Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Ukrainadagi aql bovar qilmas vahshiyliklar haqida xabar berdi

BMT Ukrainadagi aql bovar qilmas vahshiyliklar haqida xabar berdi

Foto: BMT

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet Ukrainada Rossiya askarlari tomonidan amalga oshirilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlar haqida bayonot berdi.

«Sudsiz jazolashlar, jumladan, Kiyev shimolidagi tumanlardagi ommaviy qatllar odamni dahshatga solmay qo‘ymaydi. Hozircha 300 ta qotillik haqida aniq ma’lumot mavjud, yangi dalillar topilishi bilan bu raqam oshib bormoqda», – deydi oliy komissar. 

BMT Inson huquqlari kengashining 34-maxsus sessiyasida ma’ruza qilgan Mishel Bachelet aql bovar qilmas vahshiyliklardan tinch aholi jabr ko‘rayotganiga e’tibor qaratgan. Birgina Kiyev viloyatida mingdan ziyod tinch aholi vakili jasadi topilgan. Ularning aksari tergov-sudsiz qatl etilgan, ayrimlari o‘z vaqtida tibbiy ko‘mak ko‘rsatilmagani oqibatida hayot bilan vidolashgan.

«Rossiya askarlari qurolsiz erkaklarni Ukraina qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlaydi degan gumon bilan o‘ldirgan. Ayrimlari esa o‘limidan oldin qiynoqqa solingan», – deydi BMT mas’ul vakili. Masalan, Kiyev viloyatinig Katyujanka qishlog‘ida Rossiya harbiylari tomonidan er-xotin, ularning 14 yoshli qizi va oilaning kattasi bo‘lgan keksa otaxon o‘z uyiga kirayotganda otib tashlangan.

Oliy komissar yuzlab tibbiyot, ta’lim muassasalari va minglab turarjoylar vayron etilganini ham taassuf bilan qayd etgan. 

YuNISEF ijrochi direktori Umar Umar Abdi esa bolalar jabr ko‘rayotganini urushning eng katta fojiasi deb atagan. 

«Birgina o‘tgan oyda BMT 100 nafar bola halok bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi. Afsuski, bu raqamlar yanada yirikroq bo‘lishi mumkin. Ko‘plab bolalar jarohatlandi. Millionlab kishilar boshpanasini tark etib, darbadarlikka mahkum etildi», – deydi YuNISEF ijrochi direktori.

Muhokamalar yakunida BMT Inson huquqlari kengashi Rossiyaning Ukrainadagi ehtimoliy harbiy jinoyatlarini tergov qilish to‘g‘risida rezolyusiya qabul qildi. Kengashga a’zo 33 mamlakat bu qarorni qo‘llab-quvvatladi, 12 davlat ovoz bermaslikni ma’qul ko‘rdi. Xitoy va Eritreya esa rezolyusiyaga qarshi chiqdi.

Avval xabar berganimizdek, CNN telekanali Rossiya askarlari Kiyev yaqinida ikki nafar tinch aholi vakilini otib tashlagani aks etgan videoni e’lon qilgandi.

Kuni kecha esa Rossiya BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligidan chiqarilib, uning o‘rniga Chexiya qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring