Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bo‘sh qutilar fosh qilgan jinoyat (foto)

Bo‘sh qutilar fosh qilgan jinoyat (foto)

100 ming quti sigaret marshruti: Birlashgan Arab Amirliklari — Toshkent aeroporti — Bulung‘urdagi xonadon — chiqindixona.

Atrofga chilim ashyosining sezilar-sezilmas, qaysidir mevaning ta’mini eslatuvchi hidi yoyildi. Samarqanddagi markaziy chiqindixona hududida yuk mashinasidan karton qutilar pastga tashlanayotgandagi holat edi bu.

Oyoq ostida «Milano» tamaki mahsulotlari qatori «Serbetli 50gr» va «Serbetli 1000 gr» chilimbop tamaki mahsulotlari ham ochilib-sochilib ketdi.

Birlashgan Arab Amirliklaridan avaylab Bulung‘urgacha keltirilgan mahsulot endi keraksiz, yo‘q qilinishga mahkum edi. Maxsus qazilgan ulkan handaq oz emas, ko‘p emas, ana shu 1 milliard 700 million so‘mlik mahsulot bilan to‘ldirildi. So‘ng, ekskvatorning ulkan cho‘michlari kontrafakt mahsulotni chunonam yanchdi. Keyin chuqurlikka suv quyildi, yaroqsiz holatdagi tovar bo‘ktirildi. Biroz vaqtdan keyin,  ustiga tuproq tortildi... 

Jinoyatning misi Jartepa bojxonasida chiqqan. Bu 2022 yil noyabrdagi gap. O‘rtada tergovgacha surishtiruv harakatlari bo‘lgan, keyin tergov jarayoni, jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislari. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tuman sudi hukmida qariyb 100 ming quti (10 ming blok) tamaki mahsulotlari hamda 14 448 quti chilim uchun tamaki mahsulotlari musodara qilinishi aytilgan.

15 noyabrda tamaki mahsulotlarining yo‘q qilinishi sud hukmining ijrosidir. Aynan shu sud hukmida jinoiy sheriklar 4 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum etishgacha jazo choralari ham belgilangan. Sud jarayonida aka-uka Ahadovlar timsoli alohida o‘rin tutgan.  Sudlanuvchilardan biri qo‘shni davlat fuqarosi. Jinoyat kodeksining 182 va 186-moddalari bilan ayblangan yigitlar bugunda jazoni o‘tamoqdalar.

Jartepa chegara-o‘tish postidagi bojxona xodimlarining hushyorligi tahsinga loyiq. Toshkent xalqaro aeroportida, go‘yo O‘zbekistondan tranzit yo‘l sifatida foydalanib qo‘shni mamlakatga o‘tkaziladi deb qayd ettirilgan katta miqdordagi tovar, endi Jartepa chegara o‘tish postidan Tojikistonga o‘tkazilayotgandek bo‘lib, ISUZU rusumli yuk mashinasi holati shubhaga olinganda, yuk xonasidagi qutilar bo‘m-bo‘sh ekani fosh bo‘lgan. Tezkorlik bilan boshlangan harakat tufayli «yo‘qolgan» tovar Bulung‘urdagi xonadonda tushirib qoldirilgani ma’lum bo‘lgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi surushturuv va ma’muriy amaliyot shu’basi boshlig‘i Mirkomil Nurmatovning ma’lum qilishicha, voqealar ortidan bo‘sh qutilar bilan chegara postidan o‘tmoqchi bo‘lgan  ISUZU yuk mashinasi ham sud hukmi asosida davlat egaligiga o‘tkazilgan. 

Mutaxassislar yo‘q qilingan mahsulotlar noqonuniy tarzda O‘zbekistonga kiritilgani va aylangani barobarida kontrafakt mahsulot ekanini ham ta’kidlaydilar. Ya’ni, soddaroq til bilan aytganda, bu mahsulotlar ishlab chiqarilgan joyida ham soxta bo‘lgan, asl mol emas.

«10 quti sigaret (bir blok) qadog‘idagi shtrix kod va qadoq ochilganda qutilarning o‘zidagi  shtrix kodlardagi raqamlar turlicha ekani mahsulotning kontrafakt ekanidan dalolatdir», dedi Mirkomil Nurmatov. 

Tadbir so‘ngida o‘tkazilgan brifingda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev, yilning o‘tgan davrida, 229 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati salkam 76,2 milliard so‘mlik 4 871 951 quti (2022 yilning shu davrida 1 527 194) tamaki mahsulotlar ushlab qolinganini ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 14 noyabr holatiga ko‘ra, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi turli huquq tartibot idoralari bilan hamkorlikda noqonuniy tamaki mahsulotlari harakati bilan bog‘liq 16 ta holatni aniqlagan. Bunda 2 milliard 135 million so‘mlik 148 819 quti (2022 yil shu davrida 4 448 quti) tamaki mahsulotlari ushlab qolingan.

Katta miqdordagi tamaki mahsulotlarni yo‘q qilish tadbirida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari, viloyat ekologiya va atrofni muhofaza qilish boshqarmasi, sanitariya epidemologik va jamoat salomatligi boshqarmasi, Majburiy ijro bo‘limlari xodimlari, jurnalist va blogerlar, markaziy chiqindixona xodimlari  ishtirok etdilar.

M.Tangriyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring