Bolalarga qarshi jinoyati uchun qidiruvga berilgan RF Bolalar ombudsmani o‘zbekistonlik o‘quvchining himoyasiga otlandi
2023-yilning 17-martida Xalqaro jinoiy sud Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiya hududiga noqonuniy ko‘chirib o‘tkazishda aloqadorligi sabab hibsga olishga order berilgan RF Bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova Toshkent shahri Chilonzor tumani 188-maktabda o‘qituvchisidan kaltak yegan bolaning himoyasiga otlandi.
Uning aytishicha, bu masalada uning idorasi O‘zbekistondagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonova bilan aloqada.
«Rusiyzabon maktab o‘quvchisining kaltaklanishi bilan bog‘liq vaziyat uning nazorati ostida. Hamkasbimiz mamlakat Ichki ishlar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov yuborgan. Chilonzor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda», – deydi u O‘zbekistonning ichki ishi bo‘lgan yuqoridagi maktabda sodir bo‘lgan vaziyat haqida.
Shu bilan birga, Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov ham Toshkent maktabidagi holat haqida yozib, jumladan, o‘qituvchi, uning oila a’zolari hamda qarindoshlariga Rossiyaga kirishni taqiqlashni taklif qilmoqda.
Eng qizig‘i esa, Alisher Qodirov aytmoqchi «tekis joyda to‘polon chiqarish»ga urinayotgan rus rasmiylari matkab bolasining o‘qituvchisiga gap qaytargani va o‘qituvchining esa ehtirosga berilib o‘quvchini urgani hodisasini, hatto bu mustaqil O‘zbekistonning ichki masalasi ekanini ham e’tiborga olmay, rusofobiyaga yo‘yishmoqda. O‘z navbatida esa ikki kundan buyon qilayotgan ketma-ket chiqishlari bilan o‘zbekistonlik ijtimoiy faol qatlamning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.
O‘zbekiston TIV, O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar rasmiylari esa hanuz jim.
Darvoqe, Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova o‘zining telegram sahifasiga Rossiya TIV rahbari Lavrov va O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidovlarning uchrashgani aks etgan suratni joyladi. Zaxarovaning aytishicha, suhbat mazmuni «millatlararo murosasizlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish» haqida bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter