Srechko Katanets nima uchun O‘zbekiston terma jamoasi avvalgi jahon chempionatlariga chiqa olmaganini ochiqladi
O‘zbekiston milliy jamoasi ertaga JCh-2026 saralashi, uchinchi bosqichi doirasida KXDRga qarshi o‘z maydonida uchrashuv o‘tkazadi. Ushbu bahs oldidan milliy jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanets va hujumchi Eldor Shomurodov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Srechko Katanets o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Tarkib haqida
Ertaga bo‘ladigan o‘yinga hamma narsa tayyor, tarkib masalasida hech qanday muammo yo‘q. Kecha o‘tkazilgan mashg‘ulotda ko‘rdimki, barcha o‘yinchilar maydonga tushishga shay bo‘lib turibdi. Albatta qaysidir futbolchida yetarlicha o‘yin amaliyoti bor, boshqasida kamroq. Murabbiy sifatida mendan talab qilinadigan narsa – futbolchilarning holatidan kelib chiqib tarkib tanlash.
Raqib haqida
KXDR kuchli jamoa va men bu raqibga hurmat bilan qarayman. Chunki ular oldingi bosqichda boshqalardan ustun kelishdi va bunisiga o‘ta olishdi. Shunday ekan, ularga nisbatan boshqacha qarash uchun menda hech qanday sabab yo‘q. Biz raqibni faqat hurmat qilamiz.
O‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilmagani haqida
Ayni vaqtda KXDR bilan bizning o‘rtamizdagi farq shundaki, ular uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarlicha o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishdi va ikkita o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi. Biz esa vaziyat taqozosi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri maydonga tushishimiz kerak.
Ammo men bu holatdan nolimayman, biz uch yildan beri bir jamoa bo‘lib harakat qilib kelmoqdamiz va bir-birimizni a’lo darajada yaxshi bilamiz. Yigitlar ertaga maydonga tushadilar va g‘alaba uchun borlarini beradilar.
Ortiqcha motivatsiya
Ba’zan motivatsiya haddan ortib ketishi ham muammolarga olib keladi. Biz o‘zimizga savol berib ko‘rishimiz kerak – nima uchun O‘zbekiston terma jamoasi oldin jahon chempionatiga chiqa olmagan? Chunki ortiqcha bosim ham zarar keltirib qo‘yadi. Biz mundialga chiqish uchun yaxshi ish olib boryapmiz va shunday ishlashda davom etishimiz kerak. Bu bosqichda kuchsiz raqib bo‘lmaydi va har bir uchrashuv katta ahamiyatga ega.
KXDR o‘tkazgan o‘yinlar haqida
KXDRni o‘rganish uchun bizda yetarlicha materiallar bor edi, bu – o‘tgan bosqichdagi rasmiy o‘yinlar va oxirgi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi. Albatta biz ularni tahlil qilib chiqdik, ammo bir narsani aytishim lozim – bu raqib haqida ko‘p narsa aytish juda qiyin. Chunki o‘yindan o‘yinga tarkibi o‘zgarib boraveradi. Masalan, o‘rtoqlik o‘yinlarida ham to‘rt nafar yangi o‘yinchini sinovdan o‘tkazishdi.
Albatta KXDRning o‘yin uslubini taxmin qilib ko‘rish mumkin, ular ko‘proq himoyaviy o‘yin ko‘rsatishadi va qarshi hujumlardan foydalanishga harakat qiladilar. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham biz raqibga emas, o‘zimizga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Biz KXDRdan kuchliroqmiz, biz shu maydonning egasi, xo‘jayinimiz va ertaga bo‘ladigan o‘yinda shuni isbotlash qoldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter