Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda eshakning quloqlari shafqatsizlarcha kesib tashlandi. Jonivor uch kun azoblanib, so‘ng o‘lgan

Buxoroda eshakning quloqlari shafqatsizlarcha kesib tashlandi. Jonivor uch kun azoblanib, so‘ng o‘lgan

Peshko‘da eshak quloqlarini kesib tashlagan shaxs hatti-harakati yuzasidan ish ochildi.

Buxoro viloyati, Peshko‘ tumani, Turkiston MFY, Tegirmonchi qishlog‘ida yashovchi Umid Allayev hamqishlog‘i Jamshid Xudoyqulovga tegishli bo‘lgan eshakning quloqlarini shafqatsizlarcha kesib tashlagan.

«Xabar.uz» muxbirining aniqlik kiritishicha, quloqlari tagidan kesib tashlangan eshak o‘lgan.

«Bundan olti oy ilgari hamqishlog‘im Umid Allayev hech sababsiz aynan shu eshagimning dumini kesib tashlab, shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgan edi. Insoniylik jihatdan nega bunday qilganini so‘raganimda, «Men xohlagan ishimni qilaman, qayerga murojaat qilsang qil. Qo‘lingdan hech narsa kelmaydi», deya iddao qilgan. Yomonlik hammaning qo‘lidan keladi. Biroq, hamqishloqlik andishasini saqlab, gapirmagandim. Uch kun oldin esa shundoq tomorqa yerimizga yaqin jiyak (chel)da bog‘liqlik eshagimizning ikki qulog‘ini ham tagidan kesib, o‘ta shafqatsizlik qilibdi. Eshagimiz juda ko‘p qon yo‘qotdi. Muolajalarimiz, qilgan dori-malhamlarimiz xayf ketdi. Uch kunda quloqlari qurtlab ketib, uchinchi kun kechqurun o‘ldi. Ro‘zg‘orimizni tortib turgan shu eshak edi. Kimdir «e-e, bir eshak-da», der. Ammo, hayvon tilsiz bo‘lgani bilan uning ham joni bor... Bu gal hamqishlog‘imga belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rayman», - dedi Jamshid Xudoyqulov.

Holat yuzasidan jurnalist o‘rganuviga ko‘ra, Umid Allayev uzoq yillardan buyon eshak oldi-sottisi bilan shug‘ullanib kelgan. Uning odamlardan eshaklarni olib, ularni bir joyga to‘plab, sotishidan ko‘pchilik xabardor bo‘lgan.

«Umid Allayev bir necha marotaba uylanib, ajrashgan. Kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida turadi. O‘tgan yil vaqtincha jamoatchilik ishlariga jalb qilingan edi. Haqiqatan Umid Allayev bugungi kunda qishloqlardan eshak to‘plab, sotadi. Ko‘pchilik odamlar sotib berishi uchun eshagini olib keladi. Ammo, 20-30 talab eshaklarni to‘plab, qayerga olib borayotgani haqida menda ma’lumot bergani yo‘q», deydi mahalla raisi Muxlisa Jabborova.

Mahalla raisining qarashicha, bu ham tirikchilikning, qolaversa, tadbirkorlikning bir ko‘rinishi. Qiziq, eshak oldi-sottisi bilan shug‘ullanish qonunda belgilanmagan tartibda tadbirkorlikning bir ko‘rinishi ekan, unda mahalla mas’ullari nega 20-30 talab eshaklarning aynan qayoqqa olib ketilishi bilan hech qiziqishmagan. Beixtiyor keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda yashirin ravishda eshaklarning so‘yilib, go‘shtlarining sotilayotgani xususidagi xabarlar ko‘z oldingizda gavdalanadi.

«Umid Allayev 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan ayblanib, jazo muddatini o‘tab qaytgan. Ayni paytda tirikchilik uchun xuddi mol savdosidek eshak savdosi bilan shug‘ullanadi. Bu savdo bilan shug‘ullanadigan fuqarolarda qonunda javobgarlik masalasi yo‘q.  Lekin men ham fuqaroning eshaklarni to‘plab, qayerga olib borib, sotishidan xabardor emasman. Uning qo‘shnisining eshagi qulog‘ini shafqatsizlarcha kesib tashlab, eshakning o‘limiga sababchi bo‘lganini kechqurun eshitdim. Uning hatti-harakati yuzasidan ish boshladik. Bevosita Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasi bilan javobgarlik masalasi belgilangan. Taraflarni chaqirib, holat bo‘yicha aniqlik kiritib, unga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. Bu haqda ma’lum qilamiz», deydi hudud profilaktika inspektori Nasim Bog‘iyev.

Ma’lumot o‘rnida: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish)ga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish - bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa - bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring