Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bojxona postida mohirlik bilan yashirilgan «gashish» fosh etildi

Bojxona postida mohirlik bilan yashirilgan «gashish» fosh etildi

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Surxondaryoda kartoshka ichiga yashirilgan 154 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Ayritom» chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining navbatdagi yashirin aylanmasini aniqlashgan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Ayritom» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi respublikamizda tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishi lozim edi.

Hujjatlarga ko‘ra, unga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangan. O‘rnatilgan tartibda ushbu transport vositasi postdagi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklarning rentgen tasviri bojxona xodimlarini shubhalantirib qo‘ydi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Natijada, avtomashinadagi kartoshka solingan 533 ta qopning 38 tasiga 1305 dona mohirlik bilan tayyorlangan kartoshka shaklidagi o‘ramlar – giyohvandlik vositalari joylangani fosh bo‘ldi. Mazkur o‘ramlardagi «gashish» giyohvandlik vositasining umumiy og‘irligi 154 kilogramm 90 grammni tashkil qildi.

Qonunbuzarlar o‘z qing‘irligini yashirish maqsadida har bir o‘ramga poliyetilen, nusxa ko‘chirishda foydalaniladigan qora qog‘oz va germetik skotch yordamida ishlov berishgan. Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring