Britaniyaga 15 ming nafar quruvchi kerak

Buyuk Britaniyada yangi uylar qurish uchun ishchi kuchi yetishmayapti, mamlakatga qo‘shimcha 15 000 nafar quruvchi kerak, deb xabar bermoqda «Mirror». Ayni paytda vazirlarning boshi qotgan: yangi uylar qurish bo‘yicha dasturni tezlatish uchun qo‘shimcha kuchni qayerdan topish mumkin?
Konservativ partiya vakili ser Oliver Letvinning aytishicha, agarda Buyuk Britaniya yiliga 300 mingta yangi uy qurish bo‘yicha maqsadini amalga oshirishni istasa, ishchilarni o‘qitishga qaratilgan maxsus dasturini ham yaratishiga to‘g‘ri keladi. Bu dastur mamlakatda qurilayotgan uylar sonini yiliga 200 mingtadan 300 mingtaga oshirishning yagona chorasi sifatida ko‘rilmoqda.
Dasturdan maqsad g‘isht teruvchilar sonini qo‘shimcha 25 foizga oshirishdir.
Letvinning ta’kidlashicha, ochko‘z quruvchi tashkilotlar bir paytda foydalanishga topshiriladigan uylar soni ko‘payib ketmasligi uchun atayin ishni paysalga solishmoqda. Chunki bir paytda ko‘p uylar qurib topshirilsa ko‘chmas mulk narxi pasayadi. «Holbuki, quruvchi korxonalar o‘zlari tiklayotgan uylarning o‘lchamlari va dizayniga o‘zgartirishlar kiritib ham yaxshigina pul ishlashlari mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan Letvin.

Jamoat va o‘zini o‘zi boshqarish ishlari vaziri Jeyms Brokenshir ham odamlar tezroq shaxsiy uy-joylariga ega bo‘lishlarini istashini bildirib o‘tgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter