Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Boy yer»dagi dahshatli qamoqxonadan svetoforsiz ko‘chalargacha (safar xotiralaridan)

«Boy yer»dagi dahshatli qamoqxonadan svetoforsiz ko‘chalargacha (safar xotiralaridan)

Foto: Thailand-good.ru

Bu maqol nechog‘li haqiqatga yaqinligini rostdan ham miriqib dam olganlar yaxshi biladi. Ayniqsa, dam olishga otlanganda yonidagi hamrohni to‘g‘ri tanlay olgan odam sayohatdan ikki karra ko‘proq rohat-maroq olib qaytadi. Aslida boridagi joyingizning hashamatliligi, u yerdagi sharoitlaru noz-ne’matlardan ko‘ra o‘sha yoningizdagi hamrohlaringiz bilan qanchalik til topishib, ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsa, mayda kamchiliklar, dilxiraliklar ham o‘z ta’sirini ko‘rsata olmaydi.

Men dam olishga odatda oila a’zolarim bilan chiqaman. Bu yilgi ta’til kunlari ham qisqa bo‘lishiga qaramay, juda sermazmun va fayzli kechdi.

Vetnam davlatining Fukuok orolidan orttirgan taassurotlarim, bu orolda ko‘p kitoblarda, internet manbalarida yozilmagan boshimdan kechirgan sarguzashtlar bilan bo‘lishmoqchiman.

Vetnam Sotsialistik Respublikasi – Janubi-sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolida joylashgan, 331,2 ming kvadrat kilometr hududga ega davlat. Bugungi kunda 100 milliondan ortiq aholiga ega. U Laos, Kambodja va Xitoy davlatlari bilan chegaradosh. Vetnam pul birligi dong deb ataladi. Poytaxti – Xanoy shahri.

Qizig‘i bu yerda din va davlat bir-biridan ajralgan, ateizm ham keng tarqalgan bo‘lishiga qaramay, mahalliy aholi animistik madaniyatlarga –ajdodlarning ruhi ularni doimo kuzatib borishiga ishonar ekan. Olis qishloqlarida hatto bugungi kunga qadar ularni o‘z uylarida ko‘mib, ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng qabrni ochib, barcha suyaklarni yig‘ib olib, maxsus idishlarga solib, asrab-avaylab olib qo‘yishar ekan. Aks holda, ularning ruhlari bezovta bo‘lib, tiriklarni ta’qib qilib boradi, degan qat’iy aqidaga ishonishadi. Bundan tashqari, buddaviylik ham aholi orasida keng tarqalganini u yerdagi ibodatxonalarning gavjumligidan ham ko‘rishimiz mumkin.

Fukuok Vetnamning eng katta oroli bo‘lib, hududi 593 kvadrat kilometrga teng. Tarjimasi «boy yer» degan ma’noni anglatadi. Baliq sousi va qora murch ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yaqindan boshlab ilk marvarid fermasi ish boshladi.

Ko‘p yillar yopiq hudud sanalib kelgan orollarga xorijiy sayyohlarning bir oygacha vizasiz kirishi uchun 2014-yil martdan boshlab Vetnam hukumati ruxsat berdi.

Shu bois so‘nggi yillarda bu yerda turizm sohasi keng taraqqiy etmoqda.

Betakror va go‘zal orolni taxminan uch qismga ajratish mumkin. Shimoliy, Janubiy va Markaziy Fukuok. Shimol va janubda turistlar uchun shinam mehmonxonalar va barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lsa, Markaziy qismi mahalliy aholi bilan gavjum bo‘lib, kundalik hayot qaynaydi.

 

Ochiq yuzli va pok qalbli insonlar...

Kambodja qirg‘oqlaridan janubda joylashgan Fukuok orollari kontinental Vetnamning eng yaqin Xat’yena shahriga qadar 40 kilometr masofada qo‘nim topgan. Uchburchaksimon shakldagi orol shimoldan janubga 50 chaqirim, sharqdan g‘arbga qarab 25 kilometr kenglikda yastanib yotibdi. Eng baland nuqtasi Chua tog‘i bo‘lib, 603 metr. Mezozoy va kaynozoy davrida shakllangan orolda bugungi kunda 100 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Fukuok aholisi bo‘yi nisbatan past bo‘lib, menda xushmuomalaligi, ochiq yuzli va pok qalbli insonlar sifatida xotiramda muhrlanib qoldi.

8 kun davomidagi qiziqarli sayohatimiz chog‘ida ko‘chada janjallashgan, bir-biriga baqirgan yoki qo‘pollik qilgan, transportda yo‘l bermasdan signal chalgan mahalliy aholini uchratmadim. Fukuokda svetoforlar yo‘q. Borlari ham eng serqatnov chorrahalarda onda-sonda uchrab turar ekan. Fe’li keng, doim nimtabassum bilan yuradigan odamlar bir-biriga oson yo‘l berib, harakat ishtirokchilarini sekin o‘tkazib yuborishar ekan.

Mahalliy aholining chet tillarini bilish darajasi ancha past, hattoki mehmonxonalarda ham ravon va tushunarli ingliz tilida so‘zlashadigan odamni topish qiyin. Shuning uchun bu muammoning eng oson yechimi onlayn tarjimondan foydalanish orqali aytmoqchi bo‘lgan fikringizni yetkazishdir.

Garchi hozir ular juda xushmuomala, mehmondo‘st va yumshoq tabiatli bo‘lishiga qaramasdan, tarixda vetnamliklar to‘rt marotaba boshqa davlatlar (xitoy, mo‘g‘ul, fransuz va amerikaliklar) mustamlakasidan ozod bo‘lib chiqa olgan. Bu ham ularning millat sifatida qanchalik jips va ahil, vatanparvar ekanligini isbotlaydi.

 

Cheklov – kuniga 200 AQSh dollari...

Fukuok orolidagi mehmonxonalarni ikki toifaga ajratishimiz mumkin. Shimol va Janubdagi ko‘rkam va hashamatli, besh yulduzli mehmonxonalar hamda markazdagi minglab turli o‘lchamdagi va sifat darajasidagi mehmonxonalar. Agar orolda mazza qilib hordiq chiqaraman desangiz, shahar markazidagi mehmonxonalarni tanlashni tavsiya etishmaydi. Chunki ko‘chalar ozodaligi, servis talabga u qadar javob bermaydi.

Fukuok orolida taomlar asosan baliq, tovuq go‘shtidan tayyorlanib, rang-barang ko‘katlar ishlatiladi. Mol go‘shtidan tayyorlangan taomlarni bu yerda iste’mol qilishga shoshmaganingiz ma’qul. Chunki odatda bunday go‘shtlar muzlatilgan bo‘lib, sifatini yuqori deb bo‘lmaydi.

Milliy taomlardan yana biri – Fo bo sho‘rvasi ekan. U guruch unidan tayyorlangan lapsha, ko‘katlar va ingichka qilib to‘g‘ralgan mol go‘shtidan iborat. Fukuoklar nonushtaga ushbu xushta’m taomni sevib iste’mol qilishadi. Bu taom uchun sho‘rva soatlab qaynatilgani bois, mahalliy aholi uni uy sharoitida tayyorlashdan ko‘ra, ko‘proq tamaddixonalarda, jamoa bo‘lib iste’mol qilar ekan. Menga juda yoqdi.

Biz joylashgan besh yulduzli mehmonxona «Vinpearl Resort and Spa» mehmonxonasi juda chiroyli, toza, har tomonlama shinam bo‘lib, o‘zining alohida plyaji, keng basseyniga ega. Mehmonxonada turistlar uchun barcha sharoitlar mavjud bo‘lsa-da, xizmat ko‘rsatish sifatini ancha isloh qilishga muhtoj. Qolaversa, mehmonxonada valyuta ayirboshlash uchun doim mablag‘ tanqisligi mavjud. Buni mehmonxona xodimlari har bir xona uchun kunlik 200 AQSh dollari miqdorida limit o‘rnatgani ham tasdiqlaydi.

 

Hayvonot bog‘i – orolning durdonasi

Dam olishga kelgan har bir odam albatta Vinpearl Safari hayvonot bog‘i, Wonderland ko‘ngilochar parki, GrandWorld afsonalar dunyosi, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan va umumiy uzunligi 8 kilometr bo‘lgan kanat yo‘liga tashrif buyuradi.

Bu yerdagi hayvonlar uchun haqiqiy tabiat qo‘ynidagi sharoitlar yaratib berilgan. Yovvoyi hayvonlarni ko‘rish uchun maxsus avtobusda, ikki bosqichli xavfsizlik panjaralari orqali kirib, tomosha qilish imkoniyati mavjud. Jonivorlarga boy maskanning muhtashamligini tasavvur qilishingiz uchun hayvonot bog‘ini to‘liq aylanib chiqishga bir kun sarflanishini aytib o‘tmoqchiman.

Agarda ekstremal sharoitlarda sayohat qilishni yoqtirsangiz, bu yerda dayving, snorkling uchun ham alohida turlar taqdim etiladi. Manzilingiz so‘ngida kichik orollardan birida dengizdan tutilgan yangi baliqlardan pishirilgan tansiq taomlardan tanovul qilishingiz ham mumkin. Eng asosiysi, siz tinimsiz dengiz chayqalishini ko‘tara olsangiz bas.

Odamlarning aytishicha, orol uchun hamon Kambodja bilan ziddiyat mavjud. 1975-yil 1-mayda qizil kxmerlar bo‘linmasi orolni egallab oladi va talaydi. Ammo Vetnam uni tezda qaytarib oladi. Bu kampuchiylar va Vetnam o‘rtasida ziddiyatga sabab bo‘ladi. 1982-yil iyulda ikki davlat o‘rtasida bitim imzolanganiga qaramay, orolga egalik bo‘yicha bahslar doim ko‘tarilib turadi.

Kichik tadbirkor soliqdan ozod

Fukuokda marjondan taqinchoqlar sotuvchi bir nechta rasmiy do‘konlar tarmog‘i mavjud ekan. Odatda u yerga sizni transfer qo‘yarda qo‘ymay, aldab bo‘lsa ham do‘konga olib boradi. Dallol nega buncha jonsarak va harakatchan ekanini keyin bildik. Har bir olib borgan mijozi narsa xarid qilsa, bu yerda unga shu zahotiyoq foiz to‘lanarkan.

Orol aholisining o‘rtacha oylik daromadi 200-300 AQSh dollarini tashkil qiladi. Aholi yashash uylari asosan qashshoq darajada. Ko‘chalarni tozalash xizmatlari juda sust ishlashiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Shuning uchun ham bu yerda hukumat vakillari oddiy aholi oyoqqa turib olishi uchun soliqlarni bekor qilgan ekan. Ya’ni kichik do‘konlar ochgan, mayda xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar hech qanday soliq to‘lamaydi.

Vetnamning huquqiy tizimi bu yerning mahalliy urf-odatlariga turli bosqinlar natijasida boshqa davlatlarning ta’sirida shakllangan.

Qonunchilik kodifikatsiyalangan, o‘z Konstitutsiyasi va qonunlari mavjudligi bilan birga, olis hududlardagi chekka qishloqlar aholisi o‘z urf-odatlari va an’analariga amal qilish, ular orqali huquqiy munosabatlarni tartibga solishga Asosiy qonunda ruxsat berilgan.

Huquqiy manbalarga Konstitutsiya, qonunlar, Milliy majlis qarorlari, Milliy majlis doimiy qo‘mitasining farmon, dekret va qarorlari, mamlakat Prezidentining buyruq va qarorlari, Hukumat qarorlari, vazirlik va idoralar, mahalliy hukumat qonunosti hujjatlari kiradi.

«Kokos qamoqxonasi» – do‘zaxning namunasi...

Fukuokning Janubiy qismiga sayohatimiz davomida mashhur «Kokos qamoqxonasi»ga cayohat qildik.

Bu qamoqxona 1953-1975-yillar davomida faoliyat yuritgan. 1973-yili bir vaqtning o‘zida 40 mingdan ziyod mahbusni, asosan harbiy asirlarni saqlagan dahshatli joy bo‘lgan. Bu yerda kundalik azoblovchi qiynoqlar, tahqirlovchi jazo choralari keng qo‘llanilgan. Qamoqxonaning bir qismi avlodlarga o‘tmishdan mudhish xotira sifatida saqlanib qolinib, insonlar o‘rtasida odamiylikni saqlash, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni asrab-avaylash uchun jonli muzey sifatida qayta tashkil etilgan.

Mahalliy gidning aytishicha, bu qamoqxona Vetnamga fransuzlar bostirib kirgan davrda bunyod etilgan bo‘lib, u yerda mahbuslar misli ko‘rilmagan qiynoqlarga duchor qilishgan. Keyinchalik, Vetnamdagi ichki urushda markaziy hukumat tomonidan foydalanilgan.

Bunday g‘ayriinsoniy sharoitlarga chidolmagan mahbuslar qamoqxonadan qochish maqsadida qoshiq, mix va boshqa qattiq buyumlar yordamida baraklaridan birida tunnel qazishni boshlagan ekan. Ma’muriyatni ko‘zini shamg‘alat qilishga erishgan mahbuslarning 21 nafari qochib ketishga muvaffaq ham bo‘lgan. Ana shu qochish yo‘lagi qamoqxonada hanuzgacha saqlanib qolgan. Jazo muddatini o‘tayotgan odamlarning ozodlik istab qochayotgan haykallari yasalgan va ularning xatti-harakatlari beixtiyor ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi.

Bunday ta’sirchan va ibratli sayyohlik yo‘nalishi tinchlik-totuvlik ne’mati qadrini, qiynoqlarsiz jamiyat afzalligini, barchaning huquqlari va erkinliklari ozod yurtda yashash saodati qadrini menga yana bir bor idrokim prizmasidan o‘tkazdi.

Siam bo‘g‘ozida joylashgan, atrofida yana 21 ta kichik orolchalarni o‘zida birlashtirgan Fukuok o‘zining mayin ob-havosi, betakror tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi, shirin mevalariyu turli bo‘ston manzillari bilan xotiramda qoldi.

Shahzoda

Xabar.uz uchun maxsus

Toshkent – Fukuok – Toshkent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring