Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bureau Veritas Tashkent savdo tarmoqlaridan biriga ISO xalqaro sertifikatlarini topshirdi

Bureau Veritas Tashkent savdo tarmoqlaridan biriga ISO xalqaro sertifikatlarini topshirdi

14-mart, dushanba kuni Toshkentda yetakchi savdo tarmoqlaridan biri – «Korzinka»ga Bureau Veritas sertifikatlash organi tomonidan beshta ISO xalqaro sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bureau Veritas Tashkent sertifikatlashtirish organi rahbari M. Rasulova sertifikatlarni kompaniya rahbariga rasman topshirdi.

Yirik chakana savdo tarmog‘i hisoblangan «Korzinka» rahbari ISO 9001, ISO 22000, ISO 45001, ISO 14001 va ISO 50001 xalqaro standartlari talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni qabul qilib olgan.

Qayd etilishicha, ISO xalqaro standartlarini tatbiq etish bir qator tadbirlarni bosqichma-bosqich o‘tkazishni o‘z ichiga oldi: xodimlarga ISO xalqaro standartlarining asosiy talablarini o‘rgatish, muvofiqlashtiruvchi hujjatlarni ishlab chiqish va tatbiq etish, ichki hujjatlar talablarini xodimlarga o‘rgatish, ichki audit o‘tkazish va sertifikatlash auditiga tayyorgarlik. 

ISO xalqaro sertifikatlari uch yil muddatga beriladi, bu davrda har yil oralig‘ida ISO xalqaro standartlari talablariga moslik bo‘yicha IMT inspeksion auditlari o‘tkazib turiladi.

«ISO sertifikatlari mahsulot va xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, xodimlar xavfsizligini oshirish, ish joyida xatarlarni kamaytirish hamda eng yaxshi, xavfsiz mehnat sharoitlari yaratishga mas’uliyat bilan yondashuvchi tashkilotlarga taqdim etiladi. Bozorning doimo o‘zgarib turadigan, biznesning har bir sohasiga tegishli talablariga javob berish, chakana savdo sohasida innovatsiyalarni qo‘llash — butun bir faoliyatimizni harakatlantiruvchi kuchdir. ISO xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlash endi biz tomonimizdan belgilangan standartlar muntazam yaxshilanishi uchun platformani ta’minlaydi», – deydi sifat nazorati departamenti direktori Alisher To‘rayev.

O‘z navbatida, «Korzinka» rahbari Zafar Hoshimov standartlar, avvalo, kompaniya uchun sara amaliyotlarda qo‘llangan yangi bilimlar manbai hisoblanishini ta’kidlaydi. Shuningdek, beshta ISO sertifikatlarining mavjudligi jamiyat va atrof-muhit oldidagi sifat, xavfsizlik va mas’uliyat bo‘yicha yuqori standartlarni ta’minlashda kompaniyaning ilg‘or yondashuvini e’tirof etishini bildirdi.

«Bu, shuningdek, kompaniyamizning ijtimoiy mas’uliyati va uning barqaror taraqqiyotga intilishini namoyon etadi», – deydi Zafar Hoshimov.

Ma’lumot uchun, ISO sertifikatsiyasi — bu korxona Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan o‘rnatilgan standartlarga mos kelishini baholash jarayoni va tasdig‘i hisoblanadi. Ushbu standartlar tashkilot faoliyatining turli jabhalarini qamrab oladi. Jumladan, mahsulotlar va xizmatlarning sifati hamda xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va mehnat muhofazasini ta’minlash, boshqaruv, ekologik barqarorlik va energiya samaradorligini o‘z ichiga oladi.

ISO xalqaro standartlarining afzalliklari esa:

  • ISO 9001 — bu butun dunyoda tan olingan sifat boshqaruvi standartidir. U tashkilotlarga barcha hajm va sohalarda o‘z ishini yaxshilash, mijozlar kutilmalariga munosib bo‘lish va sifatga sodiqlikni namoyon etishda ko‘maklashadi. Uning talablari sifat menejmenti tizimini (SMT) shakllantirish, tatbiq qilish, qo‘llab-quvvatlash va muntazam yaxshilanishi tartibini belgilaydi. ISO 9001 standartini tatbiq qilish tashkilotda samarali jarayonlar qo‘llanilayotgani va xodimlar jamoasi o‘qib-o‘rgatilganligi, bu sifatli mahsulotlar va xizmatlarni qayta-qayta taqdim etishga zamin yaratayotganligini anglatadi.
  • ISO 22000 — oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida barcha ishlab chiqarish va qayta ishlash bosqichlarida xalqaro standartlarga javob berishni angalatadi. U tashkilot oziq-ovqat xavfsizligiga nisbatan ehtimoliy tahdidlarni aniqlash mezonlarini belgilaydi.  ISO 45001 — sog‘liqni saqlash va mehnat muhofazasini ta’minlash menejment tizimi bo‘yicha birinchi global standart.
  • ISO 14001 — korxonada ekologik menejment tizimi (EMT) tatbiq qilinganligini tasiqlovchi sertifikat. Mazkur tizim ishlab chiqarish jarayonlarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga va tiklanmaydigan manbalardan maqsadga muvofiq tarzda foydalanishga yo‘naltirilgan. ISO 14001 qo‘llanishi manfaatdor tomonlarga atrof-muhitga ta’sir minimal bo‘lishi haqida kafolat beradi.
  • ISO 50001 — energetik menejment tizimi. Energiya samaradorligini tatbiq etish tashkilotlarga pul mablag‘lari, shuningdek, manbalarni tejash va iqlim o‘zgarishlari darajasini pasaytirishga zamin yaratishda ko‘maklashadi. ISO 50001 tashkilotlarni turli sektorlarda energiya menejmenti tizimlarini (EnMS) ishlab chiqish yo‘li bilan energiyadan nisbatan samarali foydalanishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring