Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ota o‘z buyragini farzandiga berdi

Buxoroda ota o‘z buyragini farzandiga berdi

Foto: SSV matbuot xizmati

Kuni kecha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida poytaxtdan borgan bir guruh transplantolog mutaxassislar hamda mahalliy shifokorlar ishtirokida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Sakkiz soat davom etgan murakkab operatsiya natijasida  kogonlik 31 yoshli S.Safarovga 62 yoshli otasi X. Safarovning ishlab turgan bir buyragi ko‘chirib o‘tkazildi. Hozir har ikki bemorning ham ahvoli yaxshi.

— Ko‘z oldingda jondan aziz farzandingni darddan so‘lib borayotganini ko‘rish eng og‘ir sinov, — deydi X. Safarov. — Ayniqsa, o‘g‘limning bir necha yil ushbu kasallikdan azob chekkanini o‘ylasam, yuragim og‘riydi. Nasib bo‘lsa, ushbu operatsiyadan keyin farzandim yana sog‘lom hayotga qaytadi. Buning uchun shifokorlardan behad minnatdorman.

Mazkur jarrohlik amaliyotiga boshchilik qilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi, malakali xirurg Po‘lat Sultonovning ta’kidlashicha, 31 yoshli ushbu bemor bir necha yil gemodializ muolajasi yordamida davolanib kelgan. Ayni vaqtga kelib, tashxis terminal bosqichga o‘tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti tavsiya etilgan.

Hozir bemor transplantolog mutaxassislar tibbiy kuzatuvi ostida bo‘lib, uning buyrak faoliyati tiklanishida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, unga donorlik qilgan otasi X.Safarovning salomatligi ham kundan kun yaxshilanib boryapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring