Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir tomchi kimyoviy idish yuvish vositasining katta zarari yoxud yil davomida qancha gel «yeyishimiz» haqida

Bir tomchi kimyoviy idish yuvish vositasining katta zarari yoxud yil davomida qancha gel «yeyishimiz» haqida

Bugun har bir ayol oshxonasini zamonaviy idish yuvish vositalarsiz tasavvur qila olmaydi. Bir-ikki tomchi kimyoviy vosita har qanday yog‘li idishni top-toza qiladi – tez, oson va qulay. Ayollar idish yuvish vositalarini sotib olishda ko‘proq reklamaga e’tibor qaratadilar. Hozir mahsulotni xarid qilish uchun uning nafaqat narxi, balki qadog‘i, firmasi hamda hidi muhim. Ammo uning qay darajada sog‘liqqa ta’sir qilishi haqida kamdan kam ayollar o‘ylab ko‘rishadi. Xo‘sh, har bir OAV, ayniqsa televideniye orqali reklama qilinayotgan idish yuvish vositalari haqiqatdan ham sog‘lig‘imiz uchun zararlimi?

«Ko‘pchilik idish yuvish vositalari bilan yuvilgan idish-tovoqni kamida yetmish marotaba chayqash zarurligini bilishmaydi, – deydi Ishmamat Tog‘ayev, O‘zbekiston Respublikasi Ekologik harakatining Navoiy viloyati bo‘limi rahbari. –Aksariyat holatda vosita tarkibidagi zararli kimyoviy moddalar idish yuzasida qolib, ovqat bilan inson organizmiga tushadi va bir qancha og‘ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Idishlarni yuvishga mo‘ljallangan vositalar kimyogarlar tilida yuzaning faol moddalari (YuFM) deb atalib, ular kationli (KYuFM), anionli (AYuFM), amfoterli (AmfYuFM), neionogenli (NYuFM) larga bo‘linadi. Ushbu kimyoviy birikmalarni idish yuzasidan yuvib tushirish ancha qiyin.»

Endi tasavvur qiling, oddiygina to‘rt nafar odamdan iborat bo‘lgan oiladagi idish-tovoqlarni yuvish va xavfsizlikni ta’minlash uchun qancha suv kerakligini? Agarda oilada 7-10 nafar odam bo‘lsa-chi?

«Avvalo, idish gel bilan yuvilganda suv tomchilarida erigan YuFM bo‘ladi. Suv qurigach, mazkur moddalar idish yuzasini qoplaydi. Biz idishga issiq ovqat solganimizda, aynan YuFM ovqatimizga qo‘shiladi va yemak bilan birgalikda organizmga kiradi. Oddiy hisob-kitob qilinganda doimiy ravishda kimyoviy yuvish vositasidan foydalanadigan oilalarda har bir oila a’zosi bir yilda 200 grammgacha kimyoviy yuvish vositalarini «yeydi», – deydi ekolog bizni xavfdan ogohlantirib.

Sir emas bugungi kunda dunyo aholisining aksariyati, xususan yurtdoshlarimiz ham turli xil allergik kasalliklardan aziyat chekishadi. Ko‘pchilik buni ekologik vaziyatning yomonlashuvi bilani izohlaydi, 70 foiz allergik va boshqa kasalliklar aynan oshxonamizda kimyoviy idish yuvish vositalaridan foydalanish natijasi ekanligini bilmaydi.

«Hozirda nafaqat kattalar, ayniqsa bolalarda namoyon bo‘ladigan turli xil allergik kasalliklarning kelib chiqishi kimyoviy vositalardan turmushimizda keng foydalanishimiz oqibatidir, – deydi shifokor Lenire Zuparova. – Oddiygina kimyoviy idish yuvish vositalari bunga misol bo‘la oladi. Ularning tarkibidagi moddalar sintetikdir. Ko‘pincha kasalliklarning boshlanishi allergik reaksiya sifatida namoyon bo‘lib, oshqozon -ichak yo‘lining saratoni, gipertoniya, depressiya bilan yakunlanadi. Mazkur moddalar inson organizmidagi hujayra membranasini parchalaydi, oqibatda immunitet pasayishi, organizmning turli xil kasalliklarga chalinuvchanligining ortishi kuzatiladi. Chunki yuzaning faol moddalari kanserogendir. Ular oshqozonning himoya qatlamini yemiradi. Birikmalar qonga so‘rilib asta-sekinlik bilan butun organizmni zaharlaydi. Faqat faol moddalar emas, idish yuvish vositasi tarkibiga kiruvchi hid beruvchi moddalar va konservantlar ham inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bekalarimiz hid beruvchi moddalarni idish yuvishayotganda nafas olish jarayonida ichlariga tortishadi, bu o‘z navbatida nafas yo‘llari kasalliklari, astmaning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.»

Tarkibidan idish yuvish vositasi bo‘lgan oqava suvlar atrof-muhitga ham katta zarar yetkazadi. Oqava suvlar suv havzasiga tushgach, aynan ularning botqoqlashuviga, jonivorlar va o‘simliklarning nobud bo‘lishiga olib keladi. Agarda idish yuvish vositasining tarkibida anionli YuFM bo‘lsa  deyarli parchalanmaydi va boshqalariga nisbatan inson tanasi va ekologiyaga  uch barobar ko‘proq zarar yetkazadi. Xo‘sh, hozir barchamiz o‘rganib qolgan, idish-tovoqlardan osongina yog‘ni ketkazadigan, inson organizmiga zarar yetkazmaydigan idish yuvish vositasining o‘rnini bosa oladigan muqobil bormi?

Albatta bor. Buning uchun momolarimiz tajribasiga murojaat qilsak bo‘ldi. Eng zararsiz vosita bu qo‘l va kir yuvish sovunidir. Zamonaviy vositalardan ularning qatoriga choy sodasi, xantalni qo‘shish mumkin. Bezarar idish yuvish vositasini tayyorlash uchun bir dona kirsovunni qirg‘ichdan o‘tkazib, uni shisha idishga joylang, ustidan yarim quti choy sodasini solib, iliq suvda ivitib qo‘ying. Bunday vosita eng yog‘li idishlaringizni ham bir zumda toza qilib, mutlaqo bezarardir. Agarda tayyor yuvish vositasiga yoqimli hid bermoqchi bo‘lsangiz yarimta limonni siqib, suvini aralashtiring. Shuningdek yog‘li idishlarni xantal kukuni ham samarali ravishda tozalaydi. Bundan tashqari xantal, choy sodasi antseptik xususiyatlarga ega, ya’ni teringizdagi har qanday mikroblarni o‘ldirishga qodir, qolaversa ular suvda erib, atrof-muhitga ham zarar yetkazmaydi. Suvni tejash imkonini beradi. Agarda siz tog‘orachada idishlarni yuvsangiz ham, ularni tabiiy yuvish vositalaridan so‘ng bir marotaba chayqash kifoya.

Kimyoviy idish yuvish vositalari fan-texnika taraqqiyoti mahsuli. Biz o‘z hayotimizni yengillashtirishga harakat qilamiz. Bunga esa har kuni ommaviy axborot vositalari tomonidan reklama qilinayotgan, «bir tomchisi sizning barcha muammolaringizni hal qilishga qodir» kimyoviy idish yuvish vositalarini xarid qilishga shoshilamiz. O‘ylab ko‘ring-chi, bir tomchisi har qanday yog‘ni parchalaydigan gellar, sizning ichingizga kirgach nahotki jim tursa? Ichki a’zolaringizga, farzandlaringiz, yaqinlaringiz sog‘lig‘iga zarar yetkazmasa?

Bugungi kunda bir chayqashda yuz foiz idish yuzasidan ketadigan idish yuvish vositalari o‘ylab topilgani yo‘q. Demak, har gal idish yuvish vositasini sotib olar ekansiz uning necha foizi sizni, qanchasi esa atrof-muhitni zaharlashini yana bir o‘ylab ko‘ring.

                                                                                                   Nargis Qosimova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring