Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMTdagi ovoz berishda birgina davlat Isroilning tarafini oldi

BMTdagi ovoz berishda birgina davlat Isroilning tarafini oldi

BMT Xavfsizlik kengashida Isroilning G‘azodagi bosqinchilik harakatlari, xususan, gumanitar ko‘mak kutib turgan falastinliklar o‘qqa tutilgani qoralangan rezolyusiya ovozga qo‘yildi.

Jazoir tashabbusi bilan chaqirilgan navbatdan tashqari yig‘ilishda BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatlab  ovoz bergan.  Birgina AQSh yana bir marta Isroilni himoya qilgan holda hujjatga veto qo‘ygan.

27 fevral, seshanba kuni Isroil harbiylari gumanitar ko‘mak tarqatilishini kutib turgan ko‘p sonli falastinliklarni o‘qqa tutgani xabar qilingan edi. Oqibatda 122 kishi halok bo‘lgan, 760 kishi jarohatlangan.

Falastin tashqi ishlar vazirligi qurolsiz odamlar o‘qqa tutilganini «sovuqqonlik bilan amalga oshirilgan qirg‘in» deb atagan.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi bu hodisani mutlaqo qabul qilib bo‘lmas voqea deb atagan.

«Isroil askarlarining oziq-ovqat olishga harakat qilayotgan tinch aholi vakillariga o‘t ochishini oqlab bo‘lmaydi», – deb bayonot berdi Fransiya tashqi ishlar vazirligi.

Ispaniya TIVga ko‘ra, bu hodisa G‘azoda zudlik bilan otashkesimga erishishning muhimligini yana bir karra tasdiqlaydi.

Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniya ham Isroilning tinch aholi vakillariga hujumini qoralab, Tel-Avivdan xalqaro huquq me’yorlariga rioya etishni talab qilgan.

Isroil o‘z harbiylari xatti-harakatini oqlab «G‘azo aholisi ogohlantirishlarga e’tibor qaratmagani va tahdid tug‘dirgani» haqida bayonot bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring