Buxoroda tilla qumiga o‘chlar soni oshib bormoqda. Ular bir-birlariga hujum uyushtirishyapti
Avvalroq, Buxoroda tarkibida tilla kukuni bo‘lgan tosh va qumdan tilla zarrachalarini ajratib olib, uni qayta ishlab, oltin holatiga keltirishga mo‘ljallangan yashirin korxonalar faoliyat olib borayotgani xususida xabar berilgan edi.
Ular faoliyatini cheklash yuzasidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramay, tilla qumga o‘chlar soni oshib bormoqda.
«Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, qator hududlarda ijtimoiy tanglikning kuchayishi, jumladan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olishning davom etayotgani bilan bog‘liq kriminogen holatlar oshib bormoqda», – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov «Xabar.uz»ga.
Ta’kidlanishicha, noqonuniy ravishda qimmatbaho metallarni qazib olish holatlar salbiy tus olgan bo‘lib, ularning yashirincha aylanishi va chet elga olib chiqib ketilish holatlari ham kuzatilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, yer qa’ri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulida qazib olish bilan shug‘ullanishga ruxsat etilmaydi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, noqonuniy ravishda «tilla qumi yuvish bilan shug‘ullanuvchi» shaxslar soni Shofirkon tumanida oshib bormoqda. Bu, albatta, ushbu tumanning eng chekka cho‘l kengliklari Navoiy viloyatiga juda yaqin masofada joylashgani bilan bog‘liq. Ma’lumki, «Navoiy tog‘-kon metallurgiya» kombinati tarkibida tilla kukuni bo‘lgan katta miqdordagi bunday qum uyumi va toshlarni Zarafshon cho‘l tizmasining belgilangan hududida to‘plab boradi. Bu qum va toshlar tog‘i kelajakda tarkibidan tilla ajratib olish va yana qayta ishlov berishga mo‘ljallangan.
«Tilla qumiga o‘chlar esa qonunlarni mensimay, bosqinchilik jinoyatini sodir etishmoqda. O‘zining ustomonligi bilan qonunlarimizni chetlab o‘tib, tekin daromad orttirishni niyat qilgan shaxslar qo‘lga olinishini, qilayotgan hatti-harakati qonunga zidligini bilib turib ham bu yo‘ldan qaytmayotgani ancha tashvishli hol», — deydi Shuhrat Jalolov.
Shofirkon tumanidagi «Denov» mahallasida yashovchi 32 yoshli A.Sh. ismli shaxs o‘z mahalladoshlari: Buxoro davlat universitetining 3-bosqich talabasi S.S. hamda O.I. lar jinoiy guruh tuzib, o‘zaro til biriktirgan holda boshqa bir jinoiy guruhga hujum qilishni ko‘zlashgan. Va shu yo‘l bilan ikkinchi jinoiy guruhga tegishli bo‘lgan tarkibida tilla kukuni bo‘lgan qumlarni tortib olishni rejalashtirishgan.
Ular tungi taxminan soat 04:00 larda shu mahalladagi X.O. ning uyiga devor oshib kirishgan. Hovlisining ayvonida noqonuniy ravishda tarkibida tilla zarrachalari bo‘lgan qumlarni yuvayotgan, 1-sonli kasb-hunar maktabining o‘quvchisi, 17 yoshli voyaga yetmagan N.Sh.ning ustiga bostirib kirishgan. Tanasining turli joylariga urib, jarohat yetkazib, unga tegishli umumiy qiymati taxminan 10.000.000 so‘mlik tarkibida tilla zarralari bo‘lgan qumlarni bosqinchilik yo‘li bilan olib, voqea joyidan yashirinishgan.
Holat yuzasidan Shofirkon tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Va bu bosqinchi to‘da tarkibida 4 nafar gumonlanuvchi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
«Ushbu ko‘ngilsiz voqea sabab tumanning barcha hududlari jiddiy o‘rganildi. IIB xodimlari, viloyat Elektr tarmoqlari unitar korxonasi, Ekologiya va Sog‘liqni saqlash boshqarmalaridan mutaxassislar jalb etildi. 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida mavjud 3420 ta xonadonlarning barchasi xatlovdan o‘tkazildi. 17 ta noqonuniy tilla yuvish yashirin sexlari ishlab kelayotgani aniqlandi. Buning evaziga 128 marotaba obodonlashtirish qoidalari buzilgan. 70 ta noqonuniy gaz va elektr energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq hamda 325 ta boshqa turdagi ma’muriy huquqbuzarlik holatlari sodir etilgani ochiqlandi. Ularga nisbatan 67.078.000 so‘m miqdorida jarimalar belgilanib, belgilangan jarimalarning 20.201.500 so‘mi davlat foydasiga undirildi. Mahallalardagi tilla qumlarini tashish imkoniyatiga ega, qum tashish uchun qayta jihozlangan va texnik ko‘rikdan o‘tmagan jami 32 ta avtomashinalar jarima maydonchasiga joylashtirildi», — dedi Shuhrat Jalolov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter