Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura «tanganing ikkinchi tomoni»ni o‘rgandi

Bosh prokuratura «tanganing ikkinchi tomoni»ni o‘rgandi

Kuni kecha saytimizda «Tanganing ikkinchi tomoni yoxud Sirdaryoda bir kun» sarlavhali maqola Bosh prokuratura tomonidan zudlikda o‘rganildi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Sardobada yuz bergan holat, uning oqibatlarini bartaraf etish, evakuvatsiya qilingan aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratish juda katta kuch va mashaqqat talab qilayotganiga ta’kid shart emas. Kechiktirib bo‘lmas vazifalarni amalga oshirish jarayonida qo‘shimcha muammolar tug‘ilishi ehtimolini nazardan qochirib bo‘lmaydi. Xususan, aholi joylashtirilgan ayrim nuqtalarda dezinfeksiya ishlari olib borilishi, homiylik tariqasida paydan-pay kelayotgan oziq-ovqat va boshqa zaruriy mahsulotlarni qabul qilish va joylashtirishda ma’lum ishlarga jismonan ulgurmaslik holatlari ro‘y bergani bor gap. Biroq mavjud kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etib borilmoqda. Buning uchun huquqni muhofaza qiluvchi va sog‘liqni saqlash tizimi vakillaridan iborat yuzlab xodimlar sarfarbar qilingan.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida turli hududlardan va tashkilotlardan yuborilayotgan homiylik mablag‘lari, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon, qurilish materiallari, kiyim-kechak va ro‘zg‘or buyumlarini Guliston shahrida tashkil etilgan 7 ta va Mirzaobod tumanidagi 1 ta omborxonalarga joylashtirilib, ularning saqlanishi va belgilangan maqsadlarda tarqatilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.

Shuningdek, tuman-shaharlarda tashkil etilgan shtablar, evakuatsiya qilingan fuqarolarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazilishini ta’minlamoqda, ularning yashash sharoitlarini o‘rganishmoqda.

Aniq raqamlarga murojaat etsak, joriy yilning 1-7 may kunlarida alohida ajratilgan omborxonalarga mahsulotlarni saqlash uchun 16 xildagi 1 392,7 tonna (271,1 tonna un, 108,9 tonna o‘simlik yog‘i, 27,2 tonna go‘sht, 302,4 tonna kartoshka, 179,9 tonna piyoz, 138,9 tonna sabzi, 281,6 tonna guruch, 191,0 tonna boshqa mahsulotlar (shakar, sariyog‘, makaron, kolbasa), 36,0 ming dona non, 143,3 ming dona tuxum, 32 bosh qoramol, 137 bosh qo‘y va 196,8 tonna boshqa turdagi) oziq-ovqat mahsulotlari, 51.423 dona yotoq anjomlari, 1.613 dona kiyim-kechaklar, 373,9 ming dona tibbiy vositalar hamda 359,6 ming dona shaxsiy gigiyena vositalari va boshqa mahsulotlar olib kelingan.

Hozirgi pandemiya sharoitida aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalishining oldini olish maqsadida Guliston shahridagi maxsus omborxonalarga (baza) viloyat SEOM tomonidan 5 ta dezinfeksion kameralar o‘rnatilib, barcha keltirilayotgan buyumlar to‘liq dezinfeksiya qilinganidan so‘ng, har bir qabul qilinayotgan mahsulotlar kirim kitoblaridan ro‘yxatdan o‘tkazilib, (mahsulot turiga qarab) alohida joylashtirilmoqda. Tez ayniydigan mahsulotlar muzlatkichlarda saqlanmoqda hamda har bir omborxonalarga kirish-chiqish joylari Milliy gvardiyaning 2 nafardan xodimlari tomonidan qo‘riqlovga olingan va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning 6 nafar xodimlari biriktirilgan.

Guliston shahrida tashkil etilgan tezkor shtab orqali Sirdaryo viloyatining boshqa hududlariga evakuatsiya qilingan fuqarolar ehtiyojlari o‘rganilib, shu kungacha 302,5 tonna oziq-ovqat mahsulotlari (22,7 tonna un, 13,4 tonna makaron, 14,5 tonna o‘simlik yog‘i, 2,4 tonna saryog‘,39,8 tonna guruch, 13,2 tonna go‘sht, 67,4 tonna piyoz, 54,3 tonna sabzi, 10 tonna shakar, 45.610 dona tuxum, 27.062 dona non mahsulotlari va 88,7 tonna boshqa mahsulotlar) tarqatilgan.

Shu bilan birga, 2 mln. donadan ortiq shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, yotoq va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari kelib tushib, ulardan 100 mingga yaqini ehtiyojmand fuqarolarga tarqatildi.

Shu jumladan, Mirzaobod tumanidagi evakuatsiya qilingan 2.986 nafar shaxslarga kunlik ehtiyojdan kelib chiqqan holda markazlashgan tartibda 33,8 tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib, issiq ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlab borilmoqda.

Bugungi kunda omborxonalarda 1.052,3 tonna oziq-ovqat (218,4 tonna un, 72,6 tonna o‘simlik yog‘i, 13,5 tonna go‘sht, 218,6 tonna kartoshka, 93,1 tonna piyoz, 56,5 tonna sabzi, 203,1 tonna guruch, 41,0 tonna boshqa mahsulotlar, 839 ming dona non, 89,0 ming dona tuxum, 32 bosh qoramol va 137 bosh qo‘y) va 2 mln. 50 ming dona nooziq-ovqat mahsulotlari (10 194 dona matrats, 9571 dona yostiq, 26920 dona ko‘rpa, 1 427 ming dona kiyim-kechak, 347,3 ming dona tibbiy vositalar, 182,0 ming dona boshqa mahsulotlar) qoldig‘i mavjud.

Bundan tashqari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va mahalliy hokimliklar tomonidan evakuatsiya qilingan aholini ro‘yxatlari shakllantirilib borilmoqda.

Maqolada nomlari bevosita va bilvosita qalamga olingan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazildi, yuzaga kelgan tushunmovchiliklarga oydinlik kiritilib, ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda masalaga o‘z o‘rnida yechim topildi. Xususan, Mirzaobod tumanida yashovchi B. ismli shaxs 15 nafar oila a’zolarini Sayxunobod tumanida qudasining uyiga joylashtirganligi, biroq qudasining uyida yashashga hijolat bo‘layotganligidan kelib chiqib, ularning zaruriy ehtiyojlari o‘rganildi. Shu o‘rinda ma’lumot uchun qayd etib o‘tish kerak, Sayxunobod tumaniga evakuatsiya qilingan 3.670 nafar aholining (7 may holatiga) 76 nafari ijtimoiy soha ob’yektlariga, 1.401 nafari aholi xonadonlariga joylashtirilgan, 2.193 nafari yashash uylariga qaytib ketishgan.

Hozirda evakuatsiya bo‘lgan hudud to‘liq qamrovga olingan. Shunga qaramasdan ayrim nosog‘lom fikrda bo‘lgan fuqarolarning aholi orasida vahima ko‘tarib, fuqarolar mol-mulkini talon-toroj bo‘layotganligi haqida mish-mish tarqatib, fuqarolar tomonidan norozilik kelib chiqishi ehtimolini yuzaga keltirayotganlar ham yo‘q emas. Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarining suv toshqinidan zarar ko‘rgan 10 ta mahallalarda aholi mulkini talon-toroj qilinishini oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarining 22 nafar tezkor xodimlari biriktirilib, (evakuatsiya vaqtida) chorva mollari va qo‘ylarni xavfsiz hududlarga ko‘chirilib, egalari va IIB, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo‘riqlovga olingan.

Ko‘rilayotgan choralar natijasida hozirgacha 5.323 bosh chorva hayvonlari, shundan 3.572 tasi tirik holda va 1.751 tasi o‘lik holda topilgan.

O‘lik holda topilgan chorva hayvonlarini sanitariya qoidalarida belgilangan tartibda ko‘mish choralari ko‘rilayotgan bo‘lsa, tirik holda topilgan 2.138 bosh chorva mollari o‘z egalariga qaytarilgan, 1.334 boshi ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan egasi aniqlangunga qadar qo‘riqlovga olingan.

Ishchi guruhlar tomonidan har kuni evakuatsiya qilingan aholining kunlik oziq-ovqat mahsulotlariga, yotoq anjomlariga, kiyim-kechaklariga, tibbiy vositalar va boshqa shaxsiy gigiyena vositalariga zaruriyati izchil o‘rganib borilmoqda. Bu borada jiddiy muammo yo‘q, –deyiladi Bosh prokuratura hisobotida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring