Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 28 yoshli ayol bolasini urib o‘ldirib qo‘ydi (video)

Buxoro shahridagi «Gulshan» mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida ijarada yashab kelgan 28 yoshli Sh.R. o‘zining 3,5 yoshli o‘g‘lini urib unga tan jarohati yetkazgan va oqibatda bola vafot etgan.

«Xabar.uz» muxbirining jinoyat sodir bo‘lgan mahallada bo‘lib, qo‘shnilar hamda mahalla faollari bilan olib borgan suhbatlarida ayon bo‘lishicha, fuqaro Sh.R. o‘g‘li bilan ushbu ko‘p qavatli uydagi xonadonlarning birida joriy yilning yanvaridan boshlab ijarada yashab kelgan. Turmush o‘rtog‘i Rossiya Federatsiyada ishlab yurgan.

Qo‘shnilarining guvohlik berishicha, ayol doim o‘zini sipo va odamovi tutgan, biroq yon qo‘shnilari uni o‘g‘lini urmaslik haqida ko‘p bora ogohlantirib kelgan.

«O‘sha ayol ijarada yashaydigan ko‘p qavatli uyning qarshisidagi «dom»da yashayman. Biror marotaba ko‘rmaganman va uchratmaganman uni. Qotillik sodir bo‘lgandan keyin voqeani aytishdi. Bunday badbaxt ayolni qamash kerak, og‘ir jazo berish kerak», - deydi qo‘shnilaridan biri.

Yana bir qo‘shni esa ayolning bolasini urishi holatlari oxirgi paytlarda paydo bo‘lib qolganini aytadi.

«Men u bilan eng yaqin qo‘shniman. Ammo, biror marotaba yuz ko‘rsatmagan. Bir necha oy ilgari faqat ortidan ko‘zim tushgan, bolasini bolalar bog‘chasiga yetaklab borayotganida. U g‘alati va odamovi edi. Xuddiki hammadan berkinib yurgandek. Men o‘zbek ayollariga xos odat shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Hech qachon uni birov yo‘qlab kelmas va eshigini ochmas ham edi. Erini esa ko‘rmaganman. Ammo, negadir, keyingi paytlarda  bolasini ko‘p uradigan, kaltaklaydigan odat chiqargandi. Bola eshikkacha tirmashib kelardi. «Bir necha bor eshikni och, och eshikni, urma, bolani!» deya eshigini taqillatganman. Ochmas edi. Shunday kunlarning birida bexosdan bolaga ko‘zim tushdi. U juda nimjon, ozg‘in, rangi oppoq edi. Uch yarim yoshli bolaga o‘xshamas edi. Balki, ochlikdan shunday bo‘lgan, doim yig‘lagan. Onasi esa doim urgan», – deydi u.

Darvoqe, norasida bolaning o‘limi sodir bo‘lgan bu xonadonning atrofidagi ko‘pchilikning holatdan xabari bo‘lgan, ko‘rgan va eshitgan. Bolaga g‘oyibdan hamdard ham bo‘lishgan, biroq…

Biroq, nega biror mard chiqib bu haqda tegishli tashkilotlarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan?..

Eng achinarlisi va qo‘rqinchlisi esa ushbu ayol bundan avval ham 5 yoshli farzandini xuddi shu ko‘yga solgani, kaltaklari ostida o‘ldirib qo‘ygani edi. Ma’lum bo‘lishicha, Sh.R. muqaddam ham sudlangan bo‘lib, u 5 yoshli farzandiga qasddan og‘ir shkast yetkazib, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun qamalgan. Ushbu jinoyat ishini sud JKning 104-moddasi 3-qismi bilan ko‘rib chiqqan va qilmishidan pushaymonligi va qaramog‘ida 1 yoshli farzandi bo‘lgani vajidan unga yengilroq jazo tayinlagan. Eng achinarlisi esa, avvalgi jinoyati uchun berilgan jazo muddati tugmasdan turib, ayol ikkinchi jinoyatga qo‘l urgan.

Mahallada har bir xonadon bilan ishlanayotgani haqida bong urayotgan «sektor»dagilar, «mahalla yettiligi» qani? Ular bolaning o‘limiga qadar nega tomoshabin bo‘lib turishdi? Oldingi jinoyatidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan, jazo muddati hali tugamagan ayol nega nazoratda bo‘lmagan? Va so‘nggi savol: vaziyatni shu holatga qadar «pishib yetilishi»ga nimalar sabab bo‘ldi? O‘lim sodir bo‘lgan oilaning qanday muammolari bor edi?.. 

«Ayolning avvalgi jinoyatidan ham xabarimiz bor. Doimiy nazoratimizda bo‘lgan. Mahalla xotin-qizlar faoli Sh.R.ning xonadonida ko‘p bor bo‘lgan. Hudud inspektori ham u bilan profilaktik ishlar olib borgan. Farzand tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga, unga mehribon va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirgan. To‘g‘risi, u juda ma’suma va sodda tutardi o‘zini. Uning yurish-turishi va muomalasini avvalgi jinoyatidan pushaymonlik, deb tushunganmiz. Erining Rossiyada ekanini bildirganidan so‘ng yolg‘iz o‘zi voyaga yetmagan farzandi bilan qiynalib qolmasligi uchun moddiy yordamlar berganmiz. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan juda ko‘p marta ta’minlaganmiz. Har oy bola nafaqasini olib kelgan. Ijara uyi to‘lovini qoplash maqsadida pullar ham ajratilgan. Afsuski, g‘aflatda qolibmiz», - deydi «Gulshan» mahallasi raisi Xurshid Jabborov.

Xurshid Jabborov tomonidan tahririyatga taqdim etilgan fuqaro Sh.R.ga berilgan ko‘mak va yordam pullari qayd etilgan hujjatlarda haqiqatan ham aybdorning doimiy ta’minlanib kelinganini ko‘rish mumkin.

Aybdorning boshqa qo‘shnilari  bilan ham uning odamovi va hech kim bilan gaplashmasligini tasdiqlashdi. Hatto, ayrimlari ilgari ham qotillikka qo‘l urgani haqida eshitishmaganini so‘zlashdi.

«Uchinchi qavatdan ko‘proq kechqurunlari bolaning yig‘lagan ovozi eshitilar edi. Biz bola injiq yoki betob bo‘lsa kerak, deb o‘ylardik. Bu qadar vahshiylikka borishi haqida xayolimizga ham kelmagan ekan. Afsus, afsus qilyapmiz endi» - deydi keyingi qo‘shnilar ham.

Voqea sodir bo‘lgan kuni Sh.R.ning o‘zi mahalla xotin-qizlar faoliga qo‘ng‘iroq qilib, bolasini urib o‘ldirib qo‘ygani haqida xabarni yetkazgan.

O‘sha kuni ayolni qo‘lga olish tadbirida ishtirok etgan xodimlardan birining guvohlik berishicha, ayol bolasini tungi soat 01:00 larda urib, kaltaklaganini tan olgan.

Shifokorlarning aytishicha, bola taloq yorilishi oqibatida, chamasi, ikki soatcha qiynalgan va soat 03:00larda jon bergan.

Guvohning qo‘shimcha qilishicha, tadbir paytida ayol o‘zini juda g‘ayritabiiy tutgan va tinmay bolasini o‘ldirib qo‘ygani, endi qamalishi haqida gapirgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan joriy yil 4-oktyabr kuni Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan ayolga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u himoya huquqi ta’minlangan holda JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Laylo Hayitova,
Xabar.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring