Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bizdan qo‘rqmang, rahbarlar, xizmatimiz tekin», demoqda olimlar (video)

«Bizdan qo‘rqmang, rahbarlar, xizmatimiz tekin», demoqda olimlar (video)

Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining mikrobial biotexnologiya laboratoriyasi rahbari, fan doktori Baxtiyor Abdug‘afur amaldorlarga murojaat qilgan va olimlar bilan birga ishlash, maslahatini olish kerakligini bildirgan. Bu xizmatlari uchun ularga pul ham kerak emasligi aytilgan.

U Namangan viloyati Uychi tumanidagi «Mashad sohibkori» fermer xo‘jaligi dalasida olingan videoda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganiga qaramay, bug‘doy tikka o‘sib turganiga e’tibor qaratgan. So‘nggi kunlarda jala quyib, aksariyat dalalarda bug‘doy yotib qolgandi.

«Bioazot (ilmiy ishlanmam) bilan to‘rt marta oziqlantirilgan dalada esa bug‘doy qimirlamay turibdi. Boshida fermer akamizga aytgandim, umuman mineral o‘g‘it solmang, deb. Kiraverishga 800 kg. mineral azot bergan, bug‘doy yotib qolgan baribir. Bioazot bilan to‘rt marta oziqlantirilgan dalaga 400 kg. mineral azot solibdi. Aslida shu 400 kg. ham isrof, bir tomondan», deya bug‘doy yotib qolmaganini ilmiy tomondan tushuntirgan olim.

Baxtiyor Abdug‘afurning aytishicha, dalaning katta qismiga bioazot solingan va aynan shu yerdagi bug‘doy kuchli jala va shamolda ham yotib qolmagan. Olimga ishonmagan yoki quloq solmagan fermer dalaning ma’lum qismiga azot, fosfor va kaliydan foydalangani uchun o‘sha joydagi bug‘doylar yotib qolgan (videoni ko‘ring).

«Ilmiy ishlarimni ustiga qo‘yib sotganimda milliarder bo‘p ketardim. Sotib olmoqchi bo‘lganlar juda ko‘p edi. Xitoyda men ishlagan institut direktori ham O‘zbekistonga kelganida «ishingizni shu korxonamizda ishlab chiqaraylik», degan taklifni ikki-uch bor aytgan, yuzma-yuz uchrashgan ham edik. Bunday ishlanmalar begonalar qo‘liga o‘tib ketsa, 3-4 marta qimmat bo‘lib, bozorga chiqishini bilardim. Mana shu istiholada ishlab chiqarishni hech kimga bermay, o‘zimiz tavakkal qildik», deb yozgan olim.

Shuningdek, u dehqonlar va rahbarlarga murojaat qilib, olimlarga quloq tutishni maslahat bergan.

«Hurmatli dehqonlar, dalaga ilmni bering, kam bo‘lmaysiz, xarajatingiz kamayadi, daromadingiz oshadi. Olimlardan qo‘rqmang, rahbarlar, maslahatga chaqiringlar. Biz olimlar dalalarga galalashib boramiz. Sababi, qishloq xo‘jaligi murakkab yo‘nalish. Sanasangiz sanoqdan adashasiz: botanika, genetika, seleksiya, urug‘chilik, tuproqshunoslik, tuproq mikrobiologiyasi, fitopatologiya, agroximiya, fiziologiya va biokimyo... Adashib ketdingizmi? Shuning uchun majlislar, adoqsiz selektorlar, rahbarlarning dalama-dala yurishlari foydasiz. Olimlarni maslahatga chaqiring, shuncha ilmiy-tadqiqot institutlari ishlab turibdi, muammoni ayting. Biz olimlardan foydalaninglar, maslahatga pul olmaymiz. Falon yerda muammo bor, desangiz o‘zimiz ketaveramiz», degan olim.

Agar bu ishlanma Xitoyga sotib yuborilganda hozir o‘zimiz bir necha barobar qimmat narxda sotib olayotgan bo‘larmidik...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring