning to‘rtinchisidir.
«WTC-3»ni qurish 2010 yili me’mor Richard Rojers rahbarligida boshlangan. Balandligi 329 metrni tashkil etuvchi «WTC-3» kompleksning ikkinchi baland binosiga aylanadi; kompleksning bosh binosi — «Ozodlik minorasi»ning balandligi 540 metr bo‘lib, 104 qavatdan iborat.
Ayni paytgacha bino umumiy maydonining 38 foizini ijarachilar band etib bo‘lishdi. Savdo maydonlari uchun besh qavat ajratiladi. Hozircha eng katta ijarachi — «GroupM» kompaniyasi to‘qqiz qavatdagi 700 ming kvadrat fut maydonni band etgan. Ijarachilar orasida «McKinsey» va «IEX» kabi taniqli nomlar ham bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter