Buxoro cho‘lida talonchilar qo‘lga olindi
Buxorodagi Gazli cho‘l massivida dizel yoqilg‘isini talon-taroj qilgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat sudi sudyasi Zavqiddin Qurbonov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Gazli shaharchasida joylashgan Gazli cho‘l massivi hududidagi «Enter Engineering» kompaniyasining maxsus texnikalar yig‘ib qo‘yiladigan manzilida talonchilik jinoyati sodir etilgan.
«Romitan tuman markazidan 70-80 kilometrcha masofa olisda joylashgan bu hududda «uchar» fuqarolar yoqilg‘i ishlab chiqarilishidan xabardor. Ayniqsa, tanish-bilish topilsa, dizel yoqilg‘isi yoki solyarka juda arzon narxga tushishi mumkin, deb o‘ylashadi. Biroq, o‘zaro jinoiy til biriktirgan romitanlik 30 yoshli S.M., 37 yoshli Sh.B. hamda 42 yoshli J.A.larning hatti-harakatlari qimmatga tushdi»,—deydi sudya.
Ma’lum bo‘lishicha, ular joriy yilning avgust oyining so‘nggi kunida soat taxminan 23:00 larda avvaldan o‘zlariga tanish bo‘lgan «To‘palang» MChJ bazasida haydovchi bo‘lib ishlab kelayotgan S.Y.ga dizel yoqilg‘isini sotib olish uchun borishayotganini aytishgan. Biroq, S.Y. e’tirozini aytib, bunday jinoyatga qo‘l urmasligini qat’iy bildirgan. S.M., Sh.B. hamda J.A.lar esa S.Y.ning e’tiroziga qaramay, dizel yoqilg‘isini o‘g‘irlash rejasini tuzib, uzoq yo‘lga chiqishgan.
Tun yarmida gaz quvurlarini montaj qilish ishlarini bajarayotgan maxsus texnikalar yig‘ib qo‘yilgan manzilga yetib borishgan. U yerda S.Y. boshqaruvida bo‘lgan «UAZ» rusumli avtomashinasi, «XCM» rusumli ekskavator va «DAIFENG» rusumli «truboukladchik» maxsus texnikalarning dizel yoqilg‘isini yashirin ravishda talon-toroj qilishga tushishgan. Ularning qilmishini mazkur texnikalarni qo‘riqlayotgan kompaniya ishchisi S.Y. sezib qolgan. Ularni to‘xtatmoqchi bo‘lib, voqea joyiga yetib kelganida, S.M. J.A. hamda Sh.B. larning qarshiligiga uchragan. Uchovlon S.Y.ning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatishgan. Qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘ygan ko‘yi jami 3 310 285 so‘mlik 395 litr dizel yoqilg‘isini ochiqdan-ochiq talon-taroj qilib, hodisa joyidan yashirinib, talonchilik jinoyatini sodir qilishgan.
Sudlanuvchi S.M. hamda B.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 166-moddasi (Talonchilik), 2-qismining «a, v» bandlari qo‘llanilib, besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. J.A. esa Jinoyat kodeksining 62-moddasi (Dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari) bilan aybli, deb topilib, unga nisbatan to‘rt yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter