Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun Xalqaro xayriya kuni: odamiylik sinovi

Bugun Xalqaro xayriya kuni: odamiylik sinovi

foto: iStockPhoto.com

Har yili 5 sentyabr butun dunyoda Xalqaro xayriya kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana bejiz tanlanmagan: u butun umrini muhtojlarga yordam berishga bag‘ishlagan buyuk inson – Tereza onaning vafoti kuniga to‘g‘ri keladi. Tereza ona 1979-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan, uning qashshoqlikka qarshi kurash va insoniyat azob-uqubatlarini yengillashtirishdagi tinimsiz sa’y-harakatlari e’tirof etilgan.

Tereza onaning ushbu fikri endilikda shiorga aylangan: «Biz barcha uchun katta yaxshiliklar qila olmaymiz, ammo biz kichik ishlar orqali katta muhabbat ko‘rsata olamiz.»

Nega bu kun muhim?

Ushbu maxsus kunning maqsadi ijtimoiy mas’uliyat haqida xabardorlikni oshirish, xayriya tadbirlarini rag‘batlantirish va qashshoqlik, ochlik, ta’lim, farovonlik kabi muammolarni hal qilish uchun butun dunyo bo‘ylab jamoalarni birlashtirishdir. Bu kun, shuningdek, kichik ezgu harakatlar ham jamiyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini eslatib turadi.

Xayriya bu faqat moddiy yordam emas. Inson o‘z vaqti, bilimi, mehri yoki tajribasini ham xayriya qilishi mumkin. Kelajakda bu kichik yordamlar katta amaliy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan biror bolaga kitob sovg‘a qilish, keksalarning yukini yengillatish yoki uysiz hayvonga mehr ko‘rsatish ham chinakam xayriyadir.

Bu kun bizga nimalarni eslatadi?

Hammamizda berish mumkin bo‘lgan narsalarimiz bor. To‘g‘ri yordam kichik bo‘lishi mumkin, lekin uning ta’siri beqiyos. Loaqal bugun siz bir insonni yaxshi so‘zingiz bilan ham xursand qila olasiz. Bu kun bizga yanada mehrga saxiyroq bo‘lishimizni eslatadi. Qolaversa jamiyatning insoniy qiyofasi xayriya ishlari orqali ko‘rinadi.

Beshinchi sentyabrning ahamiyati nimada?

Xayriyani yilning har qanday kunida amalga oshirish mumkin. Ammo 5 sentyabrda uning ko‘lami odatdagidan ham kengroq bo‘ladi. Chunki 2012-yil BMT tomonidan 5 sentyabr Xalqaro xariya kuni deb rasman e’lon qilingani sabab, dunyodagi ko‘plab davlatlar, tashkilotlar va hatto biznes kompaniyalar ham maxsus aksiyalar, marafonlar va xayriya tadbirlari o‘tkazishadi. Shu kuni jamoatchilik e’tibori aynan saxovat va yordamga qaratilgani uchun xayriyaning ta’siri ham ko‘proq seziladi.

Dunyo va biz

Yevropada bu kunda marafonlar va aksiyalar o‘tkaziladi, AQShda esa ko‘ngillilar jamoaviy xayriya tadbirlariga chiqishadi. Bizda bu kun nishonlanmasa-da, lekin Ramazon va Qurbon hayitida har doimgidan ko‘proq odamlarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi, xayriya aksyailari tashkil qilinadi. Demak, bugungi kun ham bag‘rikengligimizni ifodalash uchun yana bir sabab bo‘la oladi.

Ta’sirchan voqealar

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, global xayriyalar yiliga qariyb 2,7 trillion dollarni tashkil qiladi.

Masalan 2004 yilgi Indoneziya sunamidan keyin dunyo bo‘ylab milliardlab dollar yig‘ildi, yuz minglab ko‘ngillilar qurbonlar va tirik qolganlarga yordamga otlandi. Bu hamjihatlikning tarixda qolgan eng yirik misollaridan biri.

COVID-19 pandemiyasi davrida minglab insonlar ko‘ngilli sifatida shifoxonalarda ishladi, kimdir niqob tikib tarqatdi, kimdir oziq-ovqat yetkazib berdi. Bu davr odamiylikning haqiqiy sinovi bo‘ldi.

O‘zbekistonda esa 2020-yilgi Sardoba fojiasi paytida butun yurt aholisi bir tanu bir jon bo‘lib, xonadonlaridan ayrilganlarga uy-joy va oziq-ovqat yetkazib berishdi. Bu xalqimizdagi bag‘rikenglikning chin isboti edi.

Xayriyada yetakchi mamlakatlar

Dunyoda eng saxovatli mamlakatlar statistikasida yildan-yilga o‘zgarish bo‘ladi, ammo Jahon xayriya indeksi 2024-yil ma’lumotlariga ko‘ra: bir necha yildan buyon Indoneziya dunyoda eng ko‘p xayriya qiladigan davlat sifatida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Myanma, Keniya, Singapur ham ko‘ngillilik va xayriya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar sifatida qayd etilgan. Yana AQSh, Avstraliya, Kanada eng ko‘p xayriya qiladigan mamlakatlar qatorida.

Qizig‘i shundaki, bu davlatlarning ba’zilari iqtisodiy jihatdan juda boy emas. Demak, xayriyaning asosi saxiylik, moddiy imkoniyat emas.

Siz qanday ishtirok etishingiz mumkin?

Masalan o‘qituvchi bo‘lsangiz o‘quv dargohlarida ushbu kunning ahamiyatini yoshlarga tushuntirishingiz mumkin. Xalqaro xayriya kunini nishonlash o‘quvchilar o‘rtasida hamdardlik, saxovat va birdamlik kabi asosiy qadriyatlarni singdirishga yordam beradi. Xayriya loyihalarida ishtirok etish orqali yoshlar ijtimoiy farovonlik, faol fuqarolik pozitsiyasi va ijobiy ta’sir ko‘rsatish muhimligini o‘rganadi. Xayriya mavzusi bo‘yicha insholar tanlovini o‘tkazish ham maqsadga muvofiq. Hafta davomida «tasodifiy xayrixohlik»ka qaratilgan sinf loyihalarini boshlang.

Mehribonlik uylari, boshpanalar, rak bilan kasal bo‘lgan bolalar xospislariga tashrif buyuring yoki farzandlaringiz bilan hayvonlarni parvarish qilish tashkilotlari uchun xayriya aksiyasini tashkil qiling.

Kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun jamoat markazlarida, kutubxonalarda kitob yoki oziq-ovqat tarqatish orqali ko‘ngilli vaqt o‘tkazing.

Saxiylikning ahamiyati haqida qo‘llanmalar va ma’lumot beruvchi materiallarni yarating va tarqating.

16 sentyabr Butunjahon ozon kuni uchun ekologik xayriya tadbirlarini rejalashtiring.

Bu shunchaki sana emas...

Xullas, Xalqaro xayriya kuni taqvimdagi sanadan ko‘ra muhimroq – ushbu kunning maqsadi barcha insoniyatni mehr-oqibatli va adolatli dunyoni qurishga yordam berish uchun harakatga chaqirishdir. Bugun insonni ezgulikka chorlaydigan eng muhim kun bir-birimizga befarq bo‘lmaslikni yodga soladi. Chunki har bir kichik tashabbus jamiyatimizdagi yanada katta ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shishi mumkin.  

Yana bu kun  insonparvarlikning eng yuksak  cho‘qqisini belgilaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring