Buxoroda noqonuniy qo‘shxotinli erkak 15 sutkaga qamaldi

Voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun aliment to‘lovidan qochib, uchinchi xotin bilan ham noqonuniy yashab kelayotgan shaxsga sud hukmi o‘qildi.
Mazkur sud ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi sudyalari Malik Boboyev hamda Ulug‘bek Jo‘rayevlar tomonidan ko‘rib chiqilgan. Holatga ko‘ra, Romitan tumanida tug‘ilgan 33 yoshli A.N.Buxoro shahrida yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. U hech qanday qonuniy nikohlarsiz turli yillarda ikki xotin bilan yashagan. O‘zaro kelishmovchilik oqibatida har ikkisi bilan ham ajrashgan. A.N. 2017 yildan buyon fuqaro M.S. bilan o‘rtalaridagi bir nafar farzandining ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan bo‘lsa-da, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi qaroriga bo‘yicha hisoblangan 11 144 273 so‘m miqdoridagi pullarni qasddan to‘lamay kelgan.
Xuddi shuningdek, u fuqaro O.A. bilan ham otalikni belgilagan holda yashab kelgan. O‘rtalaridagi voyaga yetmagan bir nafar farzandining ta’minoti uchun sud qarori bilan chiqarilgan jami 9 972 693 so‘m aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.
A.N.ning xatti-harakatlaridagi huquqbuzarlik Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Va sud-tergov ishlari davomida A.N.ning ayni paytda uchinchi xotin bilan ham noqonuniy tarzda yashab kelayotgani ochiqlangan. Sud qarori bilan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi 1-qismi sanksiyasida nazarda tutilgan ma’muriy qaqamoqqa olish jazosi tayinlangan. Huquqbuzarga nisbatan shu modda bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
«Huqubuzarning qamoq jazosini o‘tashi uning aliment qarzdorliklarini to‘lashdan «ozod» etadi, deganimas. U qamoq jazosini o‘tashga ham, voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment qarzdorliklarini to‘lashga ham majbur»,-dedi Malik Boboyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter