Birov bildi, birov bilmadi...
U bir oz kechikib tug‘ilgan bola edi. Shu bois chaqaloqning inga-ingasi er-xotin o‘rtasida soviy boshlagan munosabatlarni yana asl holiga keltirdi...
Chaqaloqqa Orzimurod deb ism qo‘yishdi. Topgan-tutganlarini dasturxonga to‘kib, qarindosh-urug‘, do‘st-qadrdonga aqiqa oshi tortmoqchi bo‘lishgandi, kimdir: «Hay-hay, aslo unday qilmang, bola ko‘zikib ketadi», dedi. Aqiqa marosimi juda kamtarin o‘tdi, birov bildi, birov bilmadi.
Orzimurodning sunnat to‘yi ham choqqina o‘tdi. Otasining yelkasiga omad qushi qo‘nib, balandroq lavozimga o‘tirgan payt edi-da, bir-ikkita hamkasbi: «To‘yni katta qivormang, nozik joyda ishlayapsiz», deb shipshib qo‘yishdi.
Orzimurod uylanganida, o‘zi farzand ko‘rganida ham shunday bo‘ldi. Farzandlari ulg‘aygach, orttirgan uch-to‘rt so‘miga hovli qurmoqchi bo‘lgandi, «Hay birodar, sal o‘ylab ish qiling. Otangiz falon joyda, o‘zingiz pismadon joydasiz, «dom»ingiz bo‘lsa bor, hovlini nima qilasiz, gap-so‘z bo‘lishi mumkin», deb bu niyatidan qaytarishdi.
Gap-so‘z bo‘lishidan qo‘rqib, hovli qurmadi, mashina sotib olmadi, umrida biror marta bo‘lsin bola-chaqasi bilan kurortga borib dam olmadi. Ellik, oltmishga kirganini birov bildi, birov bilmadi.
Nabirasi uylanayotganida yoshlar «To‘yni falon restoranda qilamiz, falon-pismadon san’atkorlarni taklif qilamiz, qancha deyishsa, beramiz», deb oyoq tirab qolishdi. Maslahatchilarning fikri esa butunlay boshqacha bo‘ldi: «Dabdabaning nima keragi bor, el og‘izga tushgan to‘yning xosiyati bo‘lmaydi».
To‘y mahalla choyxonasida, mahalla havaskorlari ishtirokida o‘tdi. Birovga ma’qul keldi, boshqa birov burnini jiyirdi: «O‘l, xasis, puling bo‘lsa bor, to‘y deganni varanglatib qilmaysanmi...»
Orzimurod ota pensiyaga chiqayotganida hamkasblari maromiga yetkazib maqtashdi. Kamtar, kamsuqumligi, o‘zini o‘t-cho‘qqa urmasligi, betga chopmasligi, kim nima desa «xo‘p» deyishini takror-takror aytib, qo‘liga bir dasta gul tutqazishdi.
Otaxon gulni ko‘tarib uyiga keldi. Bekorchilik, kun sanashga o‘tdi. Umrida birinchi marta kasal bo‘ldi. Uzoq vaqt yotib qoldi. Birov bildi, birov bilmadi.
O‘tgan yili bahorda Orzimurod otaning qazosi yetdi. Mahalladoshlaridan biri: «Ta’ziya marosimida bir-ikki kishi gapirsin», deganday gap qilgandi, masjid imomi unga yovqarash qildi. Marhum «Menga hech narsa kerakmas», deganday qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, shahar chekkasidagi qabristonning bir chetidan qazilgan qabrga beozorgina kirib ketdi.
Xotira marosimlari choqqina o‘tdi. Birov bildi, birov bilmadi...
(«Siz yozmagan kitob»dan)


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter