Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 36 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi

Buxoroda 36 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati IIB boshlig‘i tomonidan 2022-yil 12 oyi mobaynida viloyatda ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikning oldini olish va bu borada amalga oshirilgan ishlar tahlili yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Boshqarma boshlig‘i o‘tgan yil davomida o‘z ishiga loqayd bo‘lgan 36 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilganini bildirdi, deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Bildirilishicha, 2022-yil davomida viloyatda 5 175  ta jinoyatlar qayd etilgan.

«2021-yilga nisbatan jinoyatlar soni 92 taga, ya’ni 1,8 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar (3 415  ta) esa 200  taga yoki 5,5 foizga kamaygan. Erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, viloyat hududini jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish borasida ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Jumladan, og‘ir tan jarohati yetkazish 6 taga, nomusga tegish 3 taga, tovlamachilik jinoyati 4 taga, bosqinchilik 4 taga, bezorilik jinoyati 20 taga, avtotransport vositasini olib qochish holati  9 taga ko‘paydi. O‘rganuvlarga ko‘ra, jinoyatlar salmog‘i oshgan hududlarda soha xodimlarining o‘z ishiga befarq va mas’uliyat bilan yondoshmagani oqibatida yuzaga kelgan», — dedi viloyat IIB boshlig‘i Shuhrat Aliyev.

Ma’lumotga ko‘ra, 2022-yil davomida viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining hatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, jami 216 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 38 tasi o‘z tasdig‘ini topib, xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rilgan. 8 nafariga «Hayfsan», 20 nafariga «Tanbeh», 1 nafariga lavozim maoshidan ushlab qolish intizomiy jazolari qo‘llanilib, 9 nafar xodimlar intizomiy kengashlarda muhokama qilingan.

«Bundan tashqari, 214 nafar xodimga nisbatan turli ko‘rinishdagi intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi. 105 nafar xodimga «Tanbeh»,  57 nafariga «Hayfsan», 29 nafariga «Qattiq hayfsan», 6 nafar xodimga oylik maoshidan saqlash, 2 nafar xodimga maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish, 2 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod qilish intizomiy jazosi qo‘llanildi. 3 nafar xodimga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Salbiy holatlarga ko‘ra 36  nafar xodimlar ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi»,— dedi Shuhrat Aliyev.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tarkibiy tuzilmalarida 17 taga, Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda Tergov xizmati tarkibiy tuzilmalarida  Xizmat intizomini buzish holatlari 10 taga  oshgan. Jami 90 nafar xodim esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

«Viloyatning qator hududlarida 8 mingdan ortiq aholi bilan ishlaydigan profilaktika inspektorlarimiz bor. Ularning jismonan ulgurmasligini inobatga olib, shunday hududlarda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan yana bittadan profilaktika inspektorlari shtatini tashkil qilish choralarini ko‘ryapmiz. Respublika Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, 8 mingdan ortiq aholi yashaydigan hududlarda ikki nafardan profilaktika inspektorlari xizmat ko‘rsatishadi»,—dedi boshqarma boshlig‘i.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring