«Buvimni kechira olmayapman...»

Bugun eng yomon kunim. Xotiralarim qayta jonlangan kun. Qalbim og‘riyapti, dod solib yig‘lagim kelyapti. Yig‘lab-yig‘lab anhor bo‘yiga kelib qolibman.
Qadrdon anhor. Avval ham dunyolarga sig‘may ketsam shu anhor bo‘yiga kelardim. Yig‘lab dardimni suvga aytardim.
Bir oylik kelinman. Bir soat avval ham baxt osmonida uchib yurgan edim. Bolaligimni eslagim kelmaydi. Men va akamga shirin bolalik nasib qilmagan.
Onam kambag‘al oilaning farzandi bo‘lgan. Kelin bo‘lib tushganida otamning tutqanoq kasali borligini bilmagan ekan. Akamdan keyin men dunyoga kelganman. Amakimning o‘g‘li Sardor bilan ketma-ket tug‘ilganmiz. Biz tug‘ilgan yilimiz bobom vafot etgan ekan.
U vaqtlar otam bizni yaxshi ko‘rardi. Aqli xushi joyida bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Negadir buvim bizni yoqtirmasdi. Ismim bilan chaqirmas, shumqadam derdi.
Hamma bolalar bayramlarni yaxshi ko‘radi. Men esa bayram bo‘lishini xohlamasdim. Sababi, bayram kunlari buvimning chakagi tinmasdi. Onamga ozor berardi.
– Bugun ovsiningiznikidan tog‘ora keladi. Siznikilar tog‘ora nima ekanligini bilmaydiya. Uyat ham yo‘q. Tavba...
Onam yelkasini qisgancha uy ishlarini qilib yuraveradi. Onam maktabda farrosh bo‘lib ishlardi. Ishdan kelib ham tinim bilmasdi. Amakimning xotini kun bo‘yi uyda bo‘lsa ham, qo‘lini sovuq suvga urishni xohlamasdi.
Borgan sari otamning ahvoli yomonlashib borardi. Bir yerga tikilib o‘tirar, tutqanoq tutishi ko‘payib ketgandi. Buvimning gapiga kirib, onamni ko‘p urardi.
Men maktabga chiqqan yili, bizga yer berishdi. Ammo, uy qurishga otamning puli ham, kuchi ham yo‘q edi.
Ertasiga maktabga chiqadigan kuni hayajondan yuragim qattiq urayotgan edi. Onam menga maktab formasi tikib berdi. Akam o‘tgan yilgi maktab formasini kiyadigan bo‘ldi.
Ertalab kiyinib hovliga chiqdik. Yangi, qimmatbaho kostyum-shim kiyib olgan Sadorga tikilib qoldik. Kelinoyim o‘g‘lining atrofida girdikapalak edi. So‘rida o‘tirgan buvim shang‘illadi.
– Voy, buvisining polvon o‘g‘li. Maktabga chiqsa o‘zim o‘rgilay-da. Ol, bolam. Mana bu pulga tushlik qilasan. Dadang maktabga tashlab qo‘ysin. Onang borib olib keladi.
Onam dastuxondan ikkita kichkina non bo‘lagini olib qog‘ozga o‘radi-da, bizning sumkamizga solib qo‘ydi. Shoshilib amakim mashinasini o‘t oldirdi. Kelinoyim Sardorni mashinaga o‘tqazdi. Qarsillatib eshikni yopdi. Onam ham, biz ham o‘sha maktabga ketardik. Amakim yuringlar olib ketaman demadi. Uchinchi sinfga borayotgan akam onamga qaradi.
– Ayajon, katta bo‘lsam o‘zim sizni mashinada olib yuraman.
Onam ko‘zida yosh bilan jilmayib bizni quchoqladi.
– Men bu taqdirga ko‘ndim. Lekin, sizlarni o‘qitaman. Hali katta odam bo‘lasizlar. Bizga haqsizlik qilganlarga, bizni xorlaganlarga bilimingiz va yaxshi amallaringiz bilan javob berasizlar. Buni unutmanglar. Xo‘pmi?
Biz bosh irg‘ab qo‘ydik.
Sardor bizni farroshning bolasi deb kamsitar, buvim unga qo‘shilib kulardi. Bir kuni maktabdan kelsam, so‘rida men yaxshi ko‘rgan obinovvot qovun turgan ekan. Yugurib borib hidladim. Biram mazzaki. Keyin qo‘limga olmoqchi bo‘ldim. Qovun sirg‘alib yerga tushdi. Ikkiga bo‘linib ketdi. Qo‘rqqanimdan baqirib yubordim. Uydan buvim chiqdi. Xovlini boshiga ko‘tarib baqirdi.
– Ha, shumqadam. Namuncha ochko‘zsan? Sabr qilsang so‘yganimizda zahringga yerding.
Keyin kelinoyimga buyurdi.
– Oling. Chiroyli qilib kesib muzlatgichga solib qo‘ying. Oldidan ozgina kesib, anovingga bering. Kinnasi kirib bir nima bo‘lib qolmaylik.
Kelinoyim qovunni ezilib ketgan joyidan kesib itga tashlagandek yonimga qo‘ydi. Darsdan qaytib bizni kuzatayotgan akam yonimga keldi.
– Orzu, yur. Darsimizni qilamiz. Qovun yemasak xech narsa qilmaydi.
Buvim akamga zahrini sochdi.
– O‘, shoxanshohni bolasi. Onasiga o‘xshab, otdan tushsa ham, egardan tushmaydi.
Keyin qovunni oldida, so‘rida so‘lagi oqib, bir nuqtaga tikilib o‘tirgan otamning yoniga qo‘ydi.
Birozdan keyin onam ishdan qaytdi. Maosh olgan ekan. Past ovozda buvimga yalinganini eshitdim.
– Aya, maoshimga sekin-sekin qurilish ashyolarini olishni boshlaylik. Bolalar ham katta bo‘lib qoldi.
– Hoy kelin. Kichkinam dardisar akasini boqsinmi yoki sizni va itvachchalaringiznimi? Yeyish-ichishingiz nima bo‘ladi? Uyingizdagilardan bir tiyinlik foyda bo‘lmasa.
Onam uyga kirib yig‘lab yubordi. Akam bilan yugurib borib uni quchoqladik.
Kechqurunlari akam menga ertak o‘qib berardi. Men to‘xtamay savol berardim.
– Aka, yalmog‘iz kampir yomonmi?
– Ha, yomon.
– Buvimga o‘hshaganmi?
– Jim. Eshitib qoladi.
Negadir, otamning o‘limi menga uncha ta’sir qilmadi. Chunki, u hayotimizda yo‘qdek edi.
Bir kuni onam qo‘lida og‘irgina tugun bilan kirib keldi. So‘rida o‘tirgan buvim hayron bo‘lib so‘radi.
– Nima bu?
– Mato. Buyurtma oldim. Ishdan keyin tikaman. Qancha ko‘p choyshab tiksam shuncha yaxshi.
– Ha... Esimdan chiqibdi. Onangiz qilgan eski tikuv mashinangiz bor ediya. Lekin, oyog‘ingizda aylantiring. Tok ketmasin.
– Xo‘p.
Onam ozib-to‘zib ketdi. Ishdan charchab keladi, kir yuvadi, ovqat qiladi. Keyin yarim kechagacha buyurtma tikadi. Akam oltinchi, men uchinchi sinfga borayotgan edik. Tog‘alarim puldan yordam bera olmasa ham, uyimizni usta ishlatmay o‘zlari ko‘tarib berishdi. Onam qishgacha ko‘chib o‘tish payida edi. Buvim hozir ko‘chmaysizlar deb turib oldi.
– Aya, sizlarga yuk bo‘lmaylik.
– Ko‘chsangiz ham bolamning nafaqasini sizga bermayman.
– Mayli, aya. Mening maoshim yetadi.
O‘shanda tushunmagan ekanman. Davlat bizga boquvchisini yo‘qotganligi uchun nafaqa berar ekan.
Chala bitgan uyga ko‘chib chiqdik. Ro‘zg‘orimizga baraka kirib qoldi. Onam maoshini oladi. Buyurtma tikadi. Qo‘shni amaki akamga issiqxona qilishni o‘rgatdi. Hatto, o‘zi issiqxonasini yangilaganda, akamga eskilarini berdi. Endi biz ham tinmay ishlay boshladik. Uch yil deganda issiqxonadan mo‘may daromad kela boshladi. Shu paytgacha bir marotaba holimizni so‘ramagan buvim, Sardorni yuborishni boshladi. Qish kunlari bodring, pomidor, ko‘katlarni qizg‘anmasdi onam.
Yillar bizning foydamizga ishladi. Akam oliygohga kirdi. Mashina sotib oldi. Issiqxonani kengaytirdi. Onam ishdan bo‘shadi. Uyimizda kichkina tikuv sexi ochdi. Maxalla ayollarini ish bilan ta’minladi.
Bu orada amakim narkotikaga aralishib qamalib ketdi. Bu yil oliygohni ikkinchi kursida, yaxshi oilaga kelin bo‘ldim. Buvim kasal ekan. To‘yimga kelmadi. Kelmagani yaxshi bo‘ldi. Unga nisbatan yuragimda nafratdan boshqa xech narsa yo‘q.
Kecha qo‘shni dugonam gapirib qoldi.
– Orzu, kecha buvinglarnikida janjal bo‘ldi. Mahalla odamlari yig‘ildi. Sardor ichib kelib buvingni uribdi.
– Menga nima? O‘zi pishirgan osh. Biri o‘lib biri qolsin.
Bugun uyimga keladigan kunim edi. Turmush o‘rtog‘im olib kelib qo‘ydilar. Darvoza ochiq ekan. Shinam hovlimiz gullarga burkangan. Zamonaviy issiqxonani tomi ochib qo‘yilgan. Onamni chaqirdim. Birdaniga so‘rida o‘tirgan buvimga ko‘zim tushdi. Toshdek qotib qoldim. Onam quchog‘ini ochib qarshimga chiqdi.
– Go‘zal qizim, keldingmi? Sog‘inib ketdim-ku.
– Aya, uni nega uyga oldingiz?
– Sekin, bolam. Uyat bo‘ladiya.
Ko‘chaga otilib chiqdim. Yig‘lab anhor bo‘yiga keldim. Qancha o‘tirganimni bilmayman. Akam keldi.
– Orzu, shu yerda bo‘lsang kerak deb o‘ylagandim. Qani, yur. Obinovvot olib keldim. Nima yeging kelyapti? Nima olib kelay?
– Hech nima. Buvimni uydan quvib yuboring.
– Menga ham biznikiga kelgani yoqmaydi. Ayamga yo‘q deya olmadim. Orzu, ayamga so‘z bergandik. Esingdadir. Qo‘yaver, u yomon bo‘lsa, biz ham yomon bo‘lmaylik. Arzandalarining qo‘lida xor bo‘lgani yetar. Biz ham turtib nima baraka topamiz.
– Aka, boravering. Birpasdan keyin boraman...
Qadrdonim, bu maktub bugun messenjer sahifamga keldi. Orzu nima qilishimni maslahat berasiz deb so‘rabdi. Shunday javob berdim.
«Orzu, go‘zal qizim. Alloh bizning qanchalab gunohlarimizni kechiradi. Biz uning quli, bandasi bo‘lib bir-birimizni kechirmasak bo‘lmasa kerak.
Onangizni jannat hovlisini supurayotgan oppoq libosli farishtaga o‘xshatdim. Siz ham u savoblardan bebahra qolmang», degan bo‘lardim.
Sabo Marufjonovaning facebook sahifasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter